YouVersion Logo
Search Icon

Ezra Kirish

Kirish
Ezra kitobi bizni “Solnomalar (ikkinchi kitob)”da bayon qilingan Isroil tarixining davomi bilan tanishtiradi. Mazkur kitobda Xudoning Oʻz vaʼdalariga sodiq qolishi va yahudiylarni Bobildagi yetmish yillik surgundan keyin ona yurtiga qaytarib olib kelishi haqida hikoya qilinadi. Kitobda Yahudo yurtiga qaytib kelgan ikki guruh yahudiylar haqida soʻz yuritiladi. Birinchi guruh Zarubabel boshchiligida Quddusga qaytib kelib, Maʼbadni qayta qurishni boshlaydi. Zarubabel Yahudo shohi Yohayixinning nabirasi boʻlib, Quddusga shoh sulolasiga mansub boʻlgan zodagon sifatida qaytib keladi. Ikkinchi guruh Quddusga tafsirchi Ezra boshchiligida qaytadi. Ezra xalqning axloqiy hayotiga katta eʼtibor berib, ularni Xudo oldida pok yashashga undaydi.
Bu kitob Ezraning nomi bilan atalgan. Xudoning qonunini mukammal biladigan mohir tafsirchi Ezra ruhoniy Horun naslidan kelib chiqqan edi. Kitobning ikkinchi qismida Ezra bosh qahramon boʻlib gavdalanadi. Naximiyo kitobida ham Ezra haqida hikoya qilinadi.
Fors shohi Kurush#Fors shohi Kurush — Kir ismi bilan ham tanilgan. Miloddan oldingi 539 yilda Midiya va Fors lashkarlari shoh Kurush boshchiligida Bobilni bosib olishdi. Shoh Kurush miloddan oldingi 530 yilgacha Bobilda hukmronlik qildi. miloddan oldingi 538 yili maxsus farmon joriy qilgani toʻgʻrisida “Solnomalar (ikkinchi kitob)”ning oxirida bayon qilingan. Oʻsha farmonda Kurush yahudiylarga: “Oʻz yurtlaringizga qaytib borib, Egangizning uyini tiklanglar”, deb ijozat beradi. Ezra kitobining birinchi qismi (1-6–boblar) Kurushning oʻsha farmoni bilan boshlanadi. Bu qismning davomida bir qancha yahudiylar Quddusga qaytib borgani va Maʼbadda ish boshlagani toʻgʻrisida hikoya qilinadi. Lekin qoʻshni xalqlar yahudiylarga koʻp xalaqit berishadi, shuning uchun qurilish ishlari sust boradi. Hatto bir necha yil ish toʻxtab ham qoladi. Nihoyat, miloddan oldingi 515 yili Maʼbad qayta qurib bitkaziladi.
Kitobning bu qismidan keyingi davrda yuz bergan muammolar ham oʻrin olgan (4:6-23). Jumladan, shoh Artaxshas#shoh Artaxshas — Artakserks ismi bilan ham tanilgan boʻlib, miloddan oldingi 465-424 yillarda hukmronlik qilgan. hukmronligi davrida yahudiylar shahar devorini tiklash ishlarini toʻxtatishga majbur boʻladilar.
Kitobning ikkinchi qismi (7-10–boblar) Ezraning Quddusga kelishi bilan boshlanadi. Miloddan oldingi 458 yili Ezra Isroil xalqiga Xudoning qonunlarini oʻrgatish uchun Quddusga qaytib keladi. Lekin Ezra xalqning gunoh qilayotganini koʻrib, dahshatga tushadi. Bu paytda Isroil xalqi butparast xalqlar bilan quda–andachilik qilar, buning oqibatida ular butparastlikka ruju qoʻyib, Xudoning qonunlarini buzayotgan edilar. Bu gunohlarga qoʻl urgan Isroil xalqi Xudoning qahriga uchrash xavfi ostida edi (Qonunlar 7:1-5 ga qarang). Shu bois Ezra ibodat qilib, xalqning gunohlari uchun tavba qiladi, u Xudoga: “Xalqing gunohlaridan oʻt”, deb yolvoradi. Xalq Xudoning qonunlariga itoat etishga rozi boʻladi.
Ezra kitobida Xudoning sodiqligiga urgʻu beriladi. Xudo Oʻz xalqini asirlikda ham omon saqlaydi, U butparast shohning yuragini yumshatib, xalqini oʻz yurtiga qaytarib olib keladi. Yahudiylar koʻp qarshiliklarga qaramay, Xudoning Maʼbadini qayta quradilar. Ular oʻz vataniga qaytib kelganlaridan keyin ham, uzoq vaqtgacha mustaqil boʻla olmaydilar. Ularning ustidan qaysi shohlik hukmronlik qilmasin, Xudo ularning haqiqiy Hukmdori boʻlib qolaveradi.

Currently Selected:

Ezra Kirish: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in