YouVersion Logo
Search Icon

Levilar 13

13
13–BOB
Teri kasalligi haqida qonun
1Muso va Horunga Egamiz quyidagi qonunlarni berdi: 2agar birortasining badanida teri kasalligiga#13:2 teri kasalligi — bu ibora ibroniychada har xil teri kasalliklariga nisbatan ishlatilgan soʻzning tarjimasidir. Odatda bu ibora moxov kasalligiga ishora deb tushuniladi. Teri kasalliklaridan birortasiga yoʻliqqan kishi harom hisoblanar edi. Xasta odam kasalligini boshqalarga yuqtirmasligi va ularni harom qilmasligi uchun, boshqalardan ajratib qoʻyilar edi (Shu bobning 45-46–oyatlariga qarang). aylanishi mumkin boʻlgan shish, toshma yoki dogʻ paydo boʻlsa, oʻsha odamni ruhoniy Horun yoki uning oʻgʻillaridan#13:2 uning oʻgʻillari — yoki uning nasli. Qonunga koʻra, faqat Horun va uning naslidan boʻlgan oʻgʻillar ruhoniy boʻlib xizmat qila olishardi. Matnning asosiy mazmuni kasal odamni ruhoniyga koʻrsatishdan iborat. biri huzuriga olib keling. 3Ruhoniy badandagi yarani koʻrsin. Agar yara ustidagi tuklar oqargan va yara teri ostiga oʻtgan boʻlsa, bu teri kasalligidir. Ruhoniy yarani koʻrib boʻlishi bilanoq oʻsha odamni harom deb eʼlon qilsin.
Teridagi oq dogʻ
4Bordi–yu, odamning badanida oq dogʻ boʻlib, teri ostiga oʻtmagan boʻlsa va dogʻ ustidagi tuklar oqarmagan boʻlsa, ruhoniy kasallangan odamni yetti kunga yolgʻizlatib qoʻysin. 5Yettinchi kuni ruhoniy yana oʻsha odamni koʻrsin. Agar yara oʻzgarmagan boʻlsa va atrofidagi teriga yoyilmagan boʻlsa, ruhoniy oʻsha odamni yana yetti kunga yolgʻizlatib qoʻysin. 6Yettinchi kuni ruhoniy uni yana koʻrsin. Agar yara tuzala boshlagan boʻlib, atrofidagi teriga yoyilmagan boʻlsa, ruhoniy u odamni pok deb eʼlon qilsin. Bu toshmadir. Oʻsha odam kiyimlarini yuvsin va u pok boʻladi. 7Bordi–yu, ruhoniy tekshirib, pok deb eʼlon qilgan oʻsha odamning terisidagi toshmasi yoyilib ketsa, u qaytadan ruhoniyga koʻrinsin. 8Ruhoniy kasalni yana tekshirsin. Agar toshma teriga yoyilgan boʻlsa, ruhoniy u odamni harom deb eʼlon qilsin. Bu teri kasalligidir.
Teridagi shish
9Agar odam teri kasalligiga chalinsa, uni ruhoniy huzuriga olib keling. 10Ruhoniy uni tekshirsin. Agar teri ustida oq shish paydo boʻlib, shish ustidagi tuklar oqargan boʻlsa va ochiq yara hosil boʻlgan boʻlsa, 11bu tuzalmas teri kasalligidir. Ruhoniy u odamni harom deb eʼlon qilsin, uni yolgʻizlatib oʻtirmasin, chunki uning haromligi oydindir. 12Bordi–yu, teridagi toshma odamning butun tanasini boshdan–oyoq qoplab olsa, 13ruhoniy uni tekshirsin. Agar toshma butun tanaga yoyilgan boʻlsa, ruhoniy uni pok deb eʼlon qilsin. Hamma teri birday oqargani uchun bunday odam pok hisoblanadi. 14Bordi–yu, uning badanida ochiq yara hosil boʻlsa, oʻsha odam harom hisoblanadi. 15Ruhoniy ochiq yarani koʻrsin va u odamni harom deb eʼlon qilsin. Ochiq yara haromdir, bu teri kasalligining belgisidir. 16Lekin ochiq yara tuzalib, oqarsa oʻsha odam ruhoniyning oldiga kelsin. 17Ruhoniy uni koʻrsin. Agar yara haqiqatan ham oqargan boʻlsa, ruhoniy kasal odamni pok deb eʼlon qilsin. Shunda u pok boʻladi.
Chipqon
18Agar birortasining badaniga chipqon chiqib, bitgan boʻlsa–yu, 19lekin chipqon oʻrnida oq shish yoki qizgʻish–oq dogʻ paydo boʻlsa, u odam ruhoniyga koʻrinsin. 20Ruhoniy uni koʻrsin. Agar dogʻ teri ostiga oʻtgan boʻlsa va tuklari oqarib qolgan boʻlsa, ruhoniy oʻsha odamni harom deb eʼlon qilsin. Demak, chipqon oʻrnida teri kasalligi hosil boʻlgan. 21Lekin ruhoniy uni tekshirganda, dogʻ ustidagi tuklar oqarmagan, dogʻ terining ostiga oʻtmagan va tuzala boshlagan boʻlsa, ruhoniy oʻsha odamni yetti kunga yolgʻizlatib qoʻysin. 22Agar dogʻ teriga yoyilib ketsa, ruhoniy u odamni harom deb eʼlon qilsin. Bu teri kasalligidir. 23Bordi–yu, dogʻ oʻzgarmasa va yoyilmasa, bu dogʻ chipqonning chandigʻi, xolos. Ruhoniy bu odamni pok deb eʼlon qilsin.
Teridagi kuyuk
24Agar birortasi kuyib qolsa va kuygan joyining rangi oʻzgarib, qizgʻish–oq yoki oppoq tusga kirsa, 25ruhoniy kuygan joyni tekshirsin. Agar kuygan joy ustidagi tuklar oqarib qolgan boʻlsa va dogʻ teri ostiga oʻtgan boʻlsa, demak, kuygan joy oʻrnida teri kasalligi hosil boʻlgan. Ruhoniy bu odamni harom deb eʼlon qilsin. 26Lekin ruhoniy uni tekshirganda tuklar oqarmagan va dogʻ teri ostiga oʻtmagan boʻlsa, buning ustiga dogʻ tuzala boshlagan boʻlsa, ruhoniy u odamni yetti kunga yolgʻizlatib qoʻysin. 27Yettinchi kuni ruhoniy u odamni koʻrsin. Agar dogʻ teriga yoyilgan boʻlsa, ruhoniy u odamni harom deb eʼlon qilsin. Bu teri kasalligidir. 28Bordi–yu, dogʻ oʻzgarmasa va atrofdagi teriga yoyilmasa, buning ustiga tuzala boshlagan boʻlsa, demak, bu kuyish natijasida paydo boʻlgan shishdir. Ruhoniy u odamni pok deb eʼlon qilsin. Bu kuygan joyning izidir.
Boshdagi yoki jagʻdagi yara
29Agar erkak yoki ayolning boshiga yo jagʻiga yara chiqsa, 30ruhoniy yarani tekshirsin. Yara terining ostiga oʻtgan boʻlsa va yara ustidagi tuklar sargʻayib, nimjon boʻlib qolgan boʻlsa, ruhoniy oʻsha erkak yoki ayolni harom deb eʼlon qilsin. Demak, uning boshi yoki jagʻiga qichitma chiqqan, bu teri kasalligidir. 31Agar ruhoniy qichitmani tekshirganda yara terining ostiga oʻtmagan boʻlsa, lekin yaraning ustida sogʻlom tuklar boʻlmasa, ruhoniy qichitmaga chalingan bu odamni yetti kunga yolgʻizlatib qoʻysin. 32Yettinchi kuni ruhoniy qichitmani yana koʻrsin. Agar qichitma yoyilmagan boʻlsa, uning ustida sargʻish tuklar boʻlmasa, yara terining ostiga oʻtmagan boʻlsa, 33kasal odam hamma sochini qirsin, lekin qichitma bor joyiga tegmasin. Soʻng ruhoniy uni yana yetti kunga yolgʻizlatib qoʻysin. 34Yettinchi kuni ruhoniy qichitmani koʻrsin. Agar qichitma yoyilmagan va terining ostiga oʻtmagan boʻlsa, ruhoniy u odamni pok deb eʼlon qilsin. U odam kiyimlarini yuvsin, shunda u pok boʻladi. 35Bordi–yu, ruhoniy uni pok deb eʼlon qilgandan keyin qichitma yoyilsa, 36ruhoniy u odamni yana tekshirsin. Agar qichitma haqiqatan ham yoyilgan boʻlsa, sargʻish tukni qidirishning hojati yoʻq. U odam haromdir. 37Bordi–yu, ruhoniyning nazarida qichitma oʻzgarmagan boʻlsa va uning ustida qora tuklar oʻsa boshlagan boʻlsa, qichitma tuzalgan boʻladi. Ruhoniy u odamni pok deb eʼlon qilsin.
Teridagi oqish dogʻlar
38Agar erkak yoki ayolning badanida oq dogʻlar paydo boʻlsa, 39ruhoniy oʻsha odamni tekshirsin. Agar bu dogʻlar koʻrinar–koʻrinmas oqishroq tusda boʻlsa, bu bor–yoʻgʻi toshmadir. Bunday odam pokdir.
Kal boʻlgan bosh
40Agar odamning sochi toʻkilgan boʻlsa, u odam kal, lekin pok hisoblanadi. 41Boshning old tomonidagi va chakkalaridagi sochlari toʻkilgan boʻlsa, u odam kal boʻlgani bilan pok hisoblanadi. 42Bordi–yu, boshning kal joyida qizgʻish–oq dogʻ paydo boʻlsa, bu teri kasalligidir. 43Ruhoniy uni koʻrsin. Agar shish haqiqatan teri kasalligi singari qizgʻish–oq tusda boʻlsa, 44demak, odam kasallangan, u haromdir. Boshidagi yarasi tufayli ruhoniy uni harom deb eʼlon qilsin.
Xasta odamning hayot tarzi
45Bunday yomon teri kasalliklaridan biriga chalingan odam kiyimlarini yirtsin, sochini toʻzitsin#13:45 …sochini toʻzitsin… — yoki …bosh yalang yursin…., yuzining quyi qismini berkitsin. Soʻng: “Harom! Harom!” deb baqirsin. 46U odam kasalligi davomida harom hisoblanadi. U alohida, qarorgohdan tashqarida yashasin.
Mogʻorga oid qonunlar
47Agar kiyimni mogʻor bossa, jun yoki zigʻir matosidan tikilgan kiyimni, 48jun yoki zigʻirdan toʻqilgan matoni, charmni yo charmdan yasalgan buyumni 49bosgan oʻsha mogʻor koʻkimtir yoki qizgʻish rangda boʻlsa, bu yoyiladigan zamburugʻdir, uni ruhoniyga koʻrsatish lozim. 50Ruhoniy mogʻorni tekshirsin, soʻng zararlangan narsani yetti kunga qadar olib qoʻysin. 51Yettinchi kuni ruhoniy uni yana koʻrsin. Agar mogʻor kiyimga, toʻqilgan matoga yo charmdan yasalgan har qanday buyumga yoyilgan boʻlsa, bu yoyiladigan zamburugʻdir. Zararlangan narsa harom hisoblanadi. 52Ruhoniy oʻsha narsani kuydirsin. Buyum yoyiladigan zamburugʻ bilan zararlangani uchun uni kuydirib yuborish kerak.
53Bordi–yu, mogʻor kiyimga, matoga yoki charmga yoyilmagan boʻlsa, 54ruhoniy zararlangan oʻsha narsani yuvdirsin. Soʻng uni yana yetti kunga olib qoʻysin. 55Ruhoniy yuvilgan oʻsha narsani yana tekshirsin. Agar mogʻorlagan joyning rangi oʻzgarmagan boʻlsa, mogʻor yoyilmagan taqdirda ham harom hisoblanadi. Narsaning mogʻorlagan joyi ichki yoki tashqi tomonida boʻlishidan qatʼi nazar, uni kuydirib yuboring.
56Bordi–yu, ruhoniy yuvilgan narsani tekshirganda mogʻorning rangi oʻchgan boʻlsa, ruhoniy kiyim, mato yoki charmdagi mogʻorlagan joyni yulib olsin. 57Agar mogʻor oʻsha narsada yana paydo boʻlsa, zamburugʻ yana koʻpayishni boshlagandir, narsaning egasi uni kuydirib yuborsin. 58Bordi–yu, yuvilgandan keyin narsadagi mogʻor ketsa, uni ikkinchi marta yuving va u pok boʻladi.
59Jun yoki zigʻir matosidan tikilgan kiyimda, jun yoki zigʻirdan toʻqilgan matoda va charmdan yasalgan har qanday buyumda hosil boʻlgan zamburuqqa oid qoidalar shulardan iboratdir. Bular sizlarga halolni haromdan ajrata olishingiz uchun xizmat qiladi.

Currently Selected:

Levilar 13: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in