YouVersion Logo
Search Icon

2 Solnomalar 1

1
1–BOB
Shoh Sulaymon donolik soʻrab ibodat qiladi
1Dovud oʻgʻli Sulaymon oʻz hokimiyatini mustahkamlab oldi. Egasi Xudo u bilan birga boʻlib, uni nihoyatda yuksaltirdi. 2Sulaymon jamiki Isroil xalqini — mingboshilarni, yuzboshilarni, hakamlarni, Isroilning hamma yoʻlboshchilarini va urugʻboshilarini chaqirtirdi. 3Sulaymon bilan butun jamoa Givondagi sajdagohga#1:3 Givondagi sajdagoh — Quddusdan qariyb 6 kilometr shimoli–gʻarbda joylashgan. yoʻl olishdi. Egamizning quli Muso sahroda qurdirgan Xudoning Uchrashuv chodiri#1:3 Uchrashuv chodiri — Muqaddas chodirning yana bir nomi. oʻsha davrda Givonda joylashgan edi. 4Xudoning Ahd sandigʻi esa Dovudning tashabbusi bilan Xirat–Yoʻrimdan Quddusga olib kelingan edi#1:4 Xudoning Ahd sandigʻi…Quddusga olib kelingan edi… — 1 Solnomalar 13:5-14, 15:25-16:1 ga qarang., chunki Dovud Sandiq uchun Quddusda bir joy tayyorlab, chodir oʻrnatib qoʻygan edi. 5Bazalil qurgan bronza qurbongoh esa hanuz Givondagi Egamiz Muqaddas chodirining qarshisida joylashgan edi. Bazalil Urining oʻgʻli va Xurning nevarasi edi. Sulaymon va jamoa qurbongoh oldida Egamizga sajda qildilar. 6Soʻng Sulaymon Egamizning oldida Uchrashuv chodirining qarshisidagi oʻsha bronza qurbongoh ustiga chiqib, mingta qurbonlik kuydirdi.
7Oʻsha kuni kechasi Xudo Sulaymonga zohir boʻlib, unga:
— Tila tilagingni! — dedi.
8Sulaymon Xudoga aytdi:
— Sen otam Dovudga ulugʻ sevgingni koʻrsatding. Meni uning oʻrniga shoh qilding. 9Ey Parvardigor Egam! Otam Dovudga bergan vaʼdang ustidan chiq. Axir, Sen meni yerning qumiday koʻp boʻlgan bir xalq ustidan shoh qilding. 10Bu xalqni boshqara olishim uchun menga donolik va ilmu maʼrifat bergin. Boʻlmasa Sening shu qadar behisob xalqingga kim hukmronlik qila oladi?!
11Xudo Sulaymonga shunday javob berdi:
— Men seni xalqim ustidan shoh qildim. Sen oʻzing uchun mol–mulk, boylik, shon–shuhrat yoki dushmanlaringning jonini soʻramading, hatto oʻzingga uzoq umr ham tilamading. Aksincha, Mening xalqimni boshqaray deb, donolik va ilmu maʼrifat soʻraganing uchun 12donolik va ilmu maʼrifat senga hadya boʻlsin. Bularga qoʻshimcha qilib senga boylik, mol–mulk va shon–shuhrat beraman, sengacha oʻtgan va sendan keyin boʻladigan hech qaysi shoh senga teng kelmaydi.
13Shundan keyin Sulaymon Givondagi sajdagohda joylashgan Uchrashuv chodiridan Quddusga qaytib ketdi. U Isroil ustidan hukmronlik qila boshladi.
Shoh Sulaymonning boyligi
14Sulaymon jang aravalari va otlarni toʻpladi. Uning 1400 ta jang aravasi va 12.000 ta oti#1:14 ot — bu oʻrindagi ibroniycha soʻz aravakash maʼnosini ham ifodalashi mumkin. bor edi. Sulaymon bularning bir qismini jang aravalari saqlanadigan shaharlarga va bir qismini Quddusga — oʻzining yoniga joylashtirdi. 15Uning hukmronligi davrida Quddusda oltinu kumush koʻchadagi toshday koʻp edi. Sadr yogʻochlari ham xuddi Yahudo qir etaklarida oʻsadigan oddiy shikamora–anjir daraxtiday#1:15 shikamora–anjir daraxti — anjirning qadimgi Yaqin Sharqda keng tarqalgan bir turi. Kattaligi yongʻoq daraxtiday, barglari esa tut barglariga oʻxshash boʻlib, yil davomida bir necha bor hosil beradigan sersoya daraxt. serob edi. 16Shohning savdogarlari Misrdan#1:16 Misr — yoki Quvega yondosh boʻlgan Muzur nomli hudud boʻlishi mumkin (shu bobning 17–oyatida ham bor). Muzur va Quve hududlari hozirgi Turkiyaning janubi–gʻarbida joylashgan boʻlib, shoh Sulaymon davrida yilqichilik markazi edi. va Quvedan Sulaymon uchun otlar olib kelishardi. Ular otlarni Quvedan sotib olishardi. 17Misrdan keltirilgan har bir jang aravasi uchun 600 kumush tanga#1:17 600 kumush tanga — ibroniycha matnda 600 shaqal kumush, taxminan 7 kiloga toʻgʻri keladi., har bir ot uchun 150 kumush tanga#1:17 150 kumush tanga — ibroniycha matnda 150 shaqal kumush, taxminan 1,7 kiloga toʻgʻri keladi. toʻlashardi. Soʻng bularni barcha Xet shohlariga va Oram shohlariga sotishardi.

Currently Selected:

2 Solnomalar 1: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in