YouVersion Logo
Search Icon

Hizqiyol 47

47
47–BOB
Maʼbaddan oqib chiqqan irmoq
1Oʻsha odam#47:1 Oʻsha odam — 40:3 ga qarang. meni Maʼbadning eshigi yoniga olib bordi. Qarasam, Maʼbad ostonasidan bir irmoq oqib chiqayotgan ekan. Ostonaning janub tomonidan chiqqan bu irmoq qurbongohning janubidan oʻtib, sharqqa oqayotgan edi. 2Soʻng oʻsha odam meni shimoliy darvoza orqali tashqariga olib chiqdi. Biz aylanib, Maʼbadning sharqiy darvozasi yoniga bordik. Irmoq sharqiy darvozaning janub tomonidan jildirab oqib chiqayotgan edi.
3Oʻsha odam qoʻlidagi arqon bilan sharq tomonga oqayotgan bu irmoqning uzunligini oʻlchay boshladi. U 1000 tirsak#47:3 tirsak — uzun tirsak nazarda tutilgan. Bir uzun tirsak taxminan 53 santimetrga toʻgʻri keladi. 43:13 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang. oʻlchab boʻlgandan soʻng, menga irmoqdan kechib oʻtishimni buyurdi. Oʻsha yerdagi suv toʻpigʻimgacha kelar edi. 4Soʻng yana 1000 tirsak oʻlchab, irmoqdan kechib oʻtishimni buyurdi. Bu safar suv tizzamgacha chiqdi. Keyingi 1000 tirsak masofadan soʻng suv belimgacha chiqdi. 5Soʻng u odam yana 1000 tirsak oʻlchadi, bu yerda irmoq oʻtib boʻlmaydigan bir daryoga aylangan edi. Daryo shu qadar chuqur ediki, uni faqat suzib oʻtsa boʻlar edi. 6Shunda u odam menga: “Ey inson, koʻrgan bu narsani doim yodingda tut”, — dedi–da, meni qirgʻoqqa boshlab ketdi.
7Qirgʻoqqa chiqqanimizdan soʻng, men daryoning ikki tomonida oʻsayotgan juda koʻp daraxtlarni koʻrdim. 8Odam menga dedi: “Bu daryo sahro orqali Iordan vodiysiga#47:8 Iordan vodiysi — ibroniycha matnda Araba. Araba umumiy geografik nom boʻlib, bu oyatda Iordan vodiysiga nisbatan ishlatilgan. oqib, Oʻlik dengizga quyiladi. Shunda Oʻlik dengizning shoʻr suvlari shirin boʻladi. 9Daryo oqib borgan hamma joyda sudraluvchilar yashaydi, baliqlar toʻlib–toshadi. Shirin boʻlgan bu suvlar oqib oʻtgan hamma joyda hayot boshlanadi. 10Odamlar Oʻlik dengizning qirgʻoqlarida turib baliq tutishadi, En–Gedidan En–Exlayimgacha#47:10 …En–Gedidan En–Exlayimgacha… — Oʻlik dengizning gʻarbiy qirgʻogʻi, qirgʻoqning oʻrtasidan to shimoli–gʻarbgacha boʻlgan qism. boʻlgan joyda toʻrlarini quritishadi. Oʻrta yer dengizidagi#47:10 Oʻrta yer dengizi — ibroniycha matnda Buyuk dengiz (shu bobning 15, 17, 19, 20–oyatlarida ham bor). kabi, baliqlarning turi koʻp boʻladi. 11Biroq botqoqliklar bilan xalqoblarning suvlari yangilanmaydi. Ular tuz manbai boʻlib qoladi. 12Daryoning ikki tomonida turli xil mevali daraxtlar oʻsadi. Ular har oyda yangi mevalar tugadi, barglari hech qachon soʻlimaydi. Maʼbaddan chiqqan suv ularni sugʻorgani uchun ular hech qachon hosildan qolmaydi. Ularning mevalari ozuqa boʻladi, barglari shifo keltiradi.”
Yurtning chegaralari
13Soʻng Egamiz Rabbiy shunday dedi: “Yurtni Isroilning oʻn ikki qabilasiga boʻlib berayotganingizda quyidagi koʻrsatmalarga rioya qilinglar: Yusuf avlodlariga#47:13 Yusuf avlodlari — Efrayim va Manashe qabilalari nazarda tutilgan. Bu qabilalar Yusufning ikkita oʻgʻlidan kelib chiqqan. ikki ulush yer berilsin. 14Men ota–bobolaringizga ont ichib, vaʼda qilgan bu yerni qabilalar orasida teng boʻlinglar. Bu yer sizning mulkingiz boʻladi.
15Shimoliy chegarangiz Oʻrta yer dengizidan boshlanib, sharqqa — Xetlon shahri tomon boradi, soʻng Levo–Xomat#47:15 Levo–Xomat — yoki Xomat dovoni (shu bobning 20–oyatida ham bor). orqali oʻtib, Zadod shahrigacha davom etadi. 16Keyin Damashq va Xomat oraligʻidagi#47:15-16 …soʻng Levo–Xomat orqali oʻtib, Zadod shahrigacha davom etadi. 16 Keyin Damashq va Xomat oraligʻidagi… — qadimiy yunoncha tarjimadan (yana 48:1 ga qarang). Ibroniycha matnda …soʻng Zadod shahriga olib boradigan yoʻl boʻylab davom etadi. 16 Keyin Xomat, Damashq va Xomat oraligʻidagi…. Baroʻtax va Sivrayim shaharlarigacha borib, Xavron chegarasidagi Xazer–Xatikongacha choʻziladi. 17Shunday qilib, shimoliy chegarangiz Oʻrta yer dengizidan sharqdagi Xazor–Enan shahrigacha boradi. Xazor–Enan shahri janubdagi Damashq va shimoldagi Xomat hududlari orasida joylashgan.
18Sharqiy chegara Xavron va Damashq hududlari orasida boshlanib, Isroil va Gilad yerlari oʻrtasidan oqib oʻtgan Iordan daryosi boʻylab boradi. Oʻlik dengizdan ham oʻtib, janubdagi Tamar shahrigacha yetib boradi. Mana shu sharqiy chegaradir.
19Janubiy chegara Tamar shahridan boshlanib, Kadeshdagi Mariva suvlarigacha boradi, keyin Misr chegarasidagi irmoq#47:19 Misr chegarasidagi irmoq — Sinay yarim orolining shimoli–sharqidagi Arish soyligi yoki Nil daryosining sharqiy irmogʻi nazarda tutilgan (yana Ibtido 15:18, Sahroda 34:5 va Yoshua 13:3, 15:4, 47 ga qarang). boʻylab borib, Oʻrta yer dengizigacha yetadi. Bu janubiy chegaradir.
20Oʻrta yer dengizining qirgʻogʻi gʻarbiy chegarani tashkil qilib, Levo–Xomatning gʻarbdagi shimoliy chegarasi boshlangan joyigacha boradi.
21Bu yerlarni Isroil qabilalariga boʻlib beringlar. 22Ular bu yerlarni qurʼa boʻyicha#47:22 …qurʼa boʻyicha… — qurʼa tashlashda yogʻoch boʻlaklari yoki toshlar ishlatilgan boʻlib, shu orqali Xudoning xohish–irodasi aniqlangan. Baʼzan odamlar qurʼa tashlab, Xudodan biror ishni qanday yoki qachon qilish kerakligini soʻrashgan. meros qilib olsinlar. Bolalari Isroilda tugʻilgan orangizdagi musofirlarga ham yeringizdan ulush beringlar. Ularni Isroilning mahalliy aholisi deb bilinglar. Ularga oʻzingiz qatori Isroil qabilalari orasidan yerni mulk qilib beringlar. 23Ular qaysi qabila orasida yashashsa, oʻsha qabila hududidan yer olishsin.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.

Currently Selected:

Hizqiyol 47: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in