Ishayo 13
13
13–BOB
Xudo Bobilni jazolaydi
1Omiz oʻgʻli Ishayoga vahiyda Bobil toʻgʻrisida ayon boʻlgan bashorat.
2Yalang tepalik uzra bayroq koʻtaring,
Bobilga qarshi jangchilarni safarbar qiling.
Hammasini jangga daʼvat eting,
Ular aslzodalar darvozalarini ishgʻol qilsin.
3Egam aytar: “Men Oʻzim tanlaganlarga amr berib,
Qahrimni koʻrsatsin deb, jangchilarimni yigʻdim,
Gʻalabamdan sevinadiganlarni toʻpladim.”
4Qirlardagi olomonning tovushi
Oʻxshaydi buyuk xalqning ovoziga.
Ana, shohliklarning shovqin–suroni!
Elatlar yigʻilmoqda.
Jang qilmoqqa lashkarini
Sarvari Olam tayyorlamoqda.
5Kelayotir ular uzoq yerlardan,
Ha, osmon gumbazining bir burchidan.
Egam va Uning gʻazab qurollari
Vayron qiladi butun yer yuzini.
6Faryod qil, Egamizning kuni#13:6 Egamizning kuni — Eski Ahddagi paygʻambarlar bitiklarida bir necha marta uchraydigan ibora. Koʻpincha bu ibora Xudo beradigan jazoga ishora qiladi. Bu ibora yana qiyomat kunidagi Xudoning hukmiga nisbatan ham ishlatiladi. Oʻsha kuni Xudo Oʻz dushmanlari ustidan gʻalaba qozonadi va ularni jazolaydi, Oʻziga sodiq qolganlarga esa orom bagʻishlaydi, ularga tinchlik va qut–barakalar ato qiladi. yaqin!
Ha, Qodir Xudo kulfat yuboradi!
7Hamma qoʻllardan darmon ketadi,
Har bir inson vahimaga tushadi.
8Ular dahshatga tusharlar,
Dardu iztirob ularni chulgʻar,
Toʻlgʻoq tutgan ayolday bukchayib qolar.
Bir–biriga qoʻrquv ichra qarar,
Ularning yuzlari lovullab yonar.
9Mana, kelayotir Egamizning kuni!
Alanga olayotir gʻazabu qahr, dahshat.
Vayronaga aylantirar yer yuzini,
Yer yuzidan qirib tashlar gunohkorlarni.
10Ha, samodagi yulduzlar, burjlar
Taratmaydi oʻz yorugʻligini.
Quyosh chiqsa ham, zulmat boʻladi,
Oy oʻz nurini sochmaydi.
11Egam aytar:
“Olam bilan hisob–kitob qilaman qabihligi uchun,
Fosiqlar bilan ularning gunohi uchun,
Manmanlarning kiborligiga chek qoʻyaman,
Takabburlarni dimogʻdorligi uchun yerga uraman.
12Insonni kamyob qilarman sof oltindan ham,
Odamni Ofir oltinidan ham.
13Gʻazabim alangalangan kun
Samoni titratib yuborarman.
Men, Sarvari Olamning gʻazabidan
Zamin qoʻzgʻaladi oʻz oʻrnidan.
14Shunda inson ovdagi jayronday boʻlar,
Choʻponsiz qolgan suruvday boʻlar,
Har biri oʻz xalqiga qaytib ketadi,
Har biri oʻz yurtiga qochib boradi.
15Topilganlarning har biri nayzaga ilinadi,
Qoʻlga tushgan har kim qilichdan oʻtkaziladi.
16Oʻzlarining koʻz oʻngida
Chaqaloqlari tilka–pora boʻladi.
Uylari talon–taroj boʻladi,
Xotinlariga tajovuz qilinadi.
17Mana, Midiyaliklarni#13:17 Midiyaliklar — Midiya hozirgi Eronning shimoli–gʻarbida joylashgan qudratli shohlik edi. Keyinchalik Midiya Fors shohligining eng muhim viloyatlaridan biri boʻlib qoldi. ularga qarshi qoʻyaman,
Midiyaliklarga kumushning hech keragi yoʻq,
Ular oltinni ham istamaslar.
18Ularning oʻqlari yoshlarni qiradi,
Shafqat koʻrsatmaydi ular bolalarga,
Rahm qilmaydi ona qornidagilarga.
19Bobil shahri shohliklarning goʻzali,
Bobildir — Bobilliklarning#13:19 Bobilliklar — ibroniycha matnda Xaldeylar, oʻsha vaqtda Bobilliklar shu nom bilan ham atalardi. ulugʻvor durdonasi.
Ammo Men, Xudo, yer bilan yakson qilaman
Xuddi Sadoʻm, Gʻamoʻra#13:19 Sadoʻm, Gʻamoʻra — 1:9 izohiga qarang. kabi uni.
20Endi u yerda hech kim yashamas,
To abad hech kim uni maskan qilmas.
U yerda hatto chodir qurilmas,
Choʻponlar suruvlarini oʻtlatmas.
21Ammo yovvoyi hayvonlar bu yerda yotar,
Uylar yirtqichlar bilan toʻlar,
U yerda boyqushlar joylashar,
Echkilar u yerda shataloq otar.
22Uvullashar sirtlonlar qalʼalarda,
Chiyaboʻrilar goʻzal saroylarda.
Oʻsha vaqt yaqin orada keladi,
Oʻsha kun kelmasdan qolmaydi.”
Currently Selected:
Ishayo 13: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020