YouVersion Logo
Search Icon

2 Butrus 2

2
2–BOB
Soxta ustozlarning gunohi va jazosi
1Isroil xalqi orasida soxta paygʻambarlar boʻlgani kabi, sizlarning orangizda ham soxta ustozlar boʻladi. Ular nayrang ishlatib, orangizda halokatli bidʼatlar tarqatadilar. Hatto ularning jonlarini sotib olgan Xoʻjayinini ham rad etib, bu bilan oʻzlarini muqarrar kulfatga yoʻliqtiradilar. 2Koʻp odamlar ularga taqlid qilib, axloqsiz hayot kechiradilar. Ularning dastidan imonsizlar haqiqat yoʻlini yomonlaydilar. 3Bu tamagir ustozlar toʻqib chiqargan gaplari bilan sizlarni yoʻldan ozdiradilar, soʻng pulingizni shilib oladilar. Ammo Xudo bunday odamlarni ancha oldin oʻlimga mahkum qilib qoʻygan. U mudramaydi, ularning halokatini kechiktirmaydi.
4Xudo hatto gunoh qilgan farishtalarni#2:4 gunoh qilgan farishtalar — qilmishlari uchun jazolangan ilohiy zotlarga ishora boʻlishi mumkin, bu zotlar haqida Ibtido 6:1-4 da yozilgan. Yana 1 Butrus 3:19-20, Yahudo 6-7–oyatlarga qarang. ham ayamagan. Qiyomat kunigacha ularni tubsiz chuqurlikdagi zulmatga zanjirband qilib qoʻygan. 5Xudo qadimgi dunyoni ham ayamay, betavfiqlar ustiga toʻfon keltirdi. U faqat solihlik jarchisi boʻlgan Nuhni#2:5 Nuh — Ibtido 6:5-7:24 ga qarang. va boshqa yetti kishini omon saqladi. 6Xudo Sadoʻm va Gʻamoʻra shaharlarini#2:6 Sadoʻm va Gʻamoʻra shaharlari — aholisining oʻta buzuqligi oqibatida Egamiz vayron qilgan ikkita shahar (Ibtido 18:16-19:28 ga qarang). halokatga mahkum etdi. Xudosizlarga saboq boʻlsin deb, bu shaharlarni kuydirib kul qildi. 7Bebosh odamlarning oʻtaketgan axloqsizliklaridan azob chekkan solih Lutni#2:7 Lut — Ibtido 19:1-29 ga qarang. esa qutqardi. 8Oʻsha xalq orasida yashagan bu solih odam har kuni ularning qabih ishlarini koʻrib eshitgani uchun ichidan ezilib qiynalar edi. 9Bu misollar quyidagilarni anglatadi: Egamiz taqvodorlarni kulfatlardan qutqara oladi, betavfiqlarni esa qiyomat kunidagi azoblar uchun saqlaydi. 10Ayniqsa, shahvoniy hirsga berilib, oʻz tanasini bulgʻatuvchi, ilohiy hokimiyatni esa rad qiluvchi odamlarni U jazolaydi.
Darvoqe, orangizdagi soxta ustozlar ham ilohiy hokimiyatni rad qilyaptilar, ular surbet va takabburdirlar. Ular samoviy mavjudotlardan#2:10 samoviy mavjudotlar — yovuzlik va qabihlikka yuz tutgan farishtalarga ishora. Baʼzan bu farishtalar yovuz ruhlar yoki jinlar deb ham ataladi. Yana Yahudo 8-10–oyatlarga qarang. qoʻrqmaydilar, ularni nazarga ham ilmaydilar. 11Farishtalar oʻsha yovuz mavjudotlardan kuchliroq va qudratliroq boʻlishlariga qaramay, Egamizning huzurida mavjudotlarni haqoratlamaydilar, hukm ham qilmaydilar. 12Ammo bu soxta ustozlar yovvoyi hayvonlarga oʻxshaydilar, ular faqat tugʻma his–tuygʻulariga berilib yashaydilar. Oʻzlari anglab yetmaydigan yovuz mavjudotlarni mensimay yuribdilar. Biroq ular oʻsha mavjudotlar bilan birga halok boʻladilar, hayvonlar singari ovlanib, yoʻq qilinadilar.
13Soxta ustozlarning qilgan nohaqliklari oʻzlarining boshiga yetadi. Axir, ular kuppa–kunduzi aysh–ishrat qilishni xush koʻradilar, jamoatingiz shaʼniga dogʻ tushiradilar. Sizlar taom yeyish uchun birga yigʻilganingizda, Rabbimiz Isoni xotirlash uchun non sindirganingizda, ular orangizda oʻtirib, kayfu safo qiladilar. Buzuqligi bilan boshqalarni yoʻldan uradilar. 14Koʻzlari doimo shahvat bilan yonadi, gunoh qilib toʻymaydilar. Ular imonda sust kishilarni ovlab, yoʻldan ozdiradilar. Bu soxta ustozlar istagan narsasini undirib olishga ustasi farangdirlar. Eh, laʼnatga uchragurlar! 15Ular toʻgʻri yoʻlni tark etdilar, Bavoʻr oʻgʻli Balom#2:15 Balom — Moʻab va Midiyon xalqlari bilan qilgan hamkorligi uchun Isroil xalqining dushmani hisoblangan edi (Sahroda 22:4-35, 25:1-5, 16-18, 31:16, Yoshua 13:22, 24:9-10, Vahiy 2:14 ga qarang). yoʻlidan borib, gumroh boʻldilar. Balom harom yoʻl bilan pul topishni xush koʻrgandi. 16Lekin bu gunohi uchun taʼzirini yedi. Tilsiz eshak tilga kirib, inson ovozi bilan paygʻambarning ahmoqligiga chek qoʻydi.
17Bu soxta ustozlar bamisoli suvsiz quduqdirlar, shamolda tez gʻoyib boʻladigan tuman kabidirlar. Ular uchun tim qorongʻi zulmat tayyorlab qoʻyilgan. 18Chunki ular notoʻgʻri yoʻldan zoʻrgʻa qochib qutulgan imonlilarni yana axloqsizlik domiga tortadilar. Dabdabali, ammo tentaksimon gaplari bilan ularni avrab, nafslarini qoʻzgʻatadilar. 19Ularga: “Erkin boʻlasizlar”, deya vaʼda beradilar, holbuki, oʻzlari gunoh qulidirlar. Axir, odam nimadan yengilsa, oʻshaning quli boʻlar, deb bejiz aytilmagan.
20Rabbimizu najotkorimiz boʻlgan Iso Masihni tanib, dunyoning qabohatlaridan qochib qutulgan odamlar yana eski qiliqlariga qaytib, qabihlikka magʻlub boʻlishsa, ularning soʻnggi ahvoli oldingidan ham battar boʻladi. 21Solihlik yoʻlini bilgandan keyin, ularga topshirilgan muqaddas amrlardan yuz oʻgirgandan koʻra, bu yoʻlni hech bilmagani oʻzlari uchun yaxshiroq boʻlar edi. 22Bunday odamlarga mana shu maqol aynan toʻgʻri keladi:
“It oʻz qusugʻiga qaytar#2:22 It oʻz qusugʻiga qaytar… — Hikmatlar 26:11 ga qarang.,
Yuvilgan choʻchqa esa balchiqqa.”

Currently Selected:

2 Butrus 2: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in