YouVersion Logo
Search Icon

2 Shohlar 6

6
6–BOB
Dovud Ahd sandigʻini Quddusga olib keladi
1Dovud Isroil lashkaridan yana oʻttiz ming saralangan odamlarini toʻpladi. 2Dovud oʻz odamlari bilan Yahudodagi Baalax shahriga#6:2 Baalax shahri — Xirat–Yoʻrim shahrining yana bir nomi (1 Solnomalar 13:6 ga qarang). joʻnadi. Uning maqsadi ikki karub#6:2 ikki karub — Ahd sandigʻining qopqogʻi ustidagi qanotli samoviy mavjudotlar haykallari. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi KARUB, KARUBLAR soʻziga qarang. orasida taxt qurgan Sarvari Olam — Xudoning Sandigʻini olib kelish edi. 3-4Xudoning Sandigʻi Abunadavning tepalikdagi uyida#6:3-4 …Abunadavning tepalikdagi uyida… — 1 Shohlar 7:1-2 ga qarang. edi. Sandiqni yangi arava ustiga ortishdi. Abunadavning oʻgʻillari Uzzox bilan Oxyo Sandiq ortilgan aravani haydab ketishdi. Oxyo Sandiqning oldida borayotgan edi. 5Dovud va jamiki Isroil xalqi Egamizning huzurida berilib#6:5 …berilib… — qadimiy yunoncha tarjimadan (yana 1 Solnomalar 13:8 ga qarang). Ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …barcha qaragʻay daraxtlari bilan…, baʼzi tarjimalarda Qaragʻay yogʻochidan yasalgan hamma asbob turlari bilan. oʻyin–kulgi qilayotgan edilar. Ular lira, arfa, childirma, shaqildoq va zillar chalib, qoʻshiqlar bilan bu voqeani bayram qilayotgan edilar.
6Noxun degan odamning xirmoniga yetib borganlarida, hoʻkizlar qoqilib ketdi. Uzzox qoʻlini uzatib Xudoning Sandigʻini ushlab qoldi. 7Lekin Uzzox hurmatsizlik qilgani uchun#6:7 …Uzzox hurmatsizlik qilgani uchun… — Ahd sandigʻi muqaddas boʻlib, Xudo Oʻz xalqi orasida ekanining ramzi edi. Ahd sandigʻiga qoʻl tekkizish qatʼiyan man etilgandi (Sahroda 4:5-6, 15 ga qarang). Dovud Xudoning koʻrsatmalariga rioya qilmay (Chiqish 25:12-15 ga qarang), Ahd sandigʻini aravaga orttirgandi., Egamiz undan gʻazablanib, oʻsha yerdayoq Uzzoxni urib, jonini oldi. Uzzox Xudoning Sandigʻi yonginasida jon berdi. 8Egamiz Uzzoxni nobud qilgani uchun, Dovud qattiq gʻazablandi. Oʻsha kundan buyon shu joy “Paraz–Uzzox”#6:8 “Paraz–Uzzox” — ibroniychadagi maʼnosi Uzzoxning jazosi, yaʼni Xudo Uzzoxni urdi. deb aytiladi.
9Dovud oʻsha kuni Egamizdan qoʻrqib: “Qanday qilib Egamning Sandigʻini oʻzim bilan olib kela olar ekanman?” deb oʻyladi. 10Egamizning Sandigʻini oʻzi bilan Dovud qalʼasiga olib borishni xohlamay, uni Gatlik#6:10 Gat — Oʻrta yer dengizi boʻyida joylashgan bu shahar Filistlarning beshta asosiy shahridan biri edi. Obidadomning uyiga tashlab ketdi. 11Egamizning Sandigʻi u yerda uch oy turdi. Egamiz Obidadomga va uning butun xonadoniga baraka berdi.
12“Egamiz Oʻzining Sandigʻi uchun Obidadomning butun xonadoniga, unga qarashli hamma narsaga marhamat qildi”, deb shoh Dovudga xabar yetkazishdi. Shunday qilib, Dovud borib, Obidadomning uyidan Xudoning Sandigʻini oʻz qalʼasiga katta tantana bilan olib keldi. 13Egamizning Sandigʻini olib borayotganlar olti qadam yurishganda, Dovud bir buqa bilan bir boʻrdoqi buzoqni qurbonlik qildi. 14Dovud Egamizning huzurida butun vujudi bilan oʻyinga tushardi. U oʻshanda ruhoniylarning muqaddas libosini#6:14 ruhoniylarning muqaddas libosi — ibroniycha matnda zigʻir matosidan tikilgan efod, yaʼni ruhoniylar kiyib yuradigan libos. kiyib olgan edi. 15Dovud bilan butun Isroil xalqi sevinchli xitoblar, karnay sadolari ostida Egamizning Sandigʻini olib kelishardi.
16Ular Egamizning Sandigʻini Dovud qalʼasiga olib kirishayotganda, Shoulning qizi Mixal derazadan qarab turgan edi. U Egamizning oldida sakrab oʻynayotgan shoh Dovudni koʻrdi–yu, oʻz koʻnglida uni past koʻrdi.
17Dovud Egamizning Sandigʻi uchun bir chodir oʻrnatgan edi. Odamlar Sandiqni oʻsha chodirning ichkarisiga olib kirib, maxsus tayyorlangan joyga qoʻyishdi. Keyin Dovud Egamizga kuydiriladigan qurbonliklarni va tinchlik qurbonliklarini keltirdi. 18U qurbonliklar qilib boʻlgandan keyin, Sarvari Olam nomidan xalqni duo qildi. 19Soʻng hammaga — erkagu ayolga, jamiki Isroil jamoasiga bir donadan gardish non, bir hovuchdan xurmo#6:19 xurmo — yoki bir parchadan goʻsht. va bir hovuchdan mayiz#6:19 …bir hovuchdan xurmo va bir hovuchdan mayiz… — qadimgi paytlarda odamlar xurmo va uzumlarni quritgandan keyin, qoqilarni hovuchlarida qattiq siqib, dumaloq shakl berganlar. Shu tariqa qoqilar uzoq vaqt saqlangan va kundalik isteʼmol qilinadigan yegulik boʻlgan. tarqatdi. Shundan keyin xalq uy–uyiga tarqaldi.
20Dovud oʻz oilasini duo qilgani uyiga kelganda, Shoulning qizi — Dovudning xotini Mixal peshvoz chiqib, Dovudga shunday dedi:
— Bugun Isroil shohi qanday ajoyib shuhratga erishdi–ya! Xuddi bemaʼni odamlarday, sen yarim yalangʻoch boʻlib, aʼyonlaringning choʻrilari oldida oʻzingni koʻrsatding!
21— Men Egam oldida oʻynadim! — dedi Dovud. — U otang va uning butun xonadonidan meni ortiq koʻrgan, Oʻz xalqi Isroilga meni rahnamo qilib tanlagan. Ha, Egam oldida albatta oʻynayman, 22bundan buyon oʻzimni yana ham pastroq tutaman, ularning oldida oʻzimni yanada ham kichik tutaman. Lekin bilib qoʻy, sen aytgan oʻsha choʻrilardan men sharaf topaman.
23Shoulning qizi Mixal umrining oxirigacha befarzand oʻtdi.

Currently Selected:

2 Shohlar 6: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in