Ayub 16
16
16–BOB
Ayubning beshinchi nutqi: u oʻzining aybsizligini taʼkidlaydi
1Ayub shunday javob berdi:
2“Men bunday narsalarni koʻp eshitganman,
Qanday noshud yupatuvchisizlar–a!
3Bu behuda gaplarning oxiri bormi oʻzi?!
Shunday gapirishga sizlarni nima undaydi?!
4Agar sizlar mening oʻrnimda boʻlganingizda edi,
Men ham sizlarday gapirsam boʻlardi.
Boshimni chayqab,
Sizlarga qarshi chiroyli soʻzlar aytsam boʻlardi.
5Ammo men soʻzlarim bilan sizlarga dalda bergan boʻlardim.
Gaplarim bilan dardingizni yengillashtirardim.
6Hozir esa, gapirsam ham dardim yengillashmaydi,
Gapirmasam ham azoblarim kamaymaydi.
7Ey Xudo, Sen meni ezib yubording,
Butun oilamni yoʻq qilding.
8Yuzimni ajinlar bilan toʻldirib tashlading.
Bular menga qarshi guvoh boʻladi.
Ozgʻinligim ham koʻzga tashlanib,
Menga qarshi guvohlik beradi.
9Xudo gʻazab bilan ortimdan quvib,
Meni ezib tashladi.
Tishlarini gʻichirlatib,
Koʻzlari bilan teshadi.
10Meni koʻrib, odamlarning ogʻzilari ochilib qoldi,
Ular meni mazax qilib, yuzimga urdilar.
Toʻdalashib, menga qarshi chiqish uchun yigʻildilar.
11Xudo meni betavfiqlar ixtiyoriga tashladi,
Fosiqlarning qoʻliga berib qoʻydi.
12Men tinchgina yashayotgan edim,
U meni parchalab tashladi,
Boʻynimdan ushlab, meni ezdi.
Keyin esa Xudo meni nishon qilib,
13Oʻz kamonlari bilan oʻrab oldi.
Rahm–shafqat qilmay,
Oʻqlari#16:13 Oʻqlari — 6:4 izohiga qarang. bilan meni ilma–teshik qilib tashladi.
Ichak–chovoqlarim yerga toʻkildi.
14Xudo qayta–qayta menga hujum qildi,
Mening ustimga jangchiday bostirib keldi.
15Qaygʻu–alamdan qanorga burkandim#16:15 Qaygʻu–alamdan qanorga burkandim… — qanor dagʻal qoramtir mato boʻlib, echki yoki tuya junidan toʻqilgan. Qanorga oʻranib olish umidsizlikni va qaygʻuli holatni ifodalaydi.,
Qanor xuddi terimga qoʻshib toʻqilganday boʻlib qoldi,
Gʻururim poymol boʻldi.
16Nolayu faryoddan yuzim qizarib,
Qovoqlarim qorayib ketgan.
17Lekin qoʻllarim yovuzlikdan uzoq,
Ibodatlarim pokdir.
18Ey tuproq, mening qonimni yashirma,
Mening faryodim yoʻqolib ketmasin.
19Mana, hozir mening Guvohim samodadir,
Mening Himoyachim yuksakda oʻtiribdi.
20Doʻstlarim meni mazax qilyapti#16:20 Doʻstlarim meni mazax qilyapti… — yoki Doʻstim men uchun shafoat qilyapti….,
Men esa Xudo oldida koʻz yosh toʻkaman.
21Qani endi birontasi
Oʻz yaqini uchun Xudoga iltijo qilganday,
Men uchun ham Xudoga yolvorsa.
22Chunki men koʻp vaqt oʻtmay
Borsa kelmas joyga ketaman.
Currently Selected:
Ayub 16: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020