YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 39

39
39–BOB
Ruhoniylik liboslari tikiladi
1Ular koʻk, safsar va qirmizi iplardan Muqaddas xonada xizmat qilganda kiyish uchun ruhoniylarga liboslarni ajoyib qilib tikdilar. Horunga muqaddas ruhoniylik liboslari tikishdi. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
Oliy ruhoniy uchun efod
2Ular efodni#39:2 efod — lugʻatdagi RUHONIY soʻzi ostida berilgan OLIY RUHONIY iborasiga ishlangan rasmlarga qarang. mayin zigʻir matosidan tikib, ustiga koʻk, safsar, qirmizi va zar iplardan naqsh soldilar. 3Oltinni yupqa qilib yoyib, ingichka–ingichka qilib kesib, zar ip qilishdi. Ular oʻz mahoratlarini ishga solib koʻk, safsar, qirmizi iplardan naqsh solingan mayin zigʻir matosini bu zar ip bilan bezatdilar. 4Efodning old va orqa qismlarini bir–biriga bogʻlash uchun ikkita yelka bogʻichini qilib, ularni old va orqa qismlarining ustki chetiga tikdilar. 5Kamar yasab, uni efodga bogʻladilar. Kamarni ham mayin zigʻir matosidan qildilar. Unga koʻk, safsar, qirmizi va zar iplardan mahorat bilan naqsh soldilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
6Keyin muhr oʻyganday qilib, Isroil oʻgʻillarining ismini ikkita aqiq toshga oʻyib yozdilar. Yozilgan toshlarni oltindan qilingan naqshli uyalar ichiga qoʻyib, 7Isroilning oʻn ikki qabilasini eslatib turish uchun efodning yelka bogʻichlariga oʻrnashtirdilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
Oliy ruhoniy uchun koʻkrakpech
8Ular koʻkrakpechni#39:8 koʻkrakpech — lugʻatdagi KOʻKRAKPECH soʻziga ishlangan rasmga qarang. yasadilar. Koʻkrakpechni, efod singari, mayin zigʻir matosidan qilib, koʻk, safsar, qirmizi va zar iplardan unga mahorat bilan naqsh soldilar. 9Koʻkrakpechni toʻrtburchak xalta shaklida, ikki buklangan, boʻyi bir qarich, eniga ham bir qarich qilib yasadilar. 10Koʻkrakpechga toʻrt qator toshni#39:10 toʻrt qator tosh — ibroniycha matnda aytib oʻtilgan baʼzi qimmatbaho toshlarning turi bahsli. toʻgʻri qilib terdilar: qizil yoqut, xrizolit va zumrad toshlarni birinchi qatorga terdilar. 11Ikkinchi qatorga firuza, zangori yoqut va olmosni terdilar. 12Uchinchi qatorga lojuvard, agat va ametist toshlarni terdilar. 13Toʻrtinchi qatorga topaz, aqiq va yashma toshlarni terdilar. Hamma toshlarni oltindan qilingan naqshli uyalarga oʻrnashtirdilar. 14Bu oʻn ikki tosh Isroilning oʻn ikki qabilasini eslatib turardi. Muhr oʻyganday qilib, Isroilning oʻn ikki oʻgʻlidan har birining ismini bu toshlarning har biriga oʻyib yozdilar.
15Ular koʻkrakpechni efodga bogʻlash uchun toza oltindan ipga oʻxshatib eshilgan ikkita zanjir yasadilar. 16Yana naqshli ikkita oltin uya va ikkita oltin halqa yasab, ikkala halqani koʻkrakpechning ustki burchaklariga mahkamladilar. 17Ikkala oltin zanjirning bir uchini koʻkrakpechdagi halqalarga bogʻlab, 18ikkinchi uchini naqshli oltin uyalarga mahkamladilar. Uyalarni efodning old tomonidagi yelka bogʻichlariga oʻrnashtirdilar. 19-20Yana oltindan toʻrtta halqa yasadilar. Ikkitasini koʻkrakpechning ostki burchaklariga — efodga yaqin boʻlgan ichki qirgʻogʻiga mahkamladilar. Ikkitasini efodning old tomoniga, ikkala yelka bogʻichining pastiga — naqshli kamardan yuqoriga mahkamladilar. 21Koʻkrakpech efodning naqshli kamaridan yuqorida boʻlsin, efoddan osilib turmasin deb, koʻkrakpechni halqalari yordamida efodning halqalariga koʻk bogʻich bilan mahkamladilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
Boshqa ruhoniylik liboslari
22Efodning ridosini#39:22 Efodning ridosi — 28:31 izohiga qarang. koʻk iplardan toʻqilgan matodan tikdilar. 23Ridoning oʻrtasidan bosh sigʻadigan teshik qildilar. Rido yirtilib ketmasligi uchun teshikning chetini toʻqidilar. 24-26Rido etagining uchiga aylanasi boʻylab anor#39:24-26 anor — qadimgi paytlarda hayot ramzi edi. shaklini va qoʻngʻiroqchalarni birin–ketin qilib bittama–bitta osib chiqdilar. Anor shakli yigirilgan koʻk, safsar va qirmizi iplardan qilingan edi. Qoʻngʻiroqchalar toza oltindan qilingan boʻlib, anor shakli oralariga osilgan edi. Horun oliy ruhoniy boʻlib xizmat qilganda, u shu ridoni kiyishi kerak edi. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
27Horun bilan uning oʻgʻillariga mayin zigʻir matosidan koʻylaklarni, 28sallani, peshanabogʻlarni va ishtonlarni qildilar. 29Belbogʻini mayin zigʻir matosidan toʻqib, ustiga koʻk, safsar va qirmizi iplardan mahorat bilan naqsh soldilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
30Toza oltindan lavhani — muqaddaslik ramzini yasadilar. Lavhaning yuzasiga muhr oʻyganday, “Egamizga bagʻishlangan” deb oʻyib yozdilar. 31Lavhani sallaga mahkamlash uchun koʻk bogʻichni lavhaga bogʻlab qoʻydilar. Hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar.
Ish nihoyasiga yetadi
32Shunday qilib, Uchrashuv chodiri — Muqaddas chodir yasalishiga oid hamma ishlar nihoyasiga yetdi. Isroil xalqi hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. 33Keyin Musoning oldiga quyidagilardan iborat Muqaddas chodirni olib keldilar:
Chodirning ichki qavatini va uning hamma qismlarini — ilgaklarini, romlarini, tambalarini, ustunlari va tagliklarini,
34qizilga boʻyalgan qoʻchqor terisidan yopinchiqni, yumshoq teridan#39:34 yumshoq teri — 25:5 ning birinchi izohiga qarang. yopinchiq va Eng muqaddas xonani toʻsib turadigan ichki pardani,
35Ahd sandigʻini#39:35 Ahd sandigʻi — ibroniycha matnda Guvohlik sandigʻi, Ahd sandigʻining yana bir nomi. 16:34 izohiga qarang., uning xodalari va qopqogʻini,
36xontaxtani, uning hamma buyumlarini va unga qoʻyiladigan muqaddas nonlarni#39:36 muqaddas nonlar — 25:30 izohiga qarang.,
37toza oltindan qilingan chiroqpoya, unga oʻrnatilgan moychiroqlarni, uning hamma buyumlarini va moychiroqlar uchun zaytun moyini,
38oltin tutatqi qurbongohini,
muqaddas qiladigan moy#39:38 muqaddas qiladigan moy — 25:6 izohiga qarang. va xushboʻy tutatqini,
Chodirga kiraverishdagi pardani,
39bronza qurbongohni, uning bronza panjarasini, xodalari va hamma buyumlarini,
qoʻlyuvgichni va uning tagligini,
40hovlini toʻsib turadigan pardalarni, pardalarni ushlab turadigan ustunlarni, ustunlarning tagliklarini va hovliga kiraverishdagi pardani,
Chodir va hovli uchun arqonlarni, qoziqlarni,
Muqaddas chodir — Uchrashuv chodirida foydalanadigan hamma ashyolarni,
41Ruhoniy Horun va uning oʻgʻillari Muqaddas xonada xizmat qilganda kiyadigan, ajoyib qilib tikilgan muqaddas liboslarni.
42Xullas, Isroil xalqi hammasini Egamiz Musoga amr etganday qildilar. 43Muso qilingan hamma ishlarni koʻzdan kechirdi, Isroil xalqi bu ishlarni Egamizning amri boʻyicha qilganlarini koʻrib, Muso ularni duo qildi.

Currently Selected:

Chiqish 39: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in