YouVersion Logo
Search Icon

Yeremiyo 3

3
3–BOB
Bevafo Isroil
1Egamiz shunday demoqda: “Bir odam xotini bilan ajrashdi, deylik. Agar xotini borib, boshqasiga turmushga chiqsa, oldingi eri uni qayta nikohiga olishi mumkinmi?! Bunday bemaʼnigarchilik yurtni harom qilib yubormaydimi?!#3:1 Bunday bemaʼnigarchilik yurtni harom qilib yubormaydimi?! — Qonunlar 24:1-4 ga qarang. Ey Isroil, sen koʻp oʻynashlar orttirib fohishalik qilding. Endi qaysi yuz bilan oldimga qaytib kelmoqchisan?!
2Atrofingdagi yalang qirlarga nazar solib, qara!
Sen fohishalik qilmagan biror joy qoldimi?!#3:2 Sen fohishalik qilmagan biror joy qoldimi?! — 2:20 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang.
Sen yoʻl boʻylarida oʻtirib, oʻynashlaringni kutding.
Choʻlda bosqinchilik qilishga shay turgan qaroqchiday boʻlding.
Menga qilgan bevafoliging va fosiqliging bilan,
Butun yurtni harom qilding.
3Shu sababdan yomgʻir yogʻmadi,
Bahorda yogʻingarchilik boʻlmadi.
Sen fohishaday bezbetsan,
Uyat degan narsani bilmaysan.
4Endi esa Menga: «Otajonimsan», deyapsan,
«Yoshligimdan buyon doʻstimsan», deb aytyapsan!
5«Hadeb mendan jahling chiqaveradimi?» deysan,
«Bir umr menga gʻazabingni sochasanmi?» deb aytasan,
Oʻzing esa imkoning boricha yovuzlik qilaverasan.”
Isroil va Yahudo xalqlari tavbaga chaqiriladi
6Shoh Yoʻshiyo davrida#3:6 Shoh Yoʻshiyo davrida — 1:2 ning ikkinchi izohiga qarang. Egamiz menga shunday dedi: “Bevafo Isroilning#3:6 Isroil — shimoliy shohlikning aholisi nazarda tutilgan (2:4 izohiga qarang). qilmishlarini koʻrdingmi? Har bir baland tepalikda va har bir yashil daraxt ostida u fohishalik qildi#3:6 …u fohishalik qildi — 2:20 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang.. 7-8Barcha qilmishlaridan keyin ham, oldimga qaytib keladi, deb oʻylagan edim. Lekin u qaytib kelmadi. Shuning uchun Men sadoqatsiz Isroilga taloq xatini berib, joʻnatib yubordim#3:7-8 Men sadoqatsiz Isroilga taloq xatini berib, joʻnatib yubordim — Xudo Isroil xalqini jazolaganiga ishora. Miloddan oldingi 722 yilda Ossuriyaliklar Isroilga, yaʼni shimoliy shohlikka hujum qilib, poytaxti Samariyani zabt etdilar. Soʻng Isroil xalqining aksariyat qismini Ossuriyaga surgun qildilar (4 Shohlar 17:1-6 ga qarang). Shunday qilib, shimoliy shohlik barham topdi.. Uning singlisi Yahudo esa buni koʻrgan edi. Shunga qaramay bu munofiq zarracha ham qoʻrqmadi, u Menga vafo qilmay, fahshga berildi. 9Isroil tosh va yogʻochdan yasalgan xudolarga sigʻinib, zino qilgan edi. Yengiltaklik bilan fohishalik qilib, yurtni harom etgan edi. 10Bularga qaramay, uning munofiq singlisi Yahudo Menga sof koʻngil bilan qaytmadi. U koʻzboʻyamachilik qildi”, — deb aytmoqda Egamiz.
11Keyin Egamiz menga shunday dedi: “Bevafo Isroil, munofiq Yahudoga qaraganda, oʻzini solih qilib koʻrsatdi. 12Qani, shimolga bor, u yerda ushbu soʻzlarni jar solib ayt: «Egamiz shunday demoqda: ey bevafo Isroil, Menga yuz bur! Endi Men senga gʻazabimni sochmayman, Men rahmdilman, — deb aytmoqda Egamiz. — Sendan to abad gʻazablanmayman. 13Faqatgina gunohingni tan olgin: sen Egang Xudoga qarshi bosh koʻtarding, har bir yashil daraxt ostida begona xudolarga sajda etib, zino qilding, Mening gapimga kirmading, — deb aytmoqda Egamiz.»”
14Egamiz shunday demoqda: “Ey sadoqatsiz farzandlar, oldimga qaytinglar! Zero, Men xoʻjayiningizman. Har bir shahardan bittangizni, har bir xonadondan ikkitangizni olib, Quddusga#3:14 Quddus — ibroniycha matnda Sion. Eski Ahddagi sheʼriy parchalarda va paygʻambarlar bitiklarida Sion soʻzi koʻpincha Quddus shahriga yoki Xudoning xalqiga nisbatan ishlatilgan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SION soʻziga qarang. olib kelaman. 15Men sizlarga koʻnglimdagi choʻponlarni beraman. Ular sizlarni donolik va bilim bilan boshqarishadi. 16Sizlar yurtda koʻpayib, uvali–juvali boʻlasizlar. Shunda xalq Mening Ahd sandigʻim#3:16 Ahd sandigʻi — Xudo Oʻz xalqi orasida ekanligining ramzi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi AHD SANDIGʻI iborasiga qarang. haqida gapirmaydigan boʻladi. Ular Sandiq haqida oʻylashmaydi, uni esga ham olishmaydi, zarurati boʻlmagani uchun yangisini yasashmaydi#3:16 …Mening Ahd sandigʻim…yangisini yasashmaydi — Bobilliklar miloddan oldingi 586 yilda Quddusni bosib olganlarida Ahd sandigʻini yoʻq qilib yuborgan yoki oʻzlari bilan olib ketgan boʻlishlari mumkin.. 17Zero, oʻsha vaqtda Quddus «Egamizning Taxti» deb ataladi. Hamma xalqlar Menga sajda qilish uchun Quddusda, Mening huzurimda toʻplanadilar. Shundan keyin ular hech qachon yovuz yuraklarining oʻjarliklariga itoat qilmaydilar. 18Oʻsha kunlarda Yahudo va Isroil xalqlari birlashadi. Ular shimoldagi yurtdan Men ota–bobolaringizga mulk qilib bergan yurtga birga qaytib kelishadi.
19Men, Egangiz, ichimda shunday degan edim:
«Seni jon–jon deya Oʻzimga farzand qilib olgan boʻlar edim,
Senga ajoyib yurtni sovgʻa qilgan boʻlar edim,
Xalqlarning eng goʻzal mulkini senga bergan boʻlar edim.»
Meni «Otajonim deysan», deya niyat qilgan edim,
Mendan hech qachon yuz oʻgirmaysan, deb oʻylagan edim.
20Ammo, ey Isroil, Menga bevafolik qilding!
Sen eriga xiyonat qilgan ayolday boʻlding,
— deb aytmoqda Egamiz. —
21Yap–yalang qirlar uzra figʻon eshitilmoqda,
Isroil xalqi dodu faryod solmoqda.
Zotan, ular haq yoʻldan ozgan edilar,
Oʻzlarining Egasi Xudoni unutib yuborgan edilar.
22Ey sadoqatsiz farzandlarim, orqaga qaytinglar!
Bevafo qalbingizga Men shifo beraman.
Sizlar Menga shunday deysizlar:
«Mana, oldingga qaytyapmiz,
Axir, Egamiz Xudo Sensan.
23Biz qirlarda butlarga sajda qilar edik,
Qattiq shovqin–suron koʻtarar edik.
Ammo hammasi behuda ekan.
Yagona najotkorimiz Sensan, ey Egamiz Xudo.
24Bu yaramas butlar bolaligimizdan buyon,
Otalarimizning mehnatini yoʻqqa chiqardi,
Ularni mol–qoʻylaridan ayirdi,
Oʻgʻil–qizlaridan judo qildi.
25Keling, sharmandalikni oʻzimizga toʻshak qilaylik,
Uyatni yopinchiq qilib, ustimizga yopaylik!
Axir, ota–bobolarimiz bilan biz
Egamiz Xudoga qarshi gunoh qildik.
Yoshligimizdan to bugungacha
Egamiz Xudoning gapiga kirmadik.»”

Currently Selected:

Yeremiyo 3: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

YouVersion uses cookies to personalize your experience. By using our website, you accept our use of cookies as described in our Privacy Policy