Ishayo 10
10
10–BOB
1Ey siz, yovuz farmonlar chiqaradiganlar,
Qonunlar yozib, jabr keltiradiganlar.
2Kambagʻalni adolatdan mahrum qilyapsiz,
Mazlum xalqimni talayapsiz,
Ovingiz boʻlayotir bevalar,
Oʻljangiz boʻlayotir yetimlar.
3Qiyomat kuni kelganda, siz nima qilasiz?
Uzoqdan balo kelganda, nima qilasiz?
Yordam soʻrab kimga qochib borasiz?!
Boyligingizni qayerga olib ketasiz?!
4Yoʻq, asir boʻlib yiqilib qolasiz,
Yo jasadlar tagida qolib ketasiz.
Ammo shunday boʻlsa ham,
Egam tushmas gʻazabidan,
Uning qoʻli hamon
Isroilga qarshi koʻtarilgan.
Xudo takabbur Ossuriyani hukm qiladi
5Egam aytar: “Mana Ossuriya!#10:5 Ossuriya — miloddan oldingi 701 yilda Isroilni bosib olgan Ossuriya shohi Sanxariv nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. Gʻazabimning hassasi!
Uning qoʻlidadir qahrimning tayogʻi!
6Men uni shakkok elga qarshi yuboraman,
Gʻazabimni oʻsha xalqqa qarshi sochaman,
Ovlab, oʻlja qil, deb unga amr qilaman.
Xalqlarni loyday oyoq osti qiladi u.
7Ammo Ossuriya Mening qurolim ekanini
Xayoliga ham keltirmas,
Bular haqida u oʻylamas ham.
Uning fikri–yodi:
Xalqlarni qirib tashlashdir,
Bitta qoʻymay ularni yoʻq qilishdir.
8Ossuriya shohi shunday oʻylaydi:
«Lashkarboshilarim shohlar emasmi?!
9Xalno shahrini Karxamish shahriday vayron qilmadikmi?!
Xomat ham Arpadday#10:9 Xalno…Karxamish…Xomat…Arpad… — bu shaharlar hozirgi Suriyaning shimolida joylashgan edi. quladi–ku!
Samariya Damashq#10:9 …Samariya Damashq… — Samariya Isroilning, yaʼni shimoliy shohlikning poytaxti, Damashq Oram yurtining poytaxti edi. kabi emasmi?!
10Olganimday behuda butlar shohliklarini,
Olaman Quddusu Samariyaning sanamlarini.
11Ne qilgan boʻlsam Samariya va uning sanamlarini,
Shunday qilaman Quddusu uning butlarini.»”
12Ammo Rabbiy tuzgan rejalarini Sion togʻida va Quddusda amalga oshirgandan keyin, shunday deydi: “Endi takabbur, kibor Ossuriya shohi bilan hisob–kitob qilaman. 13Axir, Ossuriya shohi shunday degan edi:
«Oʻz kuchim bilan bularni amalga oshirdim,
Donoligim bilan qildim, axir, idrokliman.
Xalqlarning chegarasini yoʻq qildim,
Ularning xazinalarini oʻlja qilib oldim.
Qudratli shohlarini taxtdan uloqtirdim.
14Qush iniga qoʻl suqib tuxum yiqqani kabi,
Xalqlarning boyliklarini toʻpladim.
Tashlab ketilgan tuxumlarni qanday toʻplasalar,
Jamiki yurtlarni men shunday yigʻib oldim.
Yo qanot qoqqan, ogʻzin ochgan,
Yo ovozin chiqargan birov boʻlmadi.»”
Ishayoning Ossuriya shohiga javobi
15Bolta maqtanarmi uni ishlatganga?!
Arra oʻzini maqtaydimi uni qoʻlga olganga?!
Kaltak ushlaganni kaltakning oʻzi koʻtaradimi?!
Hassa oʻzini ushlaganni koʻtaradimi?!
16Ey Ossuriya,
Shu bois Sarvari Olam — Rabbiy
Ogʻir xastalikni yuborar pahlavonlaringiz orasiga.
Kasalliklarining qizgʻin pallasida
Ularning badanlaridan oʻt chiqadi,
Ular goʻyo lov–lov etib yonadi.
17Isroilning Nuri yolqin boʻladi,
Isroil xalqining Muqaddas Xudosi olov boʻladi.
Olov yondirib, tikanzoru changalzorlarini
Bir kunda yamlab yutadi.
18Ossuriyaning muhtasham oʻrmonlari
Va unumdor dalalari
Ogʻir xastalikka yoʻliqqan insonday,
Tamomila xarob boʻladi.
19Oʻrmondagi daraxtlar shunchalik oz qolarki,
Hattoki yosh bola ham ularni sanay oladi.
Xudo Oʻz xalqini tinchlantiradi
20Oʻsha kuni Isroilning qolgan–qutgani,
Yoqub naslining qutulganlari
Boshqa suyanmaydi oʻz zulmkorlariga#10:20 oʻz zulmkorlari — Ossuriya xalqi nazarda tutilgan.,
Ular sadoqat bilan tayanadi
Isroil xalqining Muqaddas Xudosi — Egamga.
21Yoqub naslining qutulganlari, omon qolganlari
Qaytadi#10:21 …omon qolganlari Qaytadi… — ibroniycha matnda …sheryosub…. 7:3, 8:17-18 ga va oʻsha oyatlarning izohlariga qarang. qudratli Xudoga.
22Ey Isroil, sening xalqing
Dengiz qumiday koʻp boʻlsa ham,
Endi ulardan faqatgina sanoqli odamlar qaytadi.
Zero, “Qirgʻin boʻlsin”, deya qaror qilingan,
Xudo odil hukmini Oʻz xalqining boshiga soladi.
23Shubhasiz, butun yer yuzida qiyomat boʻladi, zotan, Sarvari Olam — Rabbiy shunday qaror qilgan.
24-25Shu bois Sarvari Olam — Rabbiy shunday aytmoqda: “Ey xalqim, Quddus#10:24-25 Quddus — ibroniycha matnda Sion. 1:8 izohiga qarang. ahli! Misrliklar kabi, Ossuriyaliklar sizlarga tayoq koʻtaradilar, sizlarni qamchi bilan uradilar. Ammo hademay gʻazabimni bosaman, ulardan qoʻrqmanglar. Endi Ossuriyaliklarga qahrimni sochib, ularni qiraman. 26Ha, Midiyonlarni Oriv qoyasida shunday qirgan edim#10:26 …Midiyonlarni Oriv qoyasida shunday qirgan edim — Hakamlar 7:22-25 ga qarang.. Hassamni koʻtarib, Misr lashkarini dengizda gʻarq qildim#10:26 …Misr lashkarini dengizda gʻarq qildim — Chiqish 14:26-28 ga qarang.. Endi xuddi shunday qilib, Men, Sarvari Olam, ularga qarshi qamchimni koʻtaraman. 27Oʻsha kuni Ossuriyaning yukini yelkangizdan uloqtiraman. Uning boʻyinturugʻi boʻyningizdan olib tashlanadi. Ha, boʻyinturuq yoʻq qilinadi, chunki sizlar kuchga toʻldingiz#10:27 …boʻyinturuq yoʻq qilinadi, chunki sizlar kuchga toʻldingiz — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …semizlik tufayli boʻyinturuq yoʻq qilinadi. Bu oʻrinda semizlik soʻzi ijobiy maʼnoda boʻlib, Xudo Oʻz xalqiga baraka berishiga, ularni yana kuchli qilishiga ishora qilayotgan boʻlishi mumkin. Hoʻkiz semirganda shunchalik katta boʻlib ketadiki, boʻyinturuq uning boʻynidan sinib tushadi. Boʻyinturuq yoʻq qilinadi, degan jumlada shu hodisa nazarda tutilgan boʻlishi mumkin..”
28Ossuriya lashkari Oyaz shahriga#10:28 Oyaz shahri — Ay shahrining yana bir nomi boʻlishi mumkin. Shu bobning 28-32–oyatlarida aytib oʻtilgan joylar Quddus yaqinida edi. Shimoldan kelgan bosqinchilar Quddusga hujum qilish uchun shu yerlarni bosib oʻtardilar. keldi,
Migron boʻylab oʻtdi,
Qurol–aslahasini Mixmashda shay qildi.
29Ular Gebo soʻqmogʻini kesib oʻtdilar–u,
Rama xalqi vahimaga tushib qoldi,
Ular Shoulning shahri Givoda omonat toʻxtadi–yu,
Shahar ahli qochib ketdi.
30Faryod qiling, ey Galim ahli!
Eshit, ey Laysho!
Ey shoʻrlik Onotoʻt!
31Madmenax ahli qochib ketdi,
Gebim ahli, panoh topay deb, uchib ketdi.
32Oʻsha kuni Ossuriya lashkari Nav shahrida turadi.
Quddus shahri joylashgan tepalikka —
Aziz Sion togʻiga qarab mushtini koʻtaradi.
33Qara, Sarvari Olam — Rabbiy
Qudratli kuchi ila daraxt shoxlarini kesib tashlaydi,
Baland daraxtlarni qirqib tashlaydi,
Yuksalganlarini yerga uradi.
34U bolta bilan kesib tashlaydi oʻrmondagi changalzorni,
Qudratli Xudo qulatib yuboradi Lubnon daraxtlarini.
Currently Selected:
Ishayo 10: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020