Ayub 20
20
20–BOB
Zoʻfar ikkinchi marta gapiradi: fosiqlarning qismati haqida
1Namaxlik#20:1 Namaxlik — 2:11 izohiga qarang. Zoʻfar shunday dedi:
2“Gaplaring meni bezovta qildi,
Endi gapirmasam boʻlmaydi.
3Tanbehlaring bilan meni haqoratlading,
Lekin endi ongim, javob ber, deb undayapti.
4Oʻtmishdan bilmaysanmi?!
Axir, insonlar yer yuziga joylashtirilgandan beri,
5Fosiqlarning shodligi uzoqqa choʻzilmaydi–ku,
Betavfiqlarning quvonchi bir lahzalik–ku!
6Takabburligi samoga yetsa ham,
Boshlari bulutlarga tegsa ham,
7Oʻzlarining axlatiday butunlay yoʻq boʻlib ketadi.
Ularni oldin koʻrganlar: «Qani endi ular?» deb soʻraydilar.
8Fosiqlar tushday oʻtib ketadilar, ularni topib boʻlmaydi.
Kechasi koʻringan sharpaday gʻoyib boʻladilar.
9Ha, fosiqlarni koʻrganlar ularni boshqa koʻrmaydilar,
Makonlari endi ularni tanimaydi.
10Fosiqlarning farzandlari kambagʻallardan muruvvat kutadi,
Oʻz qoʻllari bilan tortib olgan boyliklarini qaytarib beradi.
11Fosiqlar yosh va kuchli edi,
Endi suyaklari tuproqda yotadi.
12Fosiqlik ularning ogʻizlarida shirin tuyuldi,
Shuning uchun fosiqlikni
Tillarining tagiga solib, soʻrib oʻtiribdilar.
13Fosiqlikni tashlagisi kelmay,
Ogʻzilarida ushlab tursalar ham,
14Oʻsha yeganlari qorinlarida achchiq boʻladi,
Ilonlarning zahriga aylanadi.
15Boyliklarni yutib, qaytib qusadilar,
Qorinlaridan boʻlsa ham,
Xudo qaytarib olib qoʻyadi.
16Ular kobra ilonlarning zaharini soʻradilar,
Zaharli ilon ularni oʻldiradi.
17Endi fosiqlar oqar daryolardan —
Sut va asal oqadigan irmoqlardan zavq olmaydilar.
18Zahmat bilan topganlaridan bahramand boʻlmaydilar.
Savdo–sotiq qilib topganlarining gashtini surmaydilar.
19Axir, fosiqlar kambagʻallarga zulm qilib,
Boʻlganicha boʻlsin, deb tashlab ketgandilar.
Oʻzlari qurmagan uylarni kambagʻallardan tortib olgandilar.
20Ular nafs balosiga uchragan, hech qachon qoniqmaydilar.
Orzu–havas qilib yiqqan boyliklari ularni qutqarmaydi.
21Ular hech narsa qoldirmay, yeb bitirgandi.
Shuning uchun farovonligi uzoqqa choʻzilmaydi.
22Farovonlik davrida ham ular gʻam–tashvishga toʻladilar.
Ularning boshiga ofatu kulfatlar tushadi.
23Fosiqlar qorinlarini toʻydirib boʻlganlarida,
Xudo ularga bor gʻazabini sochadi.
Ularning ustiga Oʻz zarbalarini yogʻdiradi.
24Fosiqlar temir quroldan qochsalar,
Bronza nayza ularni teshib oʻtadi.
25Nayza ularning tanalaridan sugʻurib olinadi,
Ha, yaltiroq nayza ularning jigarlaridan tortib chiqariladi,
Ularni vahima qamrab oladi.
26Ularning xazinalari zulmatda yoʻq boʻlib ketadi.
Inson yoqmagan olov ularni yutib yuboradi,
Olov fosiqlarning chodiriyu undagi bor narsasini yoʻq qiladi.
27Samo ularning aybini koʻrsatadi,
Yer ularga qarshi guvohlik beradi.
28Xudoning gʻazabi kelgan kuni
Uyidagilarni sel oqizib ketadi.
29Xudo fosiqlarga bergan ulush ana shulardir,
Xudoning ularga tayinlagan nasibasi mana shudir.”
Currently Selected:
Ayub 20: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020