Levilar 11
11
11–BOB
Halol va harom hayvonlar
1Egamiz Muso va Horun orqali 2Isroil xalqiga shunday dedi: “Yer yuzidagi jamiki hayvonlardan 3ayri tuyoq va kavsh qaytaradigan har qanday hayvonni tanovul qilishingiz mumkin. 4Lekin kavsh qaytaradigan yoki ayri tuyoq hayvonlardan quyidagilarni tanovul qilmang#11:4 …hayvonlardan quyidagilarni tanovul qilmang — ibroniycha matndagi shu bobning 5-30–oyatlarida aytib oʻtilgan baʼzi hayvonlar, qushlar va hasharotlar qanday hayvon, qush yoki hasharot ekanligi bahsli.: tuya kavsh qaytaradi–yu, lekin ayri tuyoq emas. U sizlar uchun haromdir. 5Sugʻur kavsh qaytaradi, lekin ayri tuyoq emas. U sizlar uchun haromdir. 6Quyon kavsh qaytaradi, lekin ayri tuyoq emas. U sizlar uchun haromdir. 7Choʻchqa ayri tuyoq boʻlgani bilan kavsh qaytarmaydi. U sizlar uchun haromdir. 8Bu hayvonlarning goʻshtini yemang, ularning murdasiga qoʻl tekkizmang. Ular sizlar uchun haromdir.
9Dengiz va daryolarda yashaydigan suzgichi va tangachalari bor har qanday jonivorni yesangiz boʻladi. 10Biroq suvda yashaydigan, suzgichi va tangachalari boʻlmagan har qanday suzadigan va boshqa turdagi jonivorni yemang. Ulardan hazar qiling. 11Bunday jonivorlar sizlar uchun jirkanchdir. Ularning goʻshtini ogʻzingizga olmang, murdasidan hazar qiling. 12Suzgichi va tangachalari boʻlmagan har qanday suv jonivori sizlar uchun jirkanchdir.
13Parrandalar orasidagi quyidagi qushlarni zinhor yemang, ulardan hazar qiling, ular sizlar uchun jirkanchdir: qumoy, boltayutar, tasqara, 14qizil kalxat, qirgʻiy va uning zoti, 15har qanday qargʻa va uning zoti, 16tuyaqush, lochin, quloqli ukki, qarchigʻay va uning zoti, 17yapaloq qush, baliqchi ukki, boyoʻgʻli, 18oq boyoʻgʻli, birqozon, joʻrchi, 19laylak, oq qarqara va uning zoti, sassiqpopishak, koʻrshapalak.
20Toʻrt oyogʻida yuradigan hamma qanotli hasharotlar sizlar uchun jirkanchdir. 21Lekin qanotli hasharotlar orasidagi, toʻrt oyoqda yuradigan baʼzilarini yeyishingiz mumkin. Oyoqlari sakrash uchun boʻgʻinlar bilan moslangan 22chigirtkaning hamma turini va ularning zotini yeyishingiz mumkin. 23Boshqa hamma toʻrt oyoqli, qanotli hasharotlar sizlar uchun jirkanchdir.
24Baʼzi hayvonlar sizlarni bulgʻaydi. Ularning oʻligiga qoʻl tekkizsangiz, kechgacha harom boʻlasiz. 25Harom hayvonning murdasini koʻtargan odam kiyimlarini yuvsin. U kechgacha harom boʻladi. 26Tuyoqli, lekin tuyoqlari butunlay ayrilmagan yoki kavsh qaytarmaydigan har qanday hayvon sizlar uchun haromdir. Bunday hayvonning murdasiga tekkan odam harom boʻladi. 27Toʻrt oyogʻida yuradigan panjali hayvonlar ham sizlar uchun haromdir. Ularning murdasiga tekkan har bir odam kechgacha harom boʻladi. 28Bunday hayvonning murdasini koʻtargan odam kiyimlarini yuvsin, u kechgacha harom boʻladi. Ular sizlar uchun haromdir.
29Yerda oʻrmalab yuradigan mayda jonivorlardan sizlar uchun quyidagilar haromdir: kalamush, sichqon, echkemar va uning zoti, 30gekkon, kulrang echkemar, oddiy kaltakesak, choʻl kaltakesagi va buqalamun. 31Bularning hammasi sizlar uchun haromdir. Ularning murdasiga tekkan odam kechgacha harom boʻladi. 32Agar bunday jonivorning murdasi biror narsaning ustiga tushsa, oʻsha narsa harom boʻladi. Harom boʻlgan bunday narsa — yogʻoch, mato, charm yoki qanordan boʻlishidan va nimaga ishlatilishidan qatʼi nazar, uni suvga botirib, chayib oling. Bu narsa kechgacha harom boʻlib, soʻng yana halol boʻladi. 33Bordi–yu, bunday jonivor oʻlib, sopol idishning ichiga tushsa, idishdagi hamma narsa harom boʻladi. Shunda idishning oʻzini ham sindiring. 34Bunday idishdagi suv har qanday ovqat ustiga tushsa, ovqat ham harom boʻladi. Harom idishdagi har qanday ichimlik harom hisoblanadi. 35Jonivorning murdasi tushgan hamma narsa harom boʻladi. Murda tandir yoki oʻchoqqa tushgan boʻlsa, shu narsalar harom hisoblanib buzib tashlansin. Ularni harom deb biling. 36Lekin murda buloq yoki suv yigʻiladigan sardobaga tushsa, buloq va sardoba halolligicha qoladi. Ammo oʻsha jonivorning murdasiga nimaiki tegsa, bu narsa harom hisoblanadi. 37Bordi–yu, murda ekish uchun ajratib qoʻyilgan urugʻ ustiga tushsa, urugʻ halol hisoblanadi. 38Ammo murda suvda ivitilgan urugʻ ustiga tushsa, urugʻ harom boʻladi.
39Bordi–yu, yesa boʻladigan hayvon oʻlsa, bunday hayvonning murdasiga tekkan odam kechgacha harom boʻladi. 40Uning goʻshtidan yegan yoki murdasini koʻtargan odam kiyimlarini yuvsin. Bunday odam kechgacha harom boʻladi.
41Yerda oʻrmalab yuruvchi har qanday jonivor sizlar uchun jirkanchdir. Ularni tanovul qilmang. 42Qorni bilan sudralib yuruvchi, toʻrt oyoqli va koʻp oyoqli jonivorlarni yemang. Ular sizlar uchun jirkanchdir. 43Bunday jonivorlarni yeb, bulgʻanmang. Ular tufayli oʻzingizni harom qilmang. 44Zotan, Men Egangiz Xudoman. Oʻzingizni Menga bagʻishlab muqaddas boʻlinglar, chunki Men muqaddasman. Oʻrmalab yuradigan jonivorlar dastidan oʻzingizni bulgʻamanglar. 45Men Egangizman, Xudoyingiz boʻlishim uchun sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Shunday ekan, Muqaddas boʻlinglar, chunki Men muqaddasman.
46Hayvonlar, qushlar, suvdagi turli jonivorlar va yerda sudraluvchi jonzotlarga oid qonunlar shudir. 47Sizlar halolni haromdan ajrata oling, yeyish mumkin boʻlgan va mumkin boʻlmagan tirik jonivorlarning farqiga boring.”
Currently Selected:
Levilar 11: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020