2 Shohlar 14
14
14–BOB
Absalom Quddusga qaytib keladi
1Shoh Dovud Absalomni sogʻinayotganini Yoʻab bildi. 2U bittasini Taxuva shahriga#14:2 Taxuva shahri — Quddusdan qariyb 16 kilometr janubda joylashgan. yuborib, u yerda yashaydigan bir donishmand ayolni chaqirtirib keldi. Yoʻab oʻsha ayolga:
— Sendan bir iltimosim bor, — dedi. — Motamsaro qiyofaga kirib, aza kiyimlaringni kiyasan. Pardoz qilma, oʻzingni xuddi marhumga anchadan beri aza tutayotgan ayolday koʻrsat. 3Men senga nima aytsam, shoh huzuriga borib, unga yetkazasan.
Keyin Yoʻab ayolga nimalar aytishi lozimligini oʻrgatdi. 4Taxuvalik ayol shoh huzuriga yoʻl oldi. Uning huzuriga borib, muk tushib taʼzim qildi–da:
— Ey shohim, yordam bering! — dedi.
5— Nima boʻldi? — deb soʻradi shoh.
— Men bir baxtsiz tul ayolman, — dedi u. — Erim oʻlgan. 6Bu choʻringizning ikki oʻgʻli bor edi. Ikkovi dalada janjallashib qolishibdi. Oʻsha yerda ularni ajratib qoʻyadigan biror kimsa yoʻq ekan, bittasi ikkinchisini urib oʻldirib qoʻyibdi. 7Endi esa butun qavmim bu choʻringizga qarshi chiqib: “Birodarini oʻldirganni bizning qoʻlimizga ber, birodarini oʻldirgani uchun undan qasos olamiz, qotilni oʻldiramiz, merosxoʻrini yoʻq qilamiz”, deyishyapti, oxirgi umid nishonamdan ham ayirishmoqchi. Agar yana fojia yuz beradigan boʻlsa, yer yuzida erimning nomini davom ettiradigan biror kimsa qolmaydi–ku.
8— Uyingga boraver, — dedi shoh, — men sening foydangga amr beraman.
9— Shoh hazratlari, bu voqeaga men va otamning xonadoni aybdor boʻlsin, — dedi Taxuvalik ayol, — shohim va uning taxti begunoh boʻlsin.
10— Kim senga biror narsa desa, uni mening oldimga boshlab kel. Shunday qilayinki, oʻsha odam seni boshqa xafa qilmaydigan boʻlsin, — dedi shoh.
11— Boʻlmasa, shohim oʻzlarining Egasi Xudo nomi bilan ont ichsinlar, toki qasoskorlar yana ziyon–zahmat yetkazmasin, — dedi ayol. — Aks holda, oʻgʻlimni oʻldirib qoʻyishadi.
— Xudo shohid! Oʻgʻlingning bir tola sochiga ham zarar yetmaydi, — dedi shoh.
12— Endi ijozat bersangiz, bu choʻringiz shoh hazratlariga yana bir ogʻiz gap aytmoqchi edi, — dedi ayol.
— Ayt, — dedi shoh. 13Ayol gapini davom ettirdi:
— Boʻlmasa, nima uchun shoh Xudoning xalqiga qarshi bunday nohaqlikni ravo koʻrayotirlar? Shohim haligi gapi bilan oʻzlarini gunohkor qilganday boʻldilar. Chunki, shohim, oʻzingiz quvgʻin qilgan odamni qaytarmayapsiz. 14Tuproqqa toʻkilgan suvni qayta yigʻib boʻlmaganiday, hammamiz ham olamdan oʻtib ketamiz. Lekin Xudo jonimizni olishni istamaydi. Xudo “Badargʻa qilingan odam Oʻzimdan uzoq ketmasin”, deb yoʻllarini qidiradi. 15Odamlar meni qoʻrqitgani uchun shoh hazratlariga shularni aytib berishga keldim. Oʻzimga oʻzim aytdim: “Shohga maslahat solay–chi, balki bu choʻrisining tilagini bajo aylar. 16Oʻgʻlim bilan meni oʻldirib, bizni Xudo bergan merosdan mahrum qiladiganning qoʻlidan qutqarishni faqat shoh oʻz zimmasiga olishi mumkin. 17Shoh hazratlari oʻz soʻzi bilan meni tinchlantiradilar. Chunki shohim, Xudoning farishtasi kabi yaxshi–yomon gapni tinglab, ajrim qiladilar.” Egangiz Xudo sizga yor boʻlsin!
18— Sendan bir narsani soʻrayman, lekin mendan hech narsani yashira koʻrma! — dedi shoh.
— Soʻrasinlar, shoh hazratlari, — dedi ayol.
19— Bu aytganlaringning hammasida Yoʻabning qoʻli bormi? — deb soʻradi shoh. Ayol unga shunday javob berdi:
— Toʻgʻrisi, shoh hazratlari, sizdan hech narsani yashirib boʻlmas ekan! Ha, bu choʻringizga shu gaplarni oʻrgatgan va buyruq bergan — qulingiz Yoʻab boʻladi. 20Ha, qulingiz Yoʻab vaziyatni yaxshilash uchun oʻylab topdi buni. Shoh hazratlari Xudoning farishtasi kabi donodir, el–yurtda boʻlib oʻtgan voqealar uning nazaridan chetda qolmaydi.
21Shundan keyin shoh Yoʻabga:
— Sen istaganingday boʻla qolsin, bor, anavi yigitni — Absalomni qaytarib kel, — dedi.
22Yoʻab muk tushib taʼzim qildi va:
— Ey shoh hazratlari, bugun men, qulingizning istagini bajo aylab, menga iltifot koʻrsatayotganingizni bilib turibman, — deb shohni maqtadi.
23Shundan keyin Yoʻab Gashurga borib, Absalomni Quddusga olib keldi. 24Lekin shoh: “Absalom uyiga borsin, mening huzurimga kelmasin”, deb amr berdi. Shuning uchun Absalom shohni koʻra olmay, uyiga ketdi.
25Butun Isroilda Absalom kabi chiroyli, kelishgan odam yoʻq edi. U boshdan–tirnogʻigacha benuqson edi. 26Sochini koʻtarib yurish ogʻirlik qilgani uchun har yil oldirardi. Oldirgan sochini tortib koʻrganda, sochining ogʻirligi shohlikdagi oʻlchov boʻyicha besh yuz misqol#14:26 besh yuz misqol — ibroniycha matnda ikki yuz shaqal, taxminan 2,3 kiloga toʻgʻri keladi. chiqardi. 27Absalomning uch oʻgʻli va Tamara degan goʻzal bir qizi bor edi.
28Absalom Quddusda ikki yil turdi. Lekin shu vaqt davomida shohni koʻra olmadi. 29Nihoyat, Yoʻabni shoh huzuriga joʻnatmoqchi boʻlib, bu haqda unga xabar berdi. Ammo Yoʻab Absalomnikiga kelishni istamadi. Absalom ikkinchi marta xabar yubordi. Yoʻab yana kelmadi. 30Shunda Absalom xizmatkorlariga:
— Koʻryapsizlarmi, Yoʻabning arpa dalasi menikiga yondosh. Boringlar, uning arpasiga oʻt qoʻyinglar, — dedi.
Xizmatkorlar borib, Yoʻabning arpasiga oʻt qoʻyishdi. 31Shunda Yoʻab Absalomning uyiga bordi.
— Nimaga xizmatkorlaring dalamga oʻt qoʻydi? — dedi. 32Absalom unga shunday javob berdi:
— Senga, menikiga kel, seni shoh huzuriga joʻnataman, deb xabar bergan edim. Sen orqali shohga: “Gashurdan nega keldim? Qaytanga oʻsha yerda qolganimda, menga yaxshiroq boʻlardi” degan gaplarni yetkazmoqchi edim. Endi shoh huzuriga boray. Agar mening aybim boʻlsa, oʻldirsin.
33Shundan soʻng Yoʻab shoh huzuriga borib, Absalomning aytganlarini unga yetkazdi. Shoh Absalomni chaqirtirdi. Absalom shoh huzuriga kela solib, muk tushib taʼzim qildi. Shoh Absalomni oʻpdi.
Currently Selected:
2 Shohlar 14: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020