YouVersion Logo
Search Icon

Ayub 4

4
4–BOB
Elifaz gapiradi: u Ayubni gunohda ayblaydi
1Shundan keyin Temonlik#4:1 Temonlik — 2:11 izohiga qarang. Elifaz Ayubga shunday dedi:
2“Bir gap aytsam, xafa boʻlmaysanmi?
Axir, kim gapirmay jim tura oladi?!
3Sen koʻplarga nasihat qilar eding.
Ojizlarga yordam berar eding.
4Qoqilganlarga soʻzlaring bilan dalda berarding,
Ogʻir yuk ostida ezilganlarga kuch bagʻishlarding.
5Endi esa azob–uqubatga uchraganingda tushkunlikka tushyapsan,
Oʻz boshingga tushganlardan sarosimada oʻtiribsan.
6Xudodan qoʻrqishing umiding boʻlishi kerak emasmi?!
Yoʻllaring toʻgʻriligi senga umid bagʻishlamaydimi?!
7Oʻylab koʻrgin–chi, qachon aybsiz inson halok boʻlgan?!
Biror yerda solih kishi hech yoʻq qilinganmi?!
8Oʻz hayotimda koʻrganman, kim yovuzlik,
Gʻam–gʻussa eksa, xuddi oʻshani oʻradi.
9Xudoning nafasi ularni oʻldiradi,
Xudoning gʻazabidan fosiqlar daf boʻladi.
10Ularning shernikiday boʻlgan ovozlarini Xudo oʻchiradi,
Oʻsha maxluqlarning tishlarini Xudo sindiradi.
11Oʻlja yoʻqligidan u sherlar halok boʻladi,
Shervachchalari ham uzoqlarga tarqalib ketadi.
12Menga bir soʻz yashirincha keldi,
Qulogʻimga shivirlab eshitildi.
13Insonlar chuqur uyquda boʻlganda,
Tashvishli tushlarda bu soʻz keldi.
14Meni qoʻrquv–qaltiroq bosdi,
Butun vujudim larzaga keldi.
15Bir ruh yuzimni silab oʻtdi,
Shunda tuklarim tikka boʻlib ketdi.
16Ruh toʻxtab, qimirlamay turdi,
Ammo uni aniq koʻrmadim.
Koʻz oldimda bir sharpa turar edi.
Sukunat choʻkdi, keyin bir ovoz eshitdim:
17«Insonlar Xudoning oldida solih boʻla oladimi?!
Odamlar Yaratuvchisining oldida pok boʻla oladimi?!
18Axir, Xudo hatto Oʻz farishtalariga ishonmaydi–ku,
Ulardan ham ayb topadi–ku!
19Shunday ekan, tuproqdan yaratilgan insonlardan,
Loydan bino boʻlgan, kuyaday eziladigan
Odamlardan qanchalar ayb topadi?!
20Axir, ular ertalab bor,
Kechasi esa yoʻq boʻlib ketadigan insonlar–ku!
Ularning nomi abadiy oʻchib ketadi.
21Chodirlarining arqonlari uzib tashlanadi,
Ular donolikka yetishmay halok boʻladilar.»

Currently Selected:

Ayub 4: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in