YouVersion Logo
Search Icon

2 Shohlar 7

7
7–BOB
Xudo Dovudga soʻz beradi
1Shoh Dovud oʻz saroyida yashar edi, Egamiz esa uni toʻrt tarafdagi gʻanimlaridan omon saqlardi.
2Shoh bir kuni Natan paygʻambarga dedi:
— Qarang, men sadr yogʻochidan qurilgan uyda yashayapman, Xudoning Sandigʻi esa chodirda turibdi.
3— Koʻnglingda nima boʻlsa, shuni qilaver, Egam sen bilan, — dedi Natan.
4Oʻsha kuni kechasi Natanga Egamizning soʻzi ayon boʻldi:
5“Qulim Dovudning oldiga borgin–da, unga shu gaplarni yetkaz: «Egam shunday aytmoqda: istiqomat qilishim uchun uyni Menga sen qurmaysan. 6Isroil xalqini Misrdan olib chiqqanimdan to shu kungacha biror uyda yashagan emasman. U yerdan–bu yerga koʻchib yurdim, chodirda maskan qildim. 7Men hech qachon Isroil xalqining rahnamolariga shikoyat qilmadim. Ularning zimmasiga xalqimga choʻponlik qilish vazifasini yuklagan boʻlsam–da, hech qachon ularning birortasiga: ‘Nima uchun Menga sadr daraxti yogʻochidan uy qurib bermadingizlar?’ deb aytmadim.»
8Endi qulim Dovudga ayt: «Sarvari Olam shunday demoqda: Men seni yaylovlardagi qoʻy suruvi orasidan tanlab olib, xalqim Isroilga hukmdor qildim. 9Qayerga borsang, sen bilan boʻldim, hujum qilganingda, hamma gʻanimlaringni yoʻq qildim. Endi sening nomingni olamdagi ulugʻ odamlarning nomi singari mashhur qilaman. 10-11Xalqim Isroilga ilk hakamlarni tayinlaganimdan buyon vijdonsiz odamlar bu xalqimni ezib keldilar. Endi xalqim Isroil uchun bir yurt tayin etib, ularni oʻsha yerga oʻtqazaman. Ular oʻz yurtida istiqomat qilishadi, boshqa behalovat boʻlishmaydi. Seni hamma gʻanimlaringdan tinch–omon saqlayman. Men, Egang, sen uchun bir xonadon#7:10-11 xonadon — ibroniycha matnda uy, bu oʻrinda abadiy davom etadigan shoh sulolasiga ishora qiladi. Shu bobning 5–oyatidagi ibroniycha uy soʻzi Xudoning uyiga, yaʼni shoh Dovud Xudoga atab qurmoqchi boʻlgan Maʼbadga ishora qiladi. Dovudning mana shu istagiga javoban Xudo uy soʻzining maʼnosiga soʻz oʻyin qilib, unga xonadon barpo qilishga, yaʼni sulola ato etishga vaʼda beradi. yarataman, deb aytmoqdaman. 12Sen olamdan oʻtib, ota–bobolaring yoniga dafn qilinganingdan keyin ham, Men oʻgʻillaringdan birini, pushti kamaringdan bino boʻlgan farzandingni shoh qilib, uning shohligini mustahkamlayman. 13Menga atab uyni u quradi. Men esa uning shohlik taxtini to abad mustahkam qilaman. 14Men unga ota boʻlaman, u esa Menga oʻgʻil boʻladi. Agar gunoh qilsa, ota oʻgʻlini jazolaganday, Men ham uni jazolayman. 15Seni shoh boʻlsin deb, Shoulni marhamatimdan mahrum qilgan edim. Lekin oʻgʻlingdan hech qachon marhamatimni darigʻ tutmayman. 16Xonadoning va shohliging Mening oldimda abadiy turadi, taxting to abad mustahkam boʻladi.»”
17Xudo ayon qilganlarning hammasini Natan Dovudga aytdi.
Dovudning shukrona ibodati
18Shundan keyin shoh Dovud Egamizning huzurida oʻtirib#7:18 …Egamizning huzurida oʻtirib… — Dovud Quddusda Ahd sandigʻini qoʻygan maxsus chodirda oʻtirgan boʻlishi mumkin (6:16-17 ga qarang). Ahd sandigʻi Xudo Oʻz xalqi orasida ekanligining ramzi edi., shunday ibodat qildi:
“Ey Egam Rabbiy! Men kim boʻlibman, xonadonim nima boʻlibdiki, Sen meni bu qadar ulugʻlading?! 19Buning ustiga, ey Egam Rabbiy, Sen kelajak zamonda yuz beradigan voqealardan xabar berib, bu qulingning xonadoni uchun koʻp vaʼda berding. Sening bu vaʼdalaring jamiki insonlarga tegishli boʻlsin#7:19 Sening bu vaʼdalaring jamiki insonlarga tegishli boʻlsin… — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi Bu jamiki insoniyat uchun qonundir…., ey Egam Rabbiy! 20Men Senga ortiq nima deya olardim, Egam Rabbiy! Axir, bu qulingni bilasan–ku. 21Bergan vaʼdangga, Oʻz xohishingga muvofiq, shunday ulugʻvor ish qilding va bu qulingga ayon etding.
22Naqadar ulugʻvorsan, ey Egam Rabbiy! Senga oʻxshagan boshqa xudo haqida hech qachon eshitmaganmiz. Sening aslo oʻxshashing yoʻq, Sendan oʻzga Xudo yoʻq! 23Xalqing Isroilga oʻxshashi yoʻq! Ey Xudoyim, boshqa qaysi xalqni Sen qullikdan xalos qilib, Oʻzingning xalqing qilding?! Sen Oʻz xalqingni Misrdan olib chiqib, butun olamga shuhratingni yoyding. Buyuk va ajoyib ishlaring orqali xalqing oldidan begona xalqlaru xudolarni quvding#7:23 Sen…begona xalqlaru xudolarni quvding — qadimiy yunoncha tarjimadan (yana 1 Solnomalar 17:21 ga qarang). Ibroniycha matnda Sen Oʻz xalqingni Misrdan, xalqlar va ularning xudolari orasidan olib chiqib, butun olamga shuhratingni yoyding. Oʻz yurtingni deb xalqingning oldida buyuk va ajoyib ishlar koʻrsatding.. 24Xalqing Isroilni to abad Oʻzingning xalqing qilding. Ey Egam, Sen ularning Xudosi boʻlding.
25Ey Parvardigor Egam! Bu qulingga va uning xonadoniga qarata aytgan soʻzingda to abad tur, bergan vaʼdangni bajar, 26toki odamlar, Sarvari Olam — Isroil xalqining Xudosi ekan, deb nomingni to abad maqtab yursinlar. Ha, quling Dovudning xonadonini Oʻzing har doim mustahkam qilgin. 27Ey Isroil xalqining Xudosi — Sarvari Olam! Bu qulingga, sening xonadoningni barpo etaman, deb ayon etgansan! Shu sababdan bu quling Senga shunday deb ibodat qilishga jurʼat etdi.
28Ey Egam Rabbiy! Sen Xudosan, soʻzlaring — haq. Sen bu qulingga ana shunday ezgu narsalarni vaʼda qilgansan. 29Agar Oʻzing maʼqul koʻrsang, bu qulingning xonadoniga marhamat qilgin, toki Sening huzuringda to abad tursin. Sen soʻz bergansan, ey Egam Rabbiy! Sening marhamating tufayli bu qulingning xonadoni to abad marhamatga sazovor boʻlgʻay.”

Currently Selected:

2 Shohlar 7: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in