YouVersion Logo
Search Icon

2 Solnomalar 2

2
2–BOB
Maʼbad qurilishi uchun tayyorgarlik
1Sulaymon Egamizga atab Maʼbad va oʻzi uchun shohona saroy bunyod etishga qaror qildi. 2Sulaymon 70.000 nafar yuk tashuvchini, qirlarda tosh kesadigan 80.000 nafar sangtaroshni va bular ustidan nazoratchi qilib 3600 kishini yolladi.
3Sulaymon Tir#2:3 Tir — Finikiyada muhim ahamiyatga ega boʻlgan shahar. Bu shahar Isroildan shimolda, Oʻrta yer dengizi boʻyida joylashgan edi. Bugungi kunda bu yer Livan mamlakatining janubiy qismini tashkil qiladi. shohi Xiramga shu xabarni yetkazdi:
“Bir vaqtlar siz otam Dovudga saroyini qurish uchun sadr yogʻochlarini joʻnatganingiz kabi, menga ham sadr yogʻochlarini joʻnating. 4Men Egam Xudoga atab bir uy qurmoqchiman. U yerda xushboʻy tutatqilar tutatiladi, doimiy ravishda muqaddas nonlar nazr qilinib, xontaxta ustiga teriladi. Ertalab va kechqurunlari qurbonliklar kuydiriladi, shuningdek, Shabbat kunlarida, yangi oy shodiyonalarida va Egamiz Xudo belgilagan bayramlarda kuydiriladigan qurbonliklar keltiriladi. Isroil xalqi bularga doimo, avlodlar osha rioya qiladi.
5Men qurmoqchi boʻlgan uy hashamatli boʻladi, chunki Xudoyimiz boshqa xudolardan buyukdir. 6Lekin kim Unga bir uy qura olar?! U osmonga, hatto falak toqiga ham sigʻmaydi–ku! Men kim boʻlibmanki, Unga uy qura olsam?! Faqat Unga qurbonliklar keltirish uchun bir joy tayyorlay olaman, xolos.
7Shunday ekan, menga mohir bir ustani yuboring. U oʻymakorlikdan tashqari, oltin, kumush, bronza va temirga ishlov bera oladigan, safsar, qizil va koʻk matolar toʻqiy oladigan boʻlsin. U Yahudo va Quddusda, otam Dovud saralagan mohir ustalarim bilan birga ishlaydi.
8Menga Lubnondan sadr, sarv va sandal yogʻochlarini joʻnating. Sizning xizmatkorlaringiz Lubnon daraxtlarini kesishga usta ekanini bilaman. Mening odamlarim sizning odamlaringiz bilan birga ishlaydilar. 9Ular men uchun katta miqdorda yogʻoch tayyorlab berishsin. Men qurmoqchi boʻlgan uy ulkan va hashamatli boʻlishi kerak. 10Men yogʻoch kesadigan xizmatkorlaringizga ish haqi qilib 200.000 togʻora#2:10 200.000 togʻora — ibroniycha matnda 20.000 kor, taxminan 4400 tonnaga toʻgʻri keladi. yanchilgan bugʻdoy, 200.000 togʻora arpa, 40.000 koʻza#2:10 40.000 koʻza — ibroniycha matnda 20.000 bat, taxminan 440.000 litrga toʻgʻri keladi. sharob va 40.000 koʻza zaytun moyi yuboraman.”
11Shundan keyin Tir shohi Xiram maktub orqali Sulaymonga shunday javob berdi:
“Egamiz Oʻz xalqini sevgani uchun ular ustidan sizni shoh qildi.”
12Xiram yana shu gaplarni aytdi:
“Yeru koʻkni yaratgan Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar boʻlsin. U shoh Dovudga dono, aqlli, fahm–farosatli oʻgʻil ato qilibdi. Shu oʻgʻil Egamizga atab Maʼbadni va oʻzi uchun saroyni bunyod qiladi.
13Sizga Xurom ismli aqlli, mohir bir ustani yuboryapman. 14Uning onasi — Dan qabilasidan, otasi esa — Tirlik. Uning oʻzi oltin, kumush, bronza, temir, tosh va yogʻochga ishlov beradigan mohir ustadir. U safsar, koʻk, qizil matolarni va mayin zigʻir matosini ham toʻqishni biladi, shuningdek, turli oʻymakorlik ishlarini bajara oladi, har qanday naqshni sola oladi. Xurom sizning ustalaringiz va otangiz boʻlmish xoʻjayinim Dovud yetishtirgan ustalar bilan birga ishlaydi.
15Janobi oliylari! Oʻzingiz aytgan bugʻdoy, arpa, zaytun moyi, sharobni qullaringizga yuboring. 16Sizga kerak boʻladigan har qanday daraxtni biz Lubnondan kesib beramiz, yogʻochlardan sol qilib, dengiz sohili boʻylab Yaffaga#2:16 Yaffa — Oʻrta yer dengizi boʻyida joylashgan boʻlib, Quddus uchun bandargoh vazifasini oʻtagan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi BANDARGOH soʻziga qarang. qadar keltirib beramiz. Siz oʻsha yerdan yogʻochlarni Quddusga olib ketaverasiz.”
Maʼbad qurilishi boshlandi
17Shundan keyin Sulaymon otasi Dovud singari, Isroil yurtida istiqomat qilayotgan musofirlarning hammasini roʻyxatga oldi. Musofirlarning soni 153.600 kishi ekan. 18Sulaymon ularning 70.000 nafarini ogʻir yuk tashuvchi, 80.000 nafarini qirlarda tosh kesadigan sangtarosh, 3600 nafarini esa ishlayotganlar ustidan nazoratchi qilib tayinladi.

Currently Selected:

2 Solnomalar 2: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

Video for 2 Solnomalar 2