Ayub 10
10
10–BOB
Ayub Xudoga shikoyat qilmoqchi boʻladi
1Hayotdan toʻydim!
Evoh, endi bemalol shikoyat qilishdan,
Alam–hasrat bilan gapirishdan oʻzimni tiymayman.
2Xudoga shunday deyman: «Meni hukm qilavermasdan,
Menga qarshi boʻlgan daʼvolaringni ayt.
3Meni ezishdan Senga biror foyda bormi oʻzi?
Fosiqlarga shodlik bilan farovonlik beryapsan–u,
Nima uchun meni — Oʻz qoʻllaring ijodini rad etyapsan?!
4Sening insonnikiga oʻxshash koʻzlaring bormi?!
Sening dunyoqarashing insonlarniki bilan birmi?!
5Umring inson umriday qisqami?!
Yillaring inson hayoti yillariday emas–ku!
6Nima uchun mendan ayb qidirasan,
Gunoh topishga harakat qilasan?
7Axir, Oʻzing bilasan, men aybsizman,
Hech kim meni Sening qoʻlingdan qutqara olmaydi.
8Axir, qoʻllaring bilan meni Oʻzing yasagansan,
Oʻzing meni yaratgansan,
Endi esa meni butunlay halok qilmoqchisan.
9Sen meni loydan bunyod qilganingni eslagin.
Endi meni yana tuproqqa qaytarmoqchimisan?!
10Meni sutday quyib,
Pishloqday qotirgan Oʻzing–ku#10:10 Meni sutday quyib, Pishloqday qotirgan Oʻzing–ku — koʻchma maʼnodagi bu ibora Ayub onasining qornida paydo boʻlgan lahzaga va homila boʻlib shakllangan davrga ishora qiladi..
11Sen Oʻzing meni etu teri bilan qoplab,
Menga suyagu paylar ato qilding.
12Sen menga hayot bagʻishlab, sadoqatli sevgingni koʻrsatding.
Oʻzing gʻamxoʻrlik qilib, hayotimni saqlading.
13Lekin yuragingda boshqa bir niyat bor edi.
Sening oʻy–xayollaringni bilaman:
14Gunoh qilsam, meni kuzatib turgan boʻlasan,
Aybimni jazosiz qoldirmaysan.
15Fosiq boʻlsam, oʻzimdan koʻray!
Ammo aybsiz boʻlsam ham,
Shunchalik uyatga qoldimki,
Shunchalik qaygʻuga botdimki,
Boshimni koʻtara olmayapman.
16Boshimni koʻtarsam, sherday meni poylaysan,
Oʻz buyuk qudratingni menga qarshi ishlatasan.
17Menga qarshi yangi guvohlar chaqiraverasan.
Menga boʻlgan gʻazabing yanada oshib boraveradi,
Ustimga yana yangi qoʻshinlar bostirib kelaveradilar.
18Evoh, nima uchun meni bu dunyoga keltirding?
Qaniydi, tugʻilishim bilanoq,
Birov meni koʻrib ulgurmasdan,
Oʻlib qoʻya qolganimda edi.
19Hech narsa koʻrmagan boʻlardim,
Onam qornidan toʻgʻri qabrga borgan boʻlardim.
20Hayotim qisqa, kunlarim sanoqli emasmi, axir?!
Meni tinch qoʻy, ozgina boʻlsa ham, xursand boʻlay.
21Hech kim qaytib kelmaydigan zulmat yurtiga#10:21 Hech kim qaytib kelmaydigan zulmat yurti — bu ibora va keyingi toʻrt misra Sheoʻlga, yaʼni oʻliklar diyoriga ishora qiladi. 7:9 izohiga qarang.,
Tim qorongʻi yerga borishimdan oldin ozgina quvonay.
22Tun yarmidagi zulmatday qorongʻi boʻlgan yurtga ketaman.
Qop–qorongʻi hech bir tartib boʻlmagan bir joyga,
Hatto nuri ham zulmat boʻlgan yerga ketaman, axir!»”
Currently Selected:
Ayub 10: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020