Levilar 14
14
14–BOB
Teri kasalligidan forigʻ boʻlgan odamning poklanishi
1Egamiz Musoga 2xasta odamning poklanish marosimiga oid quyidagi qoidalarni berdi: teri kasalligidan#14:2 teri kasalligi — bu ibora ibroniychada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan soʻzning tarjimasidir. 13:2 ning birinchi izohiga qarang. forigʻ boʻlgan odamni ruhoniyning oldiga olib keling. 3Ruhoniy uni qarorgohdan tashqarida koʻrsin. Agar oʻsha odam haqiqatan ham kasalligidan forigʻ boʻlgan boʻlsa, 4ruhoniy uni poklash uchun ikkita halol tirik qushni, sadr yogʻochini, qirmizi ipni va bir tutam issop oʻtini#14:4 issop oʻti — bu oʻrindagi ibroniycha soʻz mayda koʻk gulli, barglari muattar hidli oʻsimlikni bildiradi. keltirsin. 5Ruhoniyning amriga binoan qushlarning bittasi yangi buloq suvi solingan sopol idish ustida boʻgʻizlansin. 6Soʻng ruhoniy tirik qushni, sadr yogʻochini, qirmizi ipni va issopni olib, buloq suvi ustida boʻgʻizlangan qushning qoniga botirsin. 7Keyin qonni teri kasalligidan poklanadigan odamning ustiga yetti marta sepsin. Ruhoniy oʻsha odamni pok deb eʼlon qilsin va tirik qushni dalaga qoʻyib yuborsin. 8Poklanadigan odam kiyimlarini yuvsin. Hamma sochini qirib tashlab, yuvinsin, shunda u pok boʻladi. Shundan keyin u qarorgohga kirsin, lekin yetti kun davomida chodirining tashqarisida yashasin. 9Yettinchi kuni u yana sochini, soqolini, qoshlarini va hamma tuklarini qirsin. Soʻng kiyimlarini yuvib, oʻzi ham yuvinsin, shunda u pok boʻladi.
10Sakkizinchi kuni u ikkita nuqsonsiz qoʻchqor qoʻzini va bitta bir yoshli nuqsonsiz urgʻochi qoʻzini, don nazri sifatida zaytun moyi qoʻshilgan oʻn ikki kosa#14:10 oʻn ikki kosa — ibroniycha matnda efaning oʻndan uch qismi, taxminan 6 litrga toʻgʻri keladi. sifatli unni va bir kosa#14:10 bir kosa — ibroniycha matnda bir loʻg, taxminan 300 millilitrga toʻgʻri keladi. Shu bobning 12, 15, 21, 24–oyatlarida ham bor. zaytun moyini olib kelsin. 11Poklanish marosimini olib borayotgan ruhoniy poklanadigan odamni va uning olib kelgan qurbonligu nazrlarini Egamizning huzuriga, Uchrashuv chodiri kiraverishiga qoʻysin. 12Soʻng qoʻzining bittasini bir kosa zaytun moyi bilan birga ayb qurbonligi sifatida keltirsin. Oʻsha narsalarni Egamizga bagʻishlaganini koʻrsatib, yuqoriga koʻtarsin. 13U qoʻzini muqaddas joyda, gunoh qurbonligi va kuydiriladigan qurbonlik boʻgʻizlanadigan joyda soʻysin. Ayb qurbonligi gunoh qurbonligi singari, ruhoniyga tegishlidir. Bu qurbonlik nihoyatda muqaddasdir. 14Ruhoniy ayb qurbonligining qonidan olib, poklanayotgan odamning oʻng qulogʻi solinchagiga#14:14 solinchak — quloqning pastki yumshoq qismi., oʻng qoʻlining bosh barmogʻiga va oʻng oyogʻining bosh barmogʻiga surtsin. 15Soʻng kosadagi zaytun moyidan olib, oʻz qoʻlining chap kaftiga quysin. 16Oʻng qoʻlining barmogʻini chap kaftidagi zaytun moyiga botirib, yetti marta Egamizning huzurida sachratsin. 17Chap kaftida qolgan zaytun moyidan poklanayotgan odamning oʻng qulogʻi solinchagiga, oʻng qoʻli bosh barmogʻiga va oʻng oyogʻi bosh barmogʻiga — ayb qurbonligining qoni surtilgan joyga surtsin. 18Ortib qolgan moyni esa poklanayotgan odamning boshiga surtsin. Shu yoʻsin, ruhoniy Egamizning huzurida poklanish marosimini oʻtkazsin.
19Keyin ruhoniy gunoh qurbonligini keltirib, poklanish marosimini oʻtkazsin. U kuydiriladigan qurbonlikni soʻyib, 20don nazri bilan birga qurbongoh ustida kuydirsin. Ruhoniy shu yoʻsin poklanish marosimini oʻtkazsin, shunda kasallikdan forigʻ boʻlgan odam pok boʻladi.
21Bordi–yu, u odam kambagʻal boʻlib, bularni qurbonlik qilishga qurbi yetmasa, u poklanishi uchun yuqoriga koʻtariladigan ayb qurbonligi sifatida bitta qoʻchqor qoʻzini, don nazri uchun zaytun moyi qoʻshilgan toʻrt kosa#14:21 toʻrt kosa — ibroniycha matnda efaning oʻndan bir qismi, taxminan 2 litrga toʻgʻri keladi. sifatli unni va bir kosa zaytun moyini olib kelsin. 22Bulardan tashqari, imkoniyatiga koʻra, ikkita kaptarni yoki ikkita musichani olib kelsin. Biri gunoh qurbonligi, ikkinchisi kuydiriladigan qurbonlik uchundir. 23U shu narsalarni sakkizinchi kuni poklanish uchun Uchrashuv chodiri kiraverishiga, Egamizning oldiga olib kelib, ruhoniyga bersin. 24Ruhoniy ayb qurbonligi uchun keltirilgan qoʻzini va bir kosa zaytun moyini olib, Egamizga bagʻishlaganini koʻrsatish uchun Egamizning huzurida yuqoriga koʻtarsin. 25Soʻng qoʻzini soʻysin, qonidan olib, poklanayotgan odamning oʻng qulogʻi solinchagiga, oʻng qoʻlining bosh barmogʻiga va oʻng oyogʻining bosh barmogʻiga surtsin. 26Keyin ruhoniy chap qoʻlining kaftiga zaytun moyidan quysin. 27Oʻng qoʻlining barmogʻi bilan oʻsha moyni yetti marta Egamizning huzurida sachratsin. 28Soʻng qoʻlidagi moydan poklanayotgan odamning oʻng qulogʻi solinchagiga, oʻng qoʻlining bosh barmogʻiga va oʻng oyogʻining bosh barmogʻiga — ayb qurbonligining qoni surtilgan joyga surtsin. 29Qoʻlidagi ortib qolgan moyni poklanayotgan odamning boshiga surtsin. Shu yoʻl bilan ruhoniy poklanish marosimini oʻtkazsin. 30Soʻng ruhoniy kaptarlarni yoki musichalarni qurbon qilsin. 31Bittasini gunoh qurbonligi, ikkinchisini kuydiriladigan qurbonlik qilib, don nazri bilan birga keltirsin. Shu yoʻsin, ruhoniy Egamizning huzurida poklanish marosimini oʻtkazsin. 32Bu qoidalar teri kasalligidan forigʻ boʻlgan, lekin poklanish marosimi uchun kerakli qurbonliklarni keltirishga qurbi yetmagan odam uchundir.
Uylardagi mogʻor
33Egamiz Muso va Horunga 34mogʻor bosgan uylarga oid quyidagi qonunlarni berdi: Egamiz sizlarga mulk qilib beradigan Kanʼon yurtiga borganingizdan keyin sizlarga qarashli yurtdagi uyni mogʻor bostirishi mumkin. 35Shunda xonadon sohibi ruhoniyning oldiga borib: “Uyimni mogʻor bosganga oʻxshaydi”, — deb aytsin. 36Uydagi narsalar harom deb eʼlon qilinmasligi uchun, ruhoniy mogʻorni koʻrishga kirishdan oldin, uydagi hamma narsalarni chiqartirishni buyursin. Shundan soʻng uyni koʻzdan kechirish uchun ichkariga kirib, 37mogʻor bosgan devorlarni koʻrsin. Agar mogʻorning koʻkimtir yoki qizgʻish dogʻlari boʻlib, devorga chuqur botib kirgan boʻlsa, 38ruhoniy tashqariga chiqib, uyni yetti kunga berkitib qoʻysin. 39Yettinchi kuni ruhoniy qaytib kelib, uyni yana koʻrsin. Agar mogʻor devorga yoyilib ketgan boʻlsa, 40ruhoniy mogʻor yoyilgan devordagi toshlarni koʻchirtirib, shahar tashqarisidagi harom joyga olib borib tashlashni buyursin. 41Soʻng uy ichkarisidagi devorlarning suvogʻini koʻchirtirib, shahar tashqarisidagi harom joyga chiqartirib tashlatsin. 42Koʻchirib olingan toshlar oʻrniga boshqa toshlar qoʻydirib, uyning ichini yangidan suvoq qildirsin. 43Agar shundan keyin ham uyni mogʻor bossa, 44ruhoniy kelib uyni koʻrsin. Mogʻor devorlarga yoyilgan boʻlsa, bu yoyiladigan zamburugʻdir. Uy harom hisoblanadi. 45Uy buzib tashlansin, uning tosh, yogʻoch va suvogʻini shahar tashqarisidagi harom joyga olib chiqib tashlashsin. 46Uy yopiq paytida u yerga kirgan har qanday odam kechgacha harom hisoblanadi. 47Oʻsha uyda uxlagan yoki u yerda ovqatlangan har qanday odam kiyimlarini yuvsin.
48Bordi–yu, uy yangidan suvoq qilingandan keyin ruhoniy kelib, uyni koʻrganda devorlarni mogʻor bosmagan boʻlsa, ruhoniy uyni pok deb eʼlon qilsin. Mogʻor yoʻq boʻlgan boʻladi. 49Uyni poklash uchun ruhoniy ikkita qushni, sadr yogʻochini, qirmizi ipni va bir tutam issop oʻtini olsin. 50Qushning birini sopol idishdagi yangi buloq suvi ustida soʻysin. 51Soʻng sadr yogʻochini, issop tutamini, qirmizi ipni va tirik qushni olib, ularni buloq suvi ustida boʻgʻizlangan qushning qoniga botirsin–da, uyga yetti marta sepsin. 52Shu yoʻl bilan uyni poklagandan keyin, 53tirik qushni shahar chekkasiga olib chiqib, dalaga qoʻyib yuborsin. Shu tariqa ruhoniy uy uchun poklash marosimini oʻtkazsin, shunda uy pok boʻladi.
54Teri kasalligiga va yoyiladigan zamburugʻlarga oid qoidalar shulardir. Bu qoidalar teridagi qichitmaning, 55uy va kiyimlardagi mogʻorlarning, teridagi shish, toshma yoki dogʻlarning 56halol yoki harom ekanligini bilish uchun xizmat qiladi.
Xullas, teri kasalligi va yoyiladigan zamburugʻlarga oid qoidalar shulardan iborat.
Currently Selected:
Levilar 14: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020