YouVersion Logo
Search Icon

Ayub 6

6
6–BOB
Ayubning ikkinchi nutqi: nohaqlik qilmagani haqida
1Shundan keyin Ayub yana gapirdi:
2“Qani endi, qaygʻularimni oʻlchashning iloji boʻlsa edi,
Mening kulfatlarim tarozida tortib koʻrilsa edi.
3Ular dengiz qumlaridan ham ogʻirroq chiqqan boʻlar edi.
Shuning uchun ham boʻlar–boʻlmas gaplar aytdim.
4Qodir Xudo otgan nayzalar#6:4 Qodir Xudo otgan nayzalar — koʻchma maʼnodagi ibora boʻlib, kasallik va azob–uqubatga ishora qiladi. tanamdadir,
Ruhim ularning zahridan ichmoqda.
Xudoning barcha dahshatlari menga qarshi tayyorlangan.
5Asov eshak oʻt yoʻqligida hangraydi–ku!
Hoʻkiz ham oxurida yem boʻlmasa boʻkiradi–ku!
6Tuzsiz ovqatni yeb boʻlmaydi–ku!
Pishirilmagan tuxum oqi axir, naqadar bemaza!
7Ularni koʻrib ishtaham yoʻqoladi.
Ularni yeyishni oʻylasam koʻnglim ayniydi.
8Qani endi, tilagim bajo boʻlsa edi,
Xudo niyatimni bajo keltirsa edi!
9Qani endi, Xudo meni ezib tashlashga rozi boʻlsa edi,
Qoʻliga erk berib, jonimni olsa edi.
10Ana oʻshanda men tasalli topgan boʻlardim,
Hatto ogʻriqlarimga qaramay quvongan boʻlardim,
Chunki Muqaddas Xudoning soʻzlarini men rad qilganim yoʻq.
11Qachongacha kutaman axir, kuchim yetarmikan?!
Oxiri nima boʻladi oʻzi?
Nima uchun sabr–toqat qilishim kerak?!
12Men toshday qattiq emasman–ku!
Mening tanam temirdan emas–ku!
13Yoʻq, oʻzimga oʻzim yordam berolmayman,
Hech bir chora–ilojim yoʻq.
14Qaygʻu–alam tortayotgan inson
Qodir Xudodan qoʻrqishni rad qilgan boʻlsa ham,
Oʻsha insonga sodiq doʻstlar kerak#6:14 Qaygʻu–alam tortayotgan inson…Oʻsha insonga sodiq doʻstlar kerak — yoki Doʻstiga mehr koʻrsatmaydigan inson Qodir Xudodan qoʻrqmasligini koʻrsatadi..
15Ammo doʻstlarimga ham ishonib boʻlmaydi,
Ular oqib oʻtib ketadigan irmoqlardaydir.
16Oʻsha irmoqlar muzu qor eriganda toshib oqadi,
17Issiq havoda esa ular qurib qoladi,
Kun qiziganda gʻoyib boʻladi.
18Karvonlar bu irmoqlarni qidirib,
Yoʻllaridan adashib ketadilar.
Yurib–yurib, choʻlda halok boʻladilar.
19Temo yurtining karvonlari ham suv qidirib keladilar,
Shava yurtidan#6:19 Temo yurti…Shava yurti — Arabiston yarim orolida joylashgan. kelganlar ham suvga umid qiladilar.
20Ammo oʻsha irmoqlarga ishonganlar tushkunlikka tushadilar,
U yerga borib, gangib qoladilar.
21Sizlar ham men uchun xuddi oʻsha irmoqlardaysizlar.
Kulfatimni koʻrib turib, vahimaga tushyapsizlar.
22Sizlardan biron narsa soʻradimmi?!
Yoki boyligingizdan berib, meni qutqaringlar, deb aytdimmi?!
23Dushmanlarimning qoʻlidan qutqaringlar, dedimmi?!
Yoki zoʻravonlardan meni xalos qilinglar, deb soʻradimmi?!
24Menga oʻrgatinglar, mayli jim turaman.
Qanday notoʻgʻri ish qilganimni tushuntirib beringlar.
25Haqiqat soʻzlari naqadar achchiq!
Lekin gaplaringiz nimani isbotlayapti?
26Meni behuda gaplarni aytyapti, deb oʻylaysiz.
Shunday ekan, nimaga tushkunlikda aytganlarimga javob qaytarasiz?!
27Sizlar hatto yetimlar uchun qurʼa tashlagan boʻlardingiz.
Doʻstingiz ustidan savdolashib, uni sotgan boʻlardingiz.
28Endi marhamat qilib menga qaranglar,
Men sizlarga yolgʻon gapirmayman.
29Bas endi, nohaqlik qilmang.
Axir, mening aybim yoʻq–ku!
30Yo gapimda biror nohaqlik bormi?
Tilim yovuzlikning taʼmini ajrata bilmaydimi?!

Currently Selected:

Ayub 6: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in