YouVersion Logo
Search Icon

Hizqiyol 39

39
39–BOB
Goʻgning magʻlubiyati
1Egamiz menga dedi: “Ey inson, Goʻgga qarshi bashorat qilib ayt: «Egamiz Rabbiy shunday demoqda: ey Meshex va Tuvalning bosh hukmdori#39:1 Meshex va Tuvalning bosh hukmdori — ibroniycha matndan. Qadimiy yunoncha tarjimada Roʻsh, Meshex va Tuval hukmdori. Goʻg, Men senga qarshiman! 2Men seni orqaga qaytarib, sudrab kelaman. Seni uzoq shimoldan olib chiqib, Isroil togʻlariga olib kelaman. 3Chap qoʻlingdagi yoying va oʻng qoʻlingdagi oʻqlaringni urib tushiraman. 4Sen Isroil togʻlarida jon berasan! Sening hamma lashkarlaring va senga ergashib kelgan xalqlar u yerda halok boʻlishadi. Ularning jasadlari turli yirtqich qushlarga va yovvoyi hayvonlarga oʻlja boʻladi. 5Sen ochiq maydonda oʻlasan. Buni Men aytdim. 6Men Magoʻg ustiga va dengiz qirgʻogʻida osoyishta hayot kechirayotgan barcha xalqlar ustiga olov yogʻdiraman. Oʻshanda barcha xalqlarning Egasi Men ekanligimni ular bilib oladilar.»
7Ey inson, Men Oʻz muqaddasligimni xalqim Isroilga ayon qilaman. Meni badnom qilishlariga endi yoʻl qoʻymayman. Shunda barcha xalqlar Men, Isroil xalqining Xudosini muqaddas deb biladilar, ularning Egasi Men ekanligimni bilib oladilar. 8Men aytgan oʻsha kun albatta keladi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 9— Shunda Isroil xalqi shaharlardan chiqib, magʻlub boʻlgan yovning qurol–aslahalarini yigʻadi. Ular yigʻib olgan kattayu kichik qalqonlarni, yoy va oʻqlarni, tayoq va nayzalarni yoqishadi. Yetti yil davomida ularni oʻtin oʻrniga ishlatishadi. 10Oʻtin yigʻish, oʻrmonda daraxt kesishga ehtiyoj qolmaydi, chunki bu qurol–aslahalar xalqim uchun yoqilgʻi boʻladi. Shu tariqa Isroil xalqi oʻz talonchilaridan oʻch oladi.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.
Goʻg dafn qilinadi
11Egamiz menga dedi: “Ey inson, bu hodisalar roʻy bergan kuni Goʻg va uning toʻdasi uchun Men bir qabriston hozirlayman. Bu qabriston Oʻlik dengizning sharq tomonidagi Sayyohlar vodiysida joylashgan boʻladi. U sayyohlarning yoʻlini toʻsib qoʻyadi. Shuning uchun sayyohlar oʻsha vodiyning nomini oʻzgartirib, uni «Goʻg toʻdasining vodiysi» deb ataydigan boʻlishadi. 12Isroil xalqi yetti oy mobaynida jasadlarni koʻmib, oʻz yurtini poklaydi. 13Butun yurt aholisi jasadlarni koʻmadi. Shu qilganlari uchun Men ulugʻvorligimni namoyon qilgan kunda ular yuksak obroʻga erishadi, — deb aytmoqda Egamiz Rabbiy. 14— Yetti oy oʻtgach, yurtni poklaydigan maxsus odamlar tayinlanadi. Ular yurtni kezib, koʻmilmay qolib ketgan jasadlarni koʻmadilar. 15Ular yurtni kezib yurganlarida topilgan har bir suyak oldiga belgi qoʻyadilar. Goʻrkovlar bu suyaklarni yigʻib olib, «Goʻg toʻdasining vodiysi»ga koʻmadilar. 16Qabriston yonidagi shaharning nomi ham Toʻda boʻladi. Shunday qilib, ular yurtni poklaydilar.
17Ey inson, turli xil qushlarni va hamma yovvoyi hayvonlarni yigʻib, ularga shunday deb ayt: «Egamiz Rabbiy demoqda: qani, kelinglar! Men sizlar uchun qurbonlik hozirlayman, Isroil togʻlarida katta ziyofat uyushtiraman. Sizlar toʻyguningizcha goʻshtdan yeb, qondan ichasizlar. 18Bashan oʻlkasida semirtirilgan qoʻchqor, qoʻzichoq, echki va buqalar boʻgʻizlanganday, bahodir jangchilaru jahon hukmdorlari qurbon qilinadi. Sizlar ularning tanalarini yeb, qonini ichasizlar. 19Men sizlar uchun uyushtiradigan bu ziyofatda sizlar toʻyguningizcha yogʻdan yeysizlar, mast boʻlguningizcha qondan ichasizlar. 20Sizlar Mening dasturxonimdan xohlaganingizcha ot va otliqlarning goʻshtidan, sipoh va turli xil jangchilarning goʻshtidan tanovul qilasizlar. Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.»
Isroil tiklanadi
21Men Oʻz ulugʻvorligimni xalqlar orasida namoyon qilaman. Xalqlarni jazolab, ularga Oʻz qudratimni koʻrsataman. 22Oʻsha kundan boshlab, Isroil xalqi Egasi Xudo Men ekanligimni biladi. 23Isroil xalqi gunoh qilib, Menga xiyonat qilgani uchun, Men ularni begona yurtlarga surgun qilganimni boshqa xalqlar tushunib olishadi. Xalqimning bu qilmishi uchun Men ulardan yuz oʻgirib, dushmanlarning qoʻliga topshirgan edim, qirilib ketishlariga toʻsqinlik qilmadim. 24Men ulardan yuz oʻgirdim, buzuqligi va qilgan gunohlariga yarasha jazosini berdim.”
25Egamiz Rabbiy shunday demoqda: “Mana endi Men Yoqub naslini yana farovonlikka erishtiraman#39:25 …Men Yoqub naslini yana farovonlikka erishtiraman — yoki …Men Yoqub naslini asirlikdan ozod qilib, ona yurtiga qaytarib olib kelaman.. Butun Isroil xalqiga shafqat koʻrsataman. Obroʻyim toʻkilishiga yoʻl qoʻymayman! 26Ular oʻz yurtiga qaytib kelganlaridan keyin oʻtmishdagi sharmandagarchiligi va Menga qilgan xiyonatiga iqror boʻladilar. Ular tinch yashaydilar, hech kim ularga tahdid qilmaydi. 27Men ularni gʻanimlarning yurtlaridan olib chiqqanimda, xalqlar muqaddasligimni koʻrishadi. 28Egasi Xudo Men ekanligimni xalqim bilib oladi. Garchi Men ularni oʻzga yurtlarga tarqatib yuborgan boʻlsam–da, ularni ona yurtiga qaytarib olib kelaman. Xalqimdan birontasi ham begona yurtda qolib ketmaydi. 29Men xalqim Isroil ustiga Oʻz Ruhimdan yogʻdiraman, endi ulardan yuz oʻgirmayman.” Egamiz Rabbiyning kalomi shudir.

Currently Selected:

Hizqiyol 39: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in