Ayub 19
19
19–BOB
Ayubning oltinchi nutqi: Xaloskori uni himoya qilishiga ishonch bildiradi
1Ayub shunday javob berdi:
2“Qachongacha meni qiynaysizlar,
Gaplaringiz bilan meni ezasizlar?
3Mana, meni oʻn marta haqoratladingiz!
Menga hamla qilaverishdan uyalmaysizlarmi?
4Agar xato qilganim rost boʻlsa,
Gunohim oʻzimning tashvishim.
5Sizlar oʻzingizni mendan ustun qoʻyyapsiz.
Mana bu gunohingning dalili, deb
Sharmanda boʻlganimni koʻrsatyapsiz.
6Shuni bilinglar, Xudoning Oʻzi menga haqsizlik qildi,
Toʻrlari bilan atrofimni oʻradi.
7«Oʻldiryapti!» deb xitob qilsam ham,
Menga hech kim javob bermaydi.
Faryod qilaman, lekin adolat yoʻqdir.
8Xudo yoʻlimga gʻov qoʻygan, oʻtolmayman.
Yoʻllarimni zulmat bilan qoplagan.
9U bor obroʻyimni toʻkkan,
Boshimdagi tojimni tortib olgan.
10Menga har tomondan hujum qildi, tamom boʻldim,
Daraxtni sugʻurganday, umidimni sugʻurib tashladi.
11Uning gʻazabi menga qarshi qaynaydi,
U meni Oʻziga dushman deb hisoblaydi.
12Uning qoʻshinlari bostirib keladi.
Meni qamal qilish niyatida
Chodirim atrofida qarorgoh quradi.
13Xudo qarindosh–urugʻimni mendan uzoqlashtirdi,
Tanishlarim mendan yuz oʻgirdilar.
14Qarindoshlarim meni tark etishdi.
Doʻstlarim meni unutishdi.
15Uyimga kelgan mehmonlar ham,
Choʻrilarim ham menga begonaday qarashadi.
Ularning nazarida bir musofirday boʻlib qoldim.
16Xizmatkorimni chaqirsam, u javob bermaydi.
Unga oʻzim yalinib borishim kerak.
17Nafasim xotinimga jirkanch boʻlib qolgan,
Qarindosh–urugʻim mendan nafratlanadi.
18Hatto yosh bolalar ham mendan hazar qiladi.
Oyoqqa tursam, ular meni mazax qiladi.
19Hamma yaqin doʻstlarim mendan hazar qiladi.
Yaxshi koʻrganlarim ham mendan yuz oʻgirdi.
20Teriyu suyagimdan boshqa hech narsam qolmadi,
Oʻlishimga bir baxa qoldi.
21Ey doʻstlarim, menga rahm qilinglar,
Axir, meni Xudo urdi–ku!
22Xudo meni quvgʻin qilganday,
Nima uchun sizlar ham meni quvgʻin qilyapsizlar?
Meni yeb bitirdingiz–ku! Hali ham toʻymadingizmi?
23Qani endi, aytgan soʻzlarim yozib qoʻyilsa!
Ular kitobga tushirilsa!
24Temir qalamu qoʻrgʻoshin bilan#19:24 Temir qalamu qoʻrgʻoshin bilan… — temir qalam yordamida toshga harflar oʻyib yozilardi. Soʻng oʻyilgan harflarga eritilgan qoʻrgʻoshin quyilardi.
Qoyaga abadiy oʻyib bitilsa!
25Ammo men bilaman,
Mening Xaloskorim hayotdir,
Vaqti kelib#19:25 Vaqti kelib… — yoki Oxiratda…, yaʼni qiyomatda degan maʼnoni bildiradi. Ammo Ayub hayotligida oqlanishga umid qilayotgan boʻlishi mumkin, deb tushunsa ham boʻladi., U meni himoya qiladi#19:25 …U meni himoya qiladi — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …U tuproq ustida turadi. Koʻchma maʼnodagi bu ibora “birovning himoyasiga chiqish”ni bildiradi. Bu oʻrinda tuproq soʻzi 2:8 dagi kul soʻziga ishora qilayotgan boʻlishi ham mumkin. Bu holda tuproq Ayubning nochor ahvolini bildiradi, demak, Ayub hayotligida Xudo uni himoya qilishiga umid bogʻlagan boʻladi. Tuproq soʻzi yana boshqa bir maʼnoda ishlatilib, qabrga ishora qilayotgan boʻlishi ham mumkin. Agar qabr nazarda tutilgan boʻlsa, demak, Ayub oxirzamonda Xudo uni himoya qilishiga umid bogʻlagan boʻladi..
26Terim irib ketgan boʻlsa ham,
Mana shu tanamda Xudoni koʻraman.
27Men Uni oʻz koʻzlarim bilan koʻraman,
Ha, men koʻraman, boshqa hech kim emas.
Yuragim orziqib ketyapti!
28Agar sizlar: «Mana endi unga qarshi chiqamiz!
Axir, kulfatlarining ildizi oʻzida–ku», desangiz,
29Oʻzingiz jazodan qoʻrqing.
Xudo gʻazabi kelganda qilich bilan jazolaydi,
Shunda sizlar hukm borligini bilib olasizlar.”
Currently Selected:
Ayub 19: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020