2 Shohlar 5
5
5–BOB
Dovud Isroil va Yahudo shohi boʻladi
1Jamiki Isroil qabilalari Xevronga — Dovudning huzuriga kelib shunday deyishdi:
— Biz ham sizning jigaringizmiz. 2Ilgari Shoul shohimiz boʻlganda ham, urushlarda Isroil lashkariga oʻzingiz bosh boʻlar edingiz. Egamiz sizga: “Sen xalqim Isroilning choʻponi boʻlib, ularni boqasan, Isroilga sen rahnamolik qilasan”, deb aytgan edi.
3Shunday qilib, Dovud Xevronda Isroil oqsoqollari bilan Egamiz oldida ahd qildi. Isroil oqsoqollari Dovudning boshiga moy surtib, uni Isroil ustidan shoh qilib koʻtarishdi. 4Dovud oʻttiz yoshida shoh boʻlib, qirq yil shohlik qildi: 5Xevronda yetti yilu olti oy Yahudo ustidan, Quddusda esa oʻttiz uch yil butun Isroil va Yahudo ustidan shoh boʻldi.
6Shoh Dovud odamlari bilan Quddusda yashayotgan Yobus xalqiga qarshi otlanganda, ular Dovudga: “Sen bu yerga kira olmaysan, hatto oramizdagi koʻrlar bilan choʻloqlar ham seni orqangga uloqtirib yuboradi”, deyishdi. Yobus xalqi: “Dovud shahrimizni bosib ololmaydi”, deb oʻylagan edi. 7Ammo Dovud Sion qalʼasiga#5:7 Sion qalʼasi — aslida Yobus xalqining qalʼasi, bu qalʼa Quddusdagi Sion tepaligida joylashgan edi. bostirib kirib, qalʼani egalladi. Keyinchalik bu qalʼaga “Dovud qalʼasi” deb nom berildi.
8Oʻsha kuni Dovud odamlariga shunday dedi:
— Kimki Yobus xalqini yengmoqchi boʻlsa, shaharga quvur orqali kirib, “choʻloq” va “koʻr” Yobuslarga hujum qilsin. Ularni koʻrgani koʻzim yoʻq.
Shu sababdan: “Koʻrlar bilan choʻloqlar Xudo uyiga kirmaydi” degan gap paydo boʻlgan.
9Shunday qilib, Dovud qalʼani egallab, bu yerni “Dovud qalʼasi” deb atadi. U Quddusning sharq tomonidagi Millodan#5:9 Quddusning sharq tomonidagi Millo — Quddus shahri tepalik ustida edi. Bu tepalikning sharq tomoni oʻpirilib ketgani uchun uni tuzatish shart boʻlgan. Tepalikning oʻpirilib ketgan joyi tuproq bilan toʻldirilgan, kengaytirilgan va mustahkamlangan edi. Tepalikning bu qismi Millo deb atalardi. boshlab, butun shahar atrofini devor bilan oʻrab mustahkamladi. 10Dovud tobora kuchayib borardi, chunki Parvardigori Olam — Egamiz unga yor edi.
11Tir#5:11 Tir — Finikiyada muhim ahamiyatga ega boʻlgan shahar. Bu shahar Isroildan shimolda, Oʻrta yer dengizi boʻyida joylashgan edi. Bugungi kunda bu yer Livan mamlakatining janubiy qismini tashkil qiladi. shohi Xiram Dovudga elchilar joʻnatib, sadr yogʻochlarini, duradgorlar va tosh teruvchilarni ham yoʻlladi. Ular Dovudga bir saroy qurib berishdi. 12Dovud endi bildiki, Egamiz uni Isroil ustidan shoh qilib tayinlagan ekan, Egamiz Oʻz xalqining haqi–hurmati uchun uning shohligini yuksaltirgan ekan.
13Dovud Xevrondan Quddusga kelgandan keyin, bu yerda yana kanizaklar#5:13 kanizaklar — ibroniycha matnda bu soʻzning maʼnosi quyidagicha: choʻri boʻlgan bu ayollar qonuniy xotin boʻlmasalar–da, xoʻjayinlari ular bilan jinsiy aloqada boʻlishgan. Qadimgi paytlarda bu ayollarning jiddiy qonuniy huquqlari boʻlib, xoʻjayinlari ularning erlari sifatida boʻlgan., xotinlar oldi, ular Dovudga yanada koʻp oʻgʻil–qizlar tugʻib berishdi. 14Dovudning Quddusda tugʻilgan farzandlari quyidagilar edi: Shammuva, Shoʻvav, Natan, Sulaymon, 15Yibxar, Elishuva, Nafax, Yofiya, 16Elishama, Elyodax va Elifalet.
Dovud Filistlarni magʻlub qiladi
17Filistlar: “Isroil xalqi Dovudga moy surtib shoh qilishibdi” degan xabarni eshitishdi. Shundan keyin barcha Filist lashkari Dovudni qidirib jangga otlandilar. Dovud bu xabarni eshitib, muhofaza qoʻrgʻoniga chiqdi. 18Filistlar kelib, Rafa vodiysida#5:18 Rafa vodiysi — Quddusdan bir necha kilometr janubi–gʻarbda joylashgan. yoyildilar. 19Dovud Egamizdan:
— Filistlarga hujum qilaymi? Ularni qoʻlimga berasanmi? — deb soʻradi#5:19 …Egamizdan…deb soʻradi — 2:1 izohiga qarang..
— Hujum qil! — deb javob berdi Egamiz Dovudga, — ularni albatta qoʻlingga beraman.
20Shunday qilib, Dovud Baal–Perazimga ketdi va u yerda Filistlarni tor–mor qildi. Keyin shunday dedi:
— Suv toʻgʻondan toshib, dalani bosgani singari, Egam gʻanimlarimni bosib, oldimdan uloqtirib yubordi.
Shu sababdan bu yerga “Baal–Perazim”#5:20 “Baal–Perazim” — ibroniychadagi maʼnosi toshqinday bosib yoʻq qiluvchi xudo. degan nom berildi. 21Filistlar oʻsha yerda butlarini tashlab qochgan edilar, Dovud odamlari bilan oʻsha butlarni olib ketdi.
22Koʻp oʻtmay Filistlar yana Rafa vodiysiga kelib, jangga shay boʻlib turishdi. 23Dovud tagʻin Egamizning xohish–irodasini soʻradi. Egamiz esa shunday javob berdi: “Old tomonidan hujum qilma. Ularning orqasiga aylanib oʻtgin–da, mumiyo daraxtlari tomondan yaqinlashib bor. 24Mumiyo daraxtlari tepasida Mening qadamim tovushlarini eshitganing zahoti ularga hujum qil. Oʻshanda Men Filist lashkarini yoʻq qilish uchun sening qarshingdan chiqqan boʻlaman.”
25Dovud, Egamiz amr berganiday qilib, Gebodan Gezer shahrigacha boʻlgan joylarda Filistlarni tor–mor qildi.
Currently Selected:
2 Shohlar 5: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020