YouVersion Logo
Search Icon

Ishayo 14

14
14–BOB
Isroil xalqi surgundan qaytadi
1Ammo Yoqub nasliga Egam shafqat qiladi,
U yana Isroil xalqini tanlab oladi.
Yoqub nasliga oʻz yerida orom beradi,
Birlashadi musofirlar ular bilan,
Qoʻshiladi Yoqub xonadoni bilan.
2Xalqlar oʻz yurtlariga Isroilni boshlab boradi,
Ular Isroil xalqining mulki boʻladi.
Isroil Egamning yerida xalqlarni qul, choʻri qiladi.
Oʻzini asir qilganlarni Isroil xalqi asir qiladi,
Zolimlar ustidan u hukmronlik qiladi.
Bobil shohi mazax boʻladi
3Egam sizni qaygʻu, dard–alamdan qutqarganda, sizga azob bergan ogʻir ishdan xalos qilganda, 4Bobil shohini masxaralab bu soʻzlarni aytasiz:
“Mana, zolimning kuni bitdi–ya!
Zoʻravon#14:4 Zoʻravon — Qumron qoʻlyozmalaridan, qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalardan. tamom boʻldi–ya!
5Egam sindirdi fosiqlarning tayogʻini,
Hukmdorlarning hassasini!
6Bu hassa xalqlarni rosa urardi,
Toʻxtovsiz kaltaklardi,
Xalqlarga gʻazab ila hukmronlik qilardi,
Shafqat qilmay taʼqib qilardi.
7Jamiki zamin tinch, osuda,
Ular sevinch ila qoʻshiq aytmoqda.
8Hatto sarv daraxtlari halokatingdan mamnun,
Lubnon sadrlari ham aytar:
«Endi sen chuqurda yotibsan,
Hech kim bizni kesgani kelmas.»
9Oʻliklar diyori#14:9 Oʻliklar diyori — ibroniycha matnda Sheoʻl (shu bobning 11, 15–oyatlarida ham bor). 5:14 izohiga qarang. jonlanib qoldi:
Ana, keldi, kutib olaylik, deya.
Qara, uygʻondi seni deb
Yer yuzi yoʻlboshchilarining ruhlari.
Taxtlaridan oyoqqa qalqidi
Jamiki xalqlarning shohlari.
10Ey Bobil shohi!
Hammalari senga qarab aytadi:
«Hatto sen ham bizday nochor boʻlding–a,
Bizning kunimiz tushdi sening boshingga.»
11Ulugʻvorliging, kayfu safolar tovushi
Uloqtirildi oʻliklar diyoriga!
Ostingdagi qurtlar koʻrpachangdir,
Chuvalchanglar sening toʻshagingdir.
12Qanday qilib tushib ketding samodan,
Ey Zuhra yulduz, Tong oʻgʻli?!
Xalqlarni yerga uloqtirgan eding!
Yerga qulab tushding–ku oʻzing!
13Ha, oʻzingcha aytgan eding:
«Men chiqib boraman samolarga,
Taxtimni koʻtaraman
Xudoning yulduzlari tepasiga.
Oʻtiraman xudolar yigʻiladigan togʻda,
Shimolning eng chekkasida.
14Bulutlar tepasiga chiqib boraman,
Xudoyi Taoloday boʻlaman.»
15Ammo sen uloqtirilgansan oʻliklar diyoriga,
Chuqurlikning tub–tubiga.
16Koʻrganlar senga tikilib qoladi,
Koʻngillarida shunday oʻy kechadi:
«Oʻsha odammi bu zaminni titratgan,
Shohliklarni larzaga solgan?!
17Shumi olamni sahroga aylantirgan?!
Shaharlarni yer bilan yakson qilgan,
Asirlarni qoʻyib yubormagan?!»
18Xalqlarning shohi boʻlganlarning hammasi
Muhtasham qabrlarida yotibdi.
19Ammo sen uloqtirilgansan
Jirkanch chirik novdaday qabringdan.
Tosh chuqurga tushadigan jasadlar,
Qilichdan qulagan jasadlar
Boʻlar sening kafaning.
20Axir, oʻz yurtingni vayron qilgansan,
Xalqingni oʻzing oʻldirgansan.
Endi ular qatori dafn qilinmassan.
Ey fosiq, sening nasling
To abad tilga olinmas!
21Otasining#14:21 Otasi — qadimiy yunoncha va suryoniycha tarjimalardan. Ibroniycha matnda Ota–bobolari. gunohlari uchun
Oʻgʻillarini jallodga topshiring.
Ular aslo koʻtarilmas.
Endi yerga egalik qilmas,
Yer yuzida shaharlar barpo qilmas.”
Xudo Bobilni vayron qiladi
22Quyidagilar Sarvari Olamning soʻzidir. “Men Bobilga qarshi qoʻzgʻalaman. Bobildagilarning nomini ham, qolgan–qutganini ham, urugʻ–aymogʻini ham yoʻq qilaman”, — deb aytmoqda Egamiz. 23“Men Bobilni tipratikanlarga mulk qilib beraman. Uni botqoqqa aylantiraman. Xarobazor qilib, supurib tashlayman”, — deb aytmoqda Sarvari Olam.
Xudo Ossuriyani vayron qiladi
24Sarvari Olam ont ichib aytdi:
“Ha, Mening belgilaganim bajo boʻladi,
Mening rejalashtirganim amalga oshadi.
25Ossuriya xalqini Oʻz yerimda yakson etaman,
Togʻlarimda uni oyoq osti qilaman.
Uning boʻyinturugʻi yurtimdan olinadi,
Yuki Isroilning yelkalaridan uloqtiriladi.
26Butun olam uchun shu rejani tuzdim,
Butun xalqlarga qarshi qoʻlimni koʻtardim.”
27Sarvari Olam reja qilgan!
Qani, buni kim bekor qila oladi?!
U xalqlarga qarshi qoʻl koʻtardi!
Qani, Uni kim toʻxtata oladi?!
Xudo Filistlarni xonavayron qiladi
28Shoh Oxoz vafot etgan yili#14:28 Shoh Oxoz vafot etgan yili — Oxoz Yahudoda, yaʼni janubiy shohlikda hukmronlik qilib, taxminan miloddan oldingi 715 yili vafot etgan. bu bashorat ayon qilindi:
29“Bizni urgan tayoq#14:29 Bizni urgan tayoq — shoh Oxoz yoki Ossuriya shohlaridan biri nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. sindi”, deb
Sevinmangiz, ey Filistlar!
Axir, ilonning tuxumidan qora ilon chiqadi!
Uning bolasi vahimali ajdar boʻladi!
30Mana, qashshoqlarning toʻngʻichi toʻyyapti,
Muhtojlar eson–omon yotibdi.
Ammo sizning ildizingizni ochlikdan quritaman,
Qolgan–qutganlaringiz esa qirilib ketasiz.
31Ey Filistlar, hammangiz
Azadan adoyi tamom boʻlasiz.
Faryod qil, ey darvoza! Yigʻla, ey shahar!#14:31 Ey Filistlar…ey shahar! — Filist xalqi quyidagi beshta shahar–davlatni barpo qilgan edi: Gʻazo, Ashdod, Ashqalon, Exron va Gat. Bu shaharlar Filistiyada, Oʻrta yer dengizi yaqinida joylashgan edi.
Shimoldan#14:31 Shimoldan — shimol tomondan hujum qiladigan Ossuriya va Bobil xalqlariga ishora. urush hidi chiqayotir,
Oʻsha lashkar safdan chiqmay kelayotir.
32Xalqlarning elchilariga qanday javob berilar?
“Egamiz Quddusni#14:32 Quddus — ibroniycha matnda Sion. 1:8 izohiga qarang. barqaror qildi.
Oʻz xalqi orasida muhtoj boʻlganlar
U yerda panoh topadi”, javobi shudir.

Currently Selected:

Ishayo 14: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in