Ayub 21
21
21–BOB
Ayubning yettinchi nutqi: fosiqlarning farovonligi haqida
1Ayub shunday deb javob berdi:
2“Soʻzlarimga yaxshilab quloq soling,
Mana shu sizlarning menga bergan tasallingiz boʻladi.
3Sabr qiling, men ham gapiray,
Gapirib boʻlganimdan keyin, mazax qilavering.
4Men insonlarga emas, Xudoga arz qilyapman–ku.
Shuning uchun sabrim chidamayapti–da.
5Mana, holimga qarang, dovdirab qolasiz,
Damingiz ichingizga tushib, hang–mang boʻlasiz.
6Boshimga tushgan kulfatlar haqida oʻylasam, vahimaga tushaman,
Tanamni qaltiroq bosadi.
7Nima uchun fosiqlarning umrlari uzilmay, davom etaveradi?
Nega ular keksa yoshga yetadilar?
Nega nufuzi oshib boraveradi?
8Farzandlari oʻsib, oʻz oʻrnini topganini koʻradi,
Nevaralarini ham koʻrishga muyassar boʻladi.
9Uylari xavf–xatarsiz boʻladi,
Xudoning tayogʻi ularning boshiga tushmaydi.
10Buqalari hech bir qiyinchiliksiz koʻpayaveradi,
Sigirlari bolalaydi, hech qachon bolasi tushib qolmaydi.
11Fosiqlarning bolalari qoʻzilarga oʻxshab sakraydilar,
Farzandlari oʻynab–kulib yuraveradilar.
12Doira va lira sadosiga qoʻshiq kuylaydilar,
Nay sadosiga oʻyin–kulgi qiladilar.
13Umrlari farovonlikda oʻtadi,
Oʻliklar diyoriga#21:13 Oʻliklar diyori — ibroniycha matnda Sheoʻl. 7:9 izohiga qarang. tinchgina ketadilar.
14Xudoga shunday deydilar: «Bizni tinch qoʻy!
Sening yoʻllaringni bilishni xohlamaymiz.
15Qodir Xudo kim boʻlibdiki, Unga xizmat qilsak,
Unga iltijo qilsak, bizga nima foyda tegardi?!»
16Ammo fosiqlarning farovonligi oʻz qoʻlining ishi emas–ku!
Fosiqlarning oʻy–xayollaridan men jirkanaman.
17Fosiqlarning chirogʻi biron marta boʻlsa ham oʻchdimi?
Boshiga tez–tez kulfat tushib turibdimi?
Xudo Oʻz gʻazabida ularga qiynoq beryaptimi?
18Qachon ular shamolda toʻzigan xashakday,
Boʻron uchirib ketgan somonday boʻladilar?
19Sen: «Xudo insonlarning gunohlari uchun
Ularning farzandlarini jazolaydi», deysan.
Men esa gunohkorlarning oʻzi jazolansin, deyman.
Mana shu ularga saboq boʻladi.
20Gunohkorlar oʻz koʻzlari bilan halokatlarini koʻrsinlar.
Oʻzlari Qodir Xudoning gʻazabi sharobini ichsinlar.
21Zotan, ular oʻlganlaridan keyin
Oilasiga nima boʻlishini oʻylamaydilar ham!
22Kim Xudoga saboq bera oladi,
Axir, U hatto samoviy zotlarni hukm qiladi–ku!
23Mana, bir odam toʻliq farovonlikda,
Tinch va xotirjam olamdan koʻz yumadi.
24Uning beli baquvvat,
Suyaklari ilikka toʻla.
25Ikkinchi odam esa ruhi tushkun holda,
Hech qachon yaxshilik koʻrmay oʻlib ketadi.
26Ikkovi ham tuproqda birday yotadi,
Ularni qurtlar bosib ketadi.
27Eh, doʻstlarim, niyatlaringizni bilaman,
Maqsadlaringiz ham menga ayon.
28Sizlar: «Qani zolim amaldorning uyi?
Fosiqlarning chodiri qayerda?» deb soʻraysizlar.
29Koʻp joylarga borib kelganlardan soʻranglar.
Ular aytganlarini inkor qila olmaysiz!
30Kulfat kunida fosiqlar najot topishlarini,
Xudoning gʻazab kunida qutqarilishlarini ular aytadilar–ku!
31Fosiqlarning qilmishlarini kim ularning yuziga soladi?
Qilmishlari uchun kim ularni jazolaydi?
32Jasadlari qabrga olib borilganda,
Qabr boshiga soqchi qoʻyiladi.
33Son–sanoqsiz odamlar ketlaridan borib,
Ularga aza tutadi.
Hatto tuproq ham ularning ustiga sekin tushadi.
34Qanday qilib meni puch soʻzlaringiz bilan yupata olasiz?
Barcha bergan javoblaringiz yolgʻondir!”
Currently Selected:
Ayub 21: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020