Xabaqquq 1
1
1–BOB
1Xabaqquq paygʻambarga vahiy orqali ayon boʻlgan bashorat.
Xabaqquq Xudoga adolatsizlikdan shikoyat qiladi
2Ey Egam, qachongacha Sendan yordam soʻrab yolvoraman?! Menga quloq solasanmi oʻzi?! Qachongacha: “Zoʻravonlikdan qutqar!” deb iltijo qilaveraman?! Bizga najot berasanmi oʻzi?! 3Nima uchun nohaqlikka qarab turishim kerak?! Bunday haqsizlikka qanday chiday olyapsan?! Atrofimga nazar solsam, zoʻravonligu talonchilikni koʻraman. Janjal va urush avj olmoqda. 4Oqibatda qonun oʻz kuchini yoʻqotdi, adolat esa poymol boʻldi. Fosiqlar solihlardan baland kelgani uchun nohaq hukm chiqarilyapti.
Xudo Xabaqquqqa javob beradi
5Atrofdagi xalqlarga nazar solinglar! Ularga yaxshilab qaranglar! Koʻrganingizdan hayratda qolasizlar. Sizning davringizda Men shunday bir ish qilamanki, agar eshitsangiz qulogʻingizga ishonmaysizlar. 6Mana, Men Bobilliklarni#1:6 Bobilliklar — ibroniycha matnda Xaldeylar, oʻsha vaqtda Bobilliklar shu nom bilan ham atalardi. gʻoyat kuchaytirmoqdaman. Bu xalq shafqatsiz va tajovuzkordir. Ular dunyoning har tomoniga yurish qiladilar, oʻzga yurtlarni bosib oladilar. 7Hammani qoʻrquv, vahimaga soladilar. Oʻziga xon, oʻziga bek boʻlgan takabburdir ular. 8Ularning otlari qoplondan chaqqon, kechasi izgʻiydigan boʻrilardan xavfli. Otliqlari uzoqdan otlarini yeldirib kelishadi, oʻljasiga tashlanadigan burgut kabi uchib kelishadi.
9Ularning toʻdalari zoʻravonlik maqsadida kelishadi. Ular sahrodan keladigan quyun kabi boʻlib, qum yiqqanday asirlarni yigʻishadi. 10Shohlarni mazaxlashadi, hukmdorlarni masxara qilishadi. Mustahkam shaharlar ustidan kulishadi. Oʻsha shaharlar devorlariga qiyalatib tuproq uyadilar#1:10 Oʻsha shaharlar devorlariga qiyalatib tuproq uyadilar — qadimgi davrlarda dushmanlar devor bilan oʻralgan shaharga hujum qilayotganlarida, koʻpincha devorga qiyalatib tuproq uyganlar. Shu yoʻl bilan ular shaharni himoya qilayotgan xalqqa hujum qilish uchun devorni buzishga yoki oshib oʻtishga qulay imkoniyat yaratganlar.. Ularni qoʻlga kiritadilar. 11Soʻng shamol kabi tez oʻtib ketishadi. Ular oʻz kuchini xudo deb biladilar, shuning uchun jazodan qocha olmaydilar.
Xabaqquq Xudoga yana shikoyat qiladi
12Ey Egam Xudo, Muqaddas Xudoyim! Doimo mavjud boʻlgan Xudo Sen emasmi?! Shunday ekan, Bobilliklar dastidan biz yoʻq boʻlib ketmaymiz. Ey Egam! Sen, hukmimni amalga oshirsin, deb Bobilliklarni tanlading. Ey suyangan Qoyam! Sen, xalqimni jazolasin deb, ularni tayinlading. 13Sening koʻzlaring shu qadar pokizaki, Sen yovuzlikka qarab turolmaysan. Haqsizlikka chiday olmaysan. Hayronman, qanday qilib bu makkor odamlarga chidab yuribsan?! Bu qabihlar oʻzlaridan solihroq xalqni yamlab yutyapti–ku, qanday qilib ularga indamay jim turibsan?!
14Sen odamlarni dengizdagi baliqlar kabi qilding, yoʻlboshchisi boʻlmagan dengiz maxluqlariga oʻxshatib qoʻyding. 15Bobilliklar odamlarni oʻz qarmogʻiga ilintiradilar. Toʻr tashlab baliq ovlaganday ularni ovlaydilar. Yoyma toʻrlariga#1:15 Toʻr…Yoyma toʻrlari… — Xabaqquq baliq ovlashda ishlatiladigan ikki xil toʻr haqida soʻz yuritib, Bobil lashkarining qudratini tasvirlaydi. Bu bilan u Bobil lashkaridan qochib–qutulishning iloji yoʻqligini koʻrsatmoqchi. Matnda ishlatilgan toʻrlarning birinchisi dumaloq shaklda boʻlib, atrofiga toshlar bogʻlanar edi. Bunday toʻrdan bitta baliqchi foydalansa ham boʻlardi. Ikkinchi toʻrning shakli esa uzun toʻrtburchak edi. Bu toʻrning pastki tomoniga toshlar bogʻlanar edi. Bunday toʻrni bir nechta baliqchilar suvga otib, uni ikki tarafidan qirgʻoq tomon tortib baliq ovlashardi. tushirib, qirgʻoqqa tortib chiqaradilar. Ovini koʻrgach, xursand boʻlib sevinadilar. 16Ha, toʻrlari tufayli ular moʻl oʻlja oladilar, sara taomlardan tanovul qiladilar. Shuning uchun toʻrlariga atab qurbonliklar keltiradilar, yoyma toʻrlariga atab tutatqilar tutatadilar#1:16 …toʻrlariga atab qurbonliklar keltiradilar, yoyma toʻrlariga atab tutatqilar tutatadilar — bu jumla majoziy maʼnoni ifodalab, Bobilliklar oʻz lashkarining kuch–qudratiga va harbiy salohiyatiga xudoga sigʻinganday sigʻinganlarini koʻrsatadi (shu bobning 11–oyatiga qarang)..
17Qachongacha ular toʻrlari bilan ellarni ovlaydilar?! Qachongacha xalqlarni shafqatsiz nobud qiladilar?!
Currently Selected:
Xabaqquq 1: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020