Ishayo 11
11
11–BOB
Tinchliksevar shohlik haqida bashorat
1Essayning#11:1 Essay — shoh Dovudning otasi. tomiridan novda oʻsib chiqadi,
Ha, uning ildizidan koʻchat yoyiladi.
2Uning ustida boʻladi Egamizning Ruhi.
Bu donolik hamda aql–idrok,
Nasihat va kuch–qudrat Ruhidir,
Egamizni bilish va Undan qoʻrqish Ruhidir.
3Oʻsha Essay farzandi
Egamizdan qoʻrqishdan zavq olar,
Hukm qilmas koʻzlari koʻrgani ila,
Ajrim qilmas eshitganlari ila.
4U adolat ila bechorani hukm qiladi,
Toʻgʻrilik ila yer yuzi mazlumlarini ajrim qiladi.
Bir ogʻiz soʻzi bilan zolimni jazolaydi,
Nafasi ila fosiqni oʻldiradi.
5Adolat uning belidagi kamar boʻladi,
Haqqoniyat uning belidagi belbogʻ boʻladi.
6Shunda boʻri qoʻzi bilan yashar,
Sirtlon bilan uloqcha birga yotar,
Buzoq, sher, boʻrdoqi birgadir,
Yosh bola ularni yetaklab yurar.
7Sigir bilan ayiq birga oʻtlaydi,
Bolalari ham birga yotadi,
Sher hoʻkizga oʻxshab somon yeydi.
8Goʻdak qora ilon uyasi ustida oʻynar,
Yosh bola qoʻlini ilon iniga suqar.
9Muqaddas togʻimning#11:9 Muqaddas togʻim — Quddusdagi Sion togʻiga ishora. 4:5 ning ikkinchi izohiga qarang. gir atrofida
Ular zarar keltirmas yo chaqmas.
Ha, suvlar toʻldirganiday dengizni,
Yer yuzi toʻliq bilib oladi Egamizni.
10Mana, Essayning tomiridan chiqqan#11:10 …Essayning tomiridan chiqqan… — yaʼni shoh Dovudning naslidan boʻlgan (shu bobning 1–oyati izohiga qarang). shoh oʻsha kuni xalqlar uchun baland koʻtarilgan bayroq kabi boʻladi. Elatlar maslahat soʻragani uning huzuriga keladi, Uning maskani ulugʻvorlikka toʻladi.
11Oʻsha kuni Rabbiy qoʻlini ikkinchi marta uzatadi. U Oʻz xalqidan qolganlarini qutqaradi. Ularni Ossuriyadan, Misrning shimoliy va janubiy hududlaridan#11:11 Misrning shimoliy va janubiy hududlaridan… — ibroniycha matnda Misrdan, Patroʻsdan…. Misrning janubiy hududi qadimda Patroʻs nomi bilan atalar edi., Habashistondan#11:11 Habashiston — ibroniycha matnda Kush. Bu joy Misrdan janubda boʻlib, hozirgi Sudan va Efiopiya mamlakatlarining bir qismini oʻz ichiga olgan edi. yigʻib keladi. Elamdan#11:11 Elam — bu yurt Bobil yurtidan janubi–sharqda, hozirgi Eron hududida joylashgan edi., Bobildan#11:11 Bobil — ibroniycha matnda Shinar, Mesopotamiyadagi, yaʼni Dajla va Furot daryolari orasida joylashgan yerlardagi bir hududning qadimgi nomi. Bobil shohligi dastlab shu yerda barpo boʻlib, keyinchalik koʻp yerlarni egallagan buyuk shohlik boʻlgan., Xomatdan#11:11 Xomat — bu shahar hozirgi Suriyada joylashgan edi. va dengiz sohillaridan olib keladi.
12Elatlarga U belgisini koʻrsatib,
Isroilning quvilganlarini toʻplaydi.
Yer yuzining toʻrt burchagidan yigʻadi
Yahudoning tarqalib ketganlarini.
13Efrayimning#11:13 Efrayim — 7:2 ning ikkinchi izohiga qarang. hasadgoʻyligini qirqadi,
Yahudoning xusumatini toʻxtatadi,
Efrayim Yahudoga hasad qilmas,
Yahudo Efrayimga xusumat qilmas.
14Gʻarbda ular Filistlarga changal soladi,
Birgalikda Sharq xalqini talaydi,
Edom, Moʻab#11:14 Edom, Moʻab — Edom Oʻlik dengizning janubida, Moʻab Oʻlik dengizning sharqida joylashgan yurtlar edi. ularga boʻyin egadi,
Ommon xalqi#11:14 Ommon xalqi — Iordan daryosining sharq tomonidagi hududlarda yashagan xalq. tiz choʻkadi.
15Egamiz tamomila qirib yuborar
Qizil dengizning qoʻltigʻini#11:15 Qizil dengizning qoʻltigʻi — ibroniycha matnda Misr dengizining tili, hozirgi Suets qoʻltigʻi nazarda tutilgan..
Furot daryosiga qarshi qoʻl koʻtaradi.
Garmsel#11:15 Garmsel — issiq shamol. keltirib, jizgʻanak qilib,
Daryoni yetti sayoz irmoqqa boʻlib tashlaydi,
Irmoqlardan bir–bir hatlab oʻtsa boʻladi.
16Ha, Isroil Misrdan chiqqanda,
Ularga yoʻl ochilganiday
Egamizning xalqidan qolganlarga
Ossuriyadan katta yoʻl ochiladi.
Currently Selected:
Ishayo 11: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020