YouVersion Logo
Search Icon

Ayub 22

22
22–BOB
Elifaz uchinchi marta gapiradi: u Ayubni oʻta gunohkorlikda ayblaydi
1Temonlik#22:1 Temonlik — 2:11 izohiga qarang. Elifaz shunday dedi:
2“Inson Xudoga qanday foyda keltiradi?!
Dono inson U uchun biror foydali ish qila oladimi?!
3Solih boʻlsang bu Qodir Xudoga qanday zavq keltiradi?!
Yurgan yoʻllaring pok boʻlsa, Unga qanday foyda?!
4U senga xudojoʻyliging uchun tanbeh beradimi?!
Buning uchun seni hukm qiladimi?!
5Axir, fosiqliging qanchalar ogʻir?!
Gunohingning cheki yoʻq–ku!
6Yaqinlaringdan hech bir sababsiz garov olding,
Kambagʻallardan kiyimini yechib olib#22:6 Kambagʻallardan kiyimini yechib olib… — qadimgi paytlarda hatto kiyimni ham garovga qoʻyish mumkin edi., yalangʻoch qoldirding.
7Chanqaganlarga suv bermading.
Qorni ochlardan noningni qizgʻanding.
8Ha, qudratlilar yurtga egalik qiladilar,
Obroʻlilar u yerda yashaydilar.
9Bevalarni quruq qoʻl bilan orqaga qaytarding,
Yetimlarga yordam qoʻlini choʻzmading.
10Shuning uchun atrofing tuzoqlar bilan oʻralgan.
Toʻsatdan seni vahima bosgan.
11Atrofingni zulmat qamrab olgan,
Koʻzlaring hech narsani koʻrmayapti,
Suv toshqinlari seni koʻmib ketgan.
12Yuksakdagi baland yulduzlarga qara.
Ammo Xudo samo choʻqqisida–ku!
13Shunda ham sen: «Xudo nimani bilardi,
Zulmat orasidan U qanday hukm qila olardi», deysan.
14«Quyuq bulutlar Uni yashirgan, U bizni koʻrmaydi,
Xudo osmon gumbazi#22:14 osmon gumbazi — qadimda Isroil xalqining tasavvuriga koʻra, osmon gumbazga oʻxshaydi va yer ostidagi tubsizlikning poydevoriga oʻrnatilgan ulkan ustunlarga tayanadi. uzra aylanib yuribdi–ku», deb aytasan.
15Sen fosiqlar yurgan
Azaliy yoʻldan yuraverasanmi?
16Ular hayotdan bevaqt mahrum boʻldilar,
Umr poydevorlarini sel yuvib ketdi.
17Fosiqlar Xudoga shunday dedilar:
«Bizni tinch qoʻygin.
Ey Qodir Xudo, bizga nima qila olarding?»
18Ammo ularga baraka berib, uylarini toʻldirgan Xudo–ku!
Fosiqlarning oʻy–xayollaridan men jirkanaman.
19Solihlar fosiqlarning ahvolini koʻrib, xursand boʻladilar,
Aybsizlar fosiqlarni mazax qilib kuladilar.
20Ular: «Dushmanlarimiz yoʻq qilindi,
Bitta qolmay olovda yonib ketdilar#22:20 …Bitta qolmay olovda yonib ketdilar… — yoki …Ularning hamma boyligi olovda yonib ketdi….», deb aytadilar.
21Xudo bilan tortishaverma!
U bilan yarashgin,
Shunda farogʻatda yashaysan.
22Xudoning ogʻzidan chiqqan oʻgitlariga quloq tut,
Soʻzlarini yuragingda saqla.
23Qodir Xudoga yuz bursang, sogʻligu boyliging qayta tiklanadi.
Chodiringni fosiqlikdan tozalasang,
24Oltinni chang deb bilib,
Ofir tillasini daryoga otsang,
25Qodir Xudoning Oʻzi sening xazinang boʻladi.
U sening qimmatbaho kumushing boʻladi.
26Shunda Qodir Xudodan zavq topasan,
Xudoga yuz burasan.
27Sen Unga iltijo qilasan, U esa senga quloq tutadi.
Unga bergan vaʼdalaringni bajarasan.
28Nima niyat qilsang, hammasi amalga oshadi,
Hayot soʻqmoqlaring nurga toʻladi.
29Agar sharmanda boʻlgan odam uchun Xudoga iltijo qilsang,
Xudo oʻsha odamni sharmandalikdan qutqaradi.
30Sening pok qoʻllaring tufayli
Hatto aybdorlar ham najot topadi.”

Currently Selected:

Ayub 22: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in