2 Shohlar 22
22
22–BOB
Dovudning zafar qoʻshigʻi
1Egamiz Dovudni jamiki dushmanlari va Shoulning qoʻlidan ozod qilgan kuni Dovud Egamizga atab shu qoʻshiqni aytdi:
2“Egam suyangan qoyamdir#22:2 qoya — bu obraz baʼzan ibroniy sheʼriyatida koʻchma maʼnoda qoʻllangan boʻlib, Egamizni toqqa oʻxshatadi. Egamizning xalqi oʻz dushmanlaridan qutulish uchun, qochib Egamizda panoh topadi. Bu obraz Egamizning barqarorligini va qoyaday mustahkam ekanligini koʻrsatadi., mening qalʼam, qutqaruvchimdir.
3Ha, Xudodir mening qoyam, Unda panoh topaman.
Udir mening qalqonim, qudratli najotkorim#22:3 qudratli najotkorim — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi najotimning shoxi yoki meni qutqaradigan shox. Hoʻkizning shoxi kuch–qudrat ramzi edi, chunki hoʻkiz qadimiy Yaqin Sharqdagi eng kuchli hayvonlardan biri edi.,
Qoʻrgʻonimu boshpanam.
Xaloskorim, zulmdan meni Sen qutqarasan!
4Egamga iltijo qilaman,
Gʻanimlarimdan U meni xalos qiladi.
Egamizga hamdu sanolar boʻlsin!
5Oʻlim toʻlqinlari meni qurshab olgandi,
Balo–qazo sellari dahshat ila bosgandi,
6Ha, oʻliklar diyorining#22:6 oʻliklar diyori — ibroniycha matnda Sheoʻl. Qadimda Isroil xalqi Sheoʻlni yer ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar boradigan qorongʻi joy deb tushunardi. toʻrlari meni oʻrab olgandi,
Oʻlim oʻz tuzogʻiga meni asir qilgandi.
7Kulfatda qolganimda Egamga iltijo qildim,
Ha, Xudoyimga iltijo qildim.
Maʼbadidan turib U ovozimni eshitdi,
Ohu nolam qulogʻiga yetib bordi.
8Oʻsha zamon yer yuzi titrab, tebrandi,
Osmon poydevori#22:8 Osmon poydevori — qadimda Isroil xalqining tasavvuriga koʻra, osmon gumbazga oʻxshaydi va yer ostidagi tubsizlikning poydevoriga oʻrnatilgan ulkan ustunlarga tayanadi (yana shu bobning 16–oyatiga va oʻsha oyatning izohiga qarang). larzaga keldi,
Egam gʻoyat gʻazabga mingan edi.
9Burnidan tutun buruqsab chiqardi,
Ogʻzidan otash pishqirardi,
Oldidan qip–qizil choʻgʻ yogʻilardi.
10U koʻklarni yorib, pastga tushdi,
Oyoqlari ostida — qora bulut.
11Egam bir karubga#22:11 karub — qanotli samoviy mavjudot. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi KARUB, KARUBLAR soʻziga qarang. minib uchib keldi,
Yel qanotlari uzra koʻringan edi.
12Atrofini zulmat bilan oʻradi,
Atrofidagi qora bulutlarni Oʻziga chayla qildi.
13Ulkan nur Egamning oldidan chiqdi,
Qip–qizil choʻgʻ yogʻilib turdi.
14Egamning ovozi koʻklardan guldiradi,
Xudoyi Taoloning sadosi eshitildi.
15Oʻqlar otdi, chaqmoq chaqtirib, yovlarini tirqiratdi,
Ularni sarosimaga soldi.
16Egamning tahdidlaridan,
Uning qahrli nafasidan
Dengizning tubi koʻrinib qoldi,
Zamin poydevori#22:16 Zamin poydevori — qadimda Isroil xalqining tasavvuriga koʻra, yer tep–tekis boʻlib, yer ostida buyuk dengiz bor edi, dengiz tubida oʻrnatilgan ulkan ustunlar yerni ushlab turardi. Bu ustunlar dengiz tubidagi poydevorga tayanardi. yalangʻoch boʻlib qoldi.
17Egam yuqoridan qoʻl uzatib, meni tutdi,
Bahaybat suvlardan#22:17 Bahaybat suvlardan… — haddan ortiq xavf–xatardan degan maʼnodagi majoziy tasvir. meni chiqarib oldi.
18Meni kuchli gʻanimlarim qoʻlidan,
Mendan nafratlangan yovlarimdan qutqardi,
Ular mendan kuchli edilar.
19Qora kunimda ular menga hamla qildilar,
Ammo Egam menga tayanch boʻldi.
20Meni bexavotir joyga chiqarib qoʻydi,
Mendan mamnun boʻlib, najot berdi.
21Egam solihligim uchun meni mukofotlaydi,
Aybsizligim uchun meni taqdirlaydi.
22Zero, men Egamning yoʻlidan yurdim,
Axloqsizlik qilmadim,
Xudoyimdan yuz oʻgirmadim.
23Uning hamma qonun–qoidalariga rioya qildim,
Farmonlaridan boʻyin tovlamadim.
24Uning oldida benuqson boʻldim,
Gunoh qilishdan oʻzimni saqladim.
25Shu sababli Egam meni pok deb bildi,
Solihligimga yarasha mukofot berdi.
26Ey Egam! Senga sodiq boʻlganga Sen sodiq boʻlasan,
Yaxshi insondan yaxshiligingni ayamaysan.
27Pok kishiga pokligingni koʻrsatasan,
Egrining ayyorligini oʻz boshiga solasan.
28Ahli kamtarga esa najot berasan,
Dimogʻdorni kuzatib, yerga urasan.
29Ey Egam! Sen Oʻzing chirogʻimsan,
Zulmatni men uchun yorugʻlikka aylantirasan.
30Ey Xudoyim! Senga suyanib lashkarni yoʻq qilaman,
Senga suyanib devorlardan oshib oʻtaman.
31Xudoning yoʻli komildir,
Egamizning kalomi chin haqiqatdir,
Panoh izlab borganga U qalqondir.
32Egamizdan boshqa Xudo kim ekan?!
Xudoyimizdan boʻlak suyanchiq Qoya bormikan?!
33Mening mustahkam qalʼam Xudodir,
Yoʻlimni Oʻzi bexatar qiladi.
34U oyoqlarimni kiyik oyogʻiday qiladi,
Choʻqqilar uzra meni bexatar yurgizadi.
35Qoʻllarimni jang qilishga oʻrgatadi,
Barmoqlarim bronza yoyni buka oladi.
36Ey Egam, Sen menga zafar qalqoningni bergansan,
Madading esa meni yuksaltiradi.
37Oyoqlarim uchun yoʻlimni keng qilgansan,
Oyoqlarim sira ogʻib ketmaydi.
38Gʻanimlarimni quvlab, halok qildim,
Ularni yoʻq qilmay ortga qaytmadim.
39Ularni shunday ezdimki, hech ham tura olmadilar.
Oyoqlarim ostida choʻzilib qoldilar.
40Sen menga quvvat berib, jangga yubording,
Menga qarshi otlangan yovni oldimda bosh egdirding.
41Gʻanimlarimni mendan qochirding,
Mendan nafratlanganlarni men yoʻq qildim.
42Ular madad soʻrab faryod qildilar,
Najotkorni esa topolmadilar,
Ey Egam, gʻanimlarim Senga yolvordilar,
Ammo Sen javob bermading.
43Yerdagi tuproq singari ularni ezdim,
Yoʻldagi loydek tepkilab bosdim.
44Sen meni xalqim gʻiybatidan xalos qilding,
Meni ellarga yoʻlboshchi qilish uchun saqlading.
Oʻzim tanimagan elat menga qaram boʻldi.
45Yot ellar menga boʻyin egdilar,
Ovozimni eshitiboq quloq tutdilar.
46Yot ellar holsizlanib yiqildilar,
Qaltirab manzilidan chiqib qochdilar.
47Egam barhayotdir! Suyangan Qoyamga olqishlar boʻlsin!
Najotim qoyasi — Xudoyim yuksalsin!
48Qasdimni olgan Xudodir,
Xalqlarni menga U tobe qilgan.
49Meni gʻanimlarimdan U qutqargan,
Bosqinchilardan meni ustun qilgan,
Meni zoʻravonlar qoʻlidan xalos etgan.
50Shu bois, ey Egam, xalqlar ichra
Senga hamdlar aytaman!
Seni kuylab sano aytaman!
51Egamiz Oʻz shohini ulugʻ zafarlarga erishtiradi,
Oʻzi tanlagan shoh Dovud va uning nasliga
To abad sodiq sevgisini koʻrsatadi.”
Currently Selected:
2 Shohlar 22: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020