Ayub 24
24
24–BOB
Ayub: “Nima uchun fosiqlar jazolanmaydi?” deb soʻraydi
1Nima uchun Qodir Xudo hukm vaqtini belgilamaydi?
Nima uchun Xudoni bilganlar bekorga Uni kutadilar?
2Fosiqlar chegaralarni buzadilar#24:2 Fosiqlar chegaralarni buzadilar… — qadimgi Isroilda birortasi oʻz yerini ajratib olish uchun toshlardan chegara qilib qoʻyardi. Agar kimdir bu toshlarni joyidan siljitsa, qoʻshnisining ota–bobosidan qolgan yerni u oʻgʻirlayotgan hisoblanardi va bu ogʻir jinoyat edi (Qonunlar 19:14, 27:17 ga qarang).,
Oʻgʻirlangan podalarni yaylovlarda boqadilar.
3Yetimlarning eshaklarini haydab ketadilar.
Bevaning hoʻkizini kafillik sifatida olib qoʻyadilar.
4Kambagʻallarni yoʻldan chetga chiqarib tashlaydilar.
Qashshoqlarni yashirinishga majbur qiladilar.
5Qashshoqlar yovvoyi eshaklarday choʻlda ovqat izlashadi,
Ularning farzandlari uchun dashtdan boshqa yerda yegulik yoʻq.
6Begonalarning dalalarida somon yigʻishadi,
Fosiqlarning uzumzorlarida qolgan–qutganini terishadi.
7Tunni kiyim–kechaksiz, yalangʻoch oʻtkazadi,
Sovuqda ularning yopinadigan narsasi yoʻq.
8Togʻ yomgʻirlari ularni shalabbo qiladi,
Boshpanalari yoʻqligidan ular
Qoyaning oldida qaltiraydilar.
9Fosiqlar bevaning farzandini
Onasining quchogʻidan yulib oladi,
Kambagʻalning chaqalogʻini garovga oladi.
10Kiyimlari yoʻqligidan kambagʻallar yalangʻoch yurishadi.
Bugʻdoy bogʻlamlarini koʻtarib yursalar–da, qorinlari och qoladi.
11Qator–qator zaytun daraxtlari orasida#24:11 Qator–qator zaytun daraxtlari orasida… — yoki Toshlar bilan….
Zaytunni ezib moy chiqaradilar.
Uzum siqib sharob qiladilar,
Ammo chanqoqlari bosilmaydi.
12Shaharda jon berayotganlarning nolalari eshitiladi,
Jarohatlanganlar madad soʻrab faryod qiladi.
Shunda ham Xudo hech kimni bu nohaqlik uchun javobgar qilmaydi.
13Nurga qarshi bosh koʻtarganlar bor.
Ular nur yoʻlidan yurmaydilar,
Nur yoʻli olib boradigan joyga bormaydilar.
14Qotil erta tongda turadi,
Kambagʻalu bechorani oʻldiradi,
Kechasi esa oʻgʻrilik qiladi.
15Zinokor kech boʻlishini kutadi,
«Oʻshanda meni hech kim koʻrmaydi», deb oʻylaydi.
Niqob bilan yuzini berkitadi.
16Oʻgʻrilar kechasi uylarni talab,
Kunduz kuni yashirinadi.
Ular nur nimaligini bilmaydi.
17Barcha oʻgʻrilarning tongi zulmatdir.
Ha, zulmat dahshatlari ularning doʻstidir.
18Ammo oʻsha fosiqlar daryo suvlari ustidagi koʻpikday oʻtkinchidir.
Ularning yerlari laʼnatlangan,
Ularning uzumzorlariga hech kim qadam bosmaydi.
19Issiq havo va qurgʻoqchilik qorni eritib yoʻq qilganday,
Oʻliklar diyori#24:19 Oʻliklar diyori — ibroniycha matnda Sheoʻl. 7:9 izohiga qarang. ham gunohkorni oʻz ogʻushiga oladi.
20Qurtlar esa uni maza qilib kemiradi.
Gunohkorni hatto oʻz onasi unutadi,
Hech kim uni esga olmaydi.
Fosiqlar daraxtlarday sindirib tashlanadi.
21Fosiqlar farzandsiz ayolga zulm oʻtkazadi,
Bevalarga mehr–shafqat koʻrsatmaydi.
22Ammo Xudo Oʻz qudrati bilan kuchlilarni halok qiladi.
Ular baland koʻtarilishi mumkin,
Ammo ularning hayoti uchun kafolat yoʻq.
23Ular osoyishta yashashlariga Xudo yoʻl qoʻyadi,
Ammo Oʻzi ularning yoʻllarini doim kuzatib turadi.
24Hozircha ular buyuk boʻlsa ham, keyinroq yoʻq boʻladi.
Ular yerga uriladi, xuddi boshqalarday oʻlib ketadi.
Don boshoqlariday qurib qoladi.
25Qani, kim gaplarimni yolgʻon, deb ayta oladi?
Kim mening gaplarimni puchga chiqara biladi?”
Currently Selected:
Ayub 24: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020