YouVersion Logo
Search Icon

Ayub 15

15
15–BOB
Elifaz ikkinchi marta gapiradi: u Ayubni Xudodan qoʻrqmaslikda ayblaydi
1Keyin Temonlik#15:1 Temonlik — 2:11 izohiga qarang. Elifaz shunday dedi:
2“Dono kishi shunday behuda soʻzlar bilan javob bermagan boʻlardi!
Ogʻzini quruq gaplar bilan toʻldirmas edi!
3Befoyda soʻzlar aytib bahslashmagan boʻlardi!
Quruq gaplar aytmas edi!
4Sen Xudodan qoʻrqmay qoʻyding!
Toat–ibodatga toʻsqinlik qilyapsan.
5Gunohlaring senga gap oʻrgatyapti,
Xuddi ayyorlarday gapiryapsan.
6Men emas, oʻz ogʻzing seni hukm qilyapti,
Oʻz lablaring senga qarshi guvohlik beryapti.
7Nima, sen odamzodning toʻngʻichimisan?!
Qirlar yaratilmasdan oldin tugʻilganmisan?!
8Xudoning kengashida#15:8 Xudoning kengashi — Xudoning taxti atrofida samoviy mavjudotlar yigʻilgani haqida Eski Ahdda bir necha marta soʻz yuritilgan (misol uchun, 1:6-12, 2:1-6, 3 Shohlar 22:19-22, Zabur 81:1, 88:8 va Ishayo 6:1-8 ga qarang). qatnashganmisan?!
Nima, faqatgina oʻzingni dono deb bilasanmi?!
9Xoʻsh, biz bilmagan nimani bilasan?
Biz tushunmaganlarni sen tushunasanmi?
10Ha, oqsoqollar, keksalar,
Otangdan ham yoshi ulugʻroq boʻlganlar biz tomonda.
11Xudoning tasallisi senga kamlik qilyaptimi?!
Muloyimlik bilan aytgan soʻzi senga yetmayaptimi?!
12Nima uchun yuragingning amriga qarab ish tutasan?
Nima uchun koʻzlaringni chaqchaytirasan?
13Nima uchun sen Xudo bilan teskarisan?
Nimaga ogʻzingdan shunday soʻzlar chiqyapti?
14Inson oʻzi nedirki, pok boʻla olsa?!
Ayol zotidan tugʻilgan inson qanday qilib solih boʻla oladi?!
15Xudo hatto Oʻz farishtalariga ham ishonmaydi,
Hatto samo ham Uning nazarida pok emas.
16Shunday ekan, qabih va buzuq inson qanchalik tuban,
Axir, inson yovuzlikni suvday ichib yuboradi–ku!
17Quloq sol, men senga tushuntiraman,
Koʻrganimni aytib beraman.
18Senga donishmandlarning gaplarini aytaman.
Ular ajdodlaridan oʻrganib, yashirmasdan aytganlarini soʻzlab beraman.
19Faqat oʻsha dono insonlarga yurt berilgan edi,
Ularning orasida begonalar yoʻq edi.
20Fosiqlarning butun umri azob bilan oʻtadi,
Zoʻravonlarga berilgan barcha yillar sanoqlidir.
21Dahshatli tovushlar quloqlariga tinchlik bermaydi.
Farovonlik chogʻida ham ularning ustiga bosqinchi bostirib keladi.
22Fosiqlar zulmatdan qochib qutulishga umid qilmaydilar,
Ularning peshanasiga qilichdan oʻlish yozilgan.
23Ular non izlab daydib yuradilar#15:23 …non izlab daydib yuradilar… — ibroniycha matndan. Qadimiy yunoncha tarjimada …daydib yurib, kalxatlarga yem boʻladilar….,
Zulmat kuni yaqinligini biladilar.
24Qoʻrquv va qaygʻu ularni dahshatga soladi,
Urushga tayyorlanayotgan shohday, vahimada yashaydilar.
25Ular qoʻllarini Xudoga qarshi koʻtargani,
Qodir Xudoga boʻysunmaganlari uchun shunday boʻladi.
26Mustahkam qalqonlarini koʻtarib,
Oʻjarlik bilan Unga qarshi chiqadilar.
27Chunki ular semirib, yuzlari yiltirab ketgan,
Qorniyu bellarini yogʻ bogʻlab ketgan.
28Ular vayrona shaharlarda yashaydilar.
Qulab tushay deb turgan,
Hech kim yashamaydigan uylarda turadilar.
29Ular boyligicha qolavermaydilar, boyliklari abadiy emas.
Mol–dunyosi yer yuzidan yoʻq boʻlib ketadi.
30Ular zulmatdan qochib qutula olmaydilar.
Ha, ular shoxlari yongan daraxtga oʻxshaydilar.
Xudoning nafasi ularni uchirib yuboradi.
31Behuda narsalarga umid bogʻlab, oʻzlarini aldamasinlar,
Ularning mukofoti oʻsha behuda narsalar boʻladi.
32Vaqti–soati yetmay turib, ular toʻliq jazo oladilar,
Novdalari gullab–yashnamaydi.
33Uzumlari pishmay turib uzib olingan tokday,
Gullari toʻkilib, meva tugmagan zaytun daraxtiday boʻlib qoladilar.
34Betavfiqlar toʻdasi biror avlod qoldirmay oʻtib ketadi,
Poraxoʻrlarning chodirlarini olov yondirib yuboradi.
35Fosiqlar buzuqlikka homilador boʻlib, yovuzlik tugʻadilar,
Yuraklarida faqat yolgʻon tugʻiladi.”

Currently Selected:

Ayub 15: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in