YouVersion Logo
Search Icon

2 Butrus 1

1
1–BOB
Duoyi salom
1Iso Masihning quli va havoriysi men — Shimoʻn Butrusdan#1:1 Shimoʻn Butrus — Iso Masih Shimoʻnga Butrus ismini bergan edi (Mark 3:16, Luqo 6:14 ga qarang). Baʼzan ikkala ism, Shimoʻn Butrus, birgalikda ishlatilgan. biz kabi qadrli bir imonga ega boʻlgan birodarlarga salom! Xudoyimiz va najotkorimiz Iso Masih odil boʻlgani uchun hammamizga birday baraka bergan. 2Sizlar Xudoni va Rabbimiz Isoni tanib–bilar ekansiz, Xudoning cheksiz inoyati va tinchligi doim sizlarga yor boʻlsin.
Masihning daʼvatiga munosib boʻlinglar
3Rabbimiz Iso Oʻz ulugʻvorligi va ezguligi ila bizni daʼvat etib, Oʻzini bizga tanitdi. Endi biz Xudoga munosib hayot kechira olamiz, chunki Rabbimiz ilohiy qudrati bilan bizga zarur boʻlgan barcha fazilatlarni ato etdi. 4Masihning sharofati bilan biz Xudo vaʼda qilgan barakalarni oldik. Endi sizlar buzgʻunchi ehtiroslar dastidan avj olgan bu dunyoning axloqsizligidan qochib, Xudoning ilohiy tabiatidan bahramand boʻla olasizlar.
5Bularni yodingizda tutib, Xudoga munosib hayot kechirish uchun jon kuydiringlar. Imoningizni fazlu kamolot, ilmu maʼrifat, 6vazminlik, sabr–toqat, diyonat, 7birodarlaringizga boʻlgan mehr–oqibat va tugal muhabbat bilan boyitinglar. 8Agar bu xislatlarga ega boʻlib, ularni kamol toptirayotgan boʻlsangiz, demak, Rabbimiz Iso Masihni haqiqatan tanib–bilgan boʻlasiz. Kunlaringiz behuda oʻtmagan boʻladi, Masihni bilganingiz hayotingizda oʻz samarasini beradi. 9Bu xislatlarga ega boʻlmaganlar esa kaltabin va koʻrdirlar, ular avvalgi gunohlaridan poklanganini unutganlar.
10Shunday ekan, ey birodarlarim, Masih sizlarni tanlaganini va daʼvat etganini tasdiqlashga astoydil harakat qilinglar. Aytilgan xislatlarga ega boʻlsangiz, imondan qaytmaysizlar. 11Shunda Rabbimiz va najotkorimiz Iso Masih sizlarga Oʻzining abadiy Shohligi eshiklarini keng ochib beradi.
12Sizlar aytganlarimning hammasini bilasizlar, oʻzlaringiz Masih haqida oʻrgangan haqiqatda sobit turibsizlar. Shunga qaramay, bularni sizlarga doimo eslatib turishni xohlayman. 13Tirik ekanman, bularni yodingizga solib turishni kanda qilmayman. Bu men uchun farz, 14chunki hademay bu olamdan koʻz yumishimni bilaman. Rabbimiz Iso Masihning Oʻzi buni menga maʼlum qilgan. 15Bu dunyodan oʻtib ketganimdan keyin ham, sizlar aytganlarimni esda saqlanglar, deb men bu mavzuni qoʻlimdan kelgancha batafsil yoritib berishga harakat qildim.
Masihning kelishi afsona emas
16Rabbimiz Iso Masihning kuch–qudrat bilan kelishi afsona emas. Biz sizlarga oʻrgatgan bu taʼlimotni oʻzimiz toʻqib chiqarmadik. Axir, Masihning ulugʻvorligini oʻz koʻzimiz bilan koʻrgan edik. 17-18Otamiz Xudo muqaddas togʻda#1:17-18 …muqaddas togʻda… — Matto 17:1-8 ga qarang. Masihni shon–sharaf ila yuksaltirganda, biz oʻsha yerda edik. Mahobatli va ulugʻvor Xudoning samodan: “Bu Mening sevikli Oʻgʻlimdir#1:17-18 Bu Mening sevikli Oʻgʻlimdir — Zabur 2:7 ga qarang., Undan mamnunman#1:17-18 Undan mamnunman — Ishayo 42:1 ga qarang.”, — degan ovozini eshitgan edik.
19Bundan tashqari, biz paygʻambarlarning bashoratlariga toʻliq ishonamiz. Sizlar ham ularning soʻzlariga diqqat etsangizlar, yaxshi qilgan boʻlasizlar. Zero, bu soʻzlar Masih keladigan kungacha sizlar uchun goʻyo zulmatda nur sochib turgan chiroqday boʻladi. Soʻng Masihning Oʻzi keladi. Uning kelishi tong yulduzi kabi boʻlib, yangi zamonning boshlanishidan darak beradi, Masihning nuri qalblaringizni yoritadi. 20Eng avvalo, shuni bilinglarki, Muqaddas bitiklardagi bashoratlarning hech biri paygʻambarlarning shaxsiy talqini emas. 21Hech bir haqiqiy paygʻambar oʻzining insoniy xohishi bilan bashorat qilgan emas. Bu paygʻambarlar Muqaddas Ruh tomonidan boshqarilib, Xudoning soʻzlarini gapirganlar.

Currently Selected:

2 Butrus 1: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in