YouVersion Logo
Search Icon

2 Shohlar 4

4
4–BOB
Ishbosit oʻldiriladi
1Ishbosit Abnurning Xevronda oʻldirilganini eshitdi–yu, boʻshashib qoldi. Butun Isroil xalqi vahimaga tushdi. 2Ishbositning xizmatida Banax va Raxav degan ikkita odam bor edi, ular bosqinchi toʻdalar sardori edilar. Oʻzlari Baroʻt shahridan boʻlib, Benyamin qabilasidan Rimmon deganning oʻgʻillari edi. Baroʻt shahri u vaqtda Benyamin hududiga kirardi. 3Baroʻt aholisi Gitayim shahriga qochib ketgan edi. Oʻshandan buyon ular kelgindi boʻlib oʻsha yerda yashaydilar.
4Shoulning naslidan Mefibosit degan ikkala oyogʻi ham nogiron bola bor edi. U Yoʻnatanning oʻgʻli edi. “Shoul bilan Yoʻnatan halok boʻldi”, deb Yizril shahridan xabar kelganda, Mefibosit besh yoshda edi. Enagasi, bolani olib qochaman deb, shosha–pisha ketayotganda, bolani qoʻlidan tushirib yuborgan, bola esa nogiron boʻlib qolgan edi.
5Bir kuni Raxav bilan Banax kun rosa qizigan paytda Ishbositning uyiga kelishdi. Tush payti, Ishbosit oʻzining xonasida uxlayotgan ekan. 6-7Ikkala aka–uka bugʻdoy olish bahonasida uyga kirishdi. Uyga kirganlari zahoti, Ishbositning qorniga xanjar urib, uni oʻldirdilar. Soʻng uning boshini kesib olib ketdilar.
Raxav bilan Banax tun boʻyi Iordan vodiysi#4:6-7 Iordan vodiysi — ibroniycha matnda Araba. Araba umumiy geografik nom boʻlib, bu oyatda Iordan vodiysiga nisbatan ishlatilgan. boʻylab yurishdi.
8Ular Ishbositning boshini Xevronga — shoh Dovudga olib kelishib, unga shunday deyishdi:
— Mana sizni oʻldirmoqchi boʻlgan gʻanimingiz Shoulning oʻgʻli Ishbositning boshi! Egamiz bugun Shouldan va uning xonadonidan shoh janoblari uchun oʻch oldi.
9Biroq Dovud Raxav bilan ukasi Banaxga shunday dedi:
— Jonimni har turli balo–qazolardan asragan Xudo shohid! 10Shoulning oʻlimini bittasi oʻzicha xushxabar deb olib kelgan edi. Oʻsha odamni ushlab, Zixlaxda oʻldirtirgan edim. Uning mukofoti shu boʻlgan edi! 11Aybsiz odamni oʻzining uyida, toʻshagida oʻldirgan yovuz kimsalar ham albatta oʻldiriladi! Hoziroq sizlardan uning xunini talab qilaman, sizlarni quritib yuboraman!
12Dovud yigitlariga farmon bergan edi, ular ikkala aka–ukani oʻldirishdi. Soʻng qoʻl–oyoqlarini kesib tashlab, jasadlarini Xevrondagi hovuz boʻyidagi tik oʻrnatilgan xodalarning uchlariga qoqishdi. Ishbositning boshini Abnurning Xevrondagi xilxonasiga olib borib dafn qilishdi.

Currently Selected:

2 Shohlar 4: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in