2 Shohlar 13
13
13–BOB
Omnoʻn bilan Tamara
1Soʻngra shunday hodisa sodir boʻldi: Dovudning Omnoʻn#13:1 Omnoʻn — Dovudning toʻngʻich oʻgʻli boʻlib, taxt vorisi edi. va Absalom degan oʻgʻillari bor edi. Uning Tamara degan goʻzal bir qizi ham bor edi. Tamara Absalomning tugʻishgan singlisi boʻlib, Omnoʻnga oʻgay edi. 2Omnoʻn oʻgay singlisi Tamarani deb azob chekaverib, kasal boʻlib qoldi. Tamara hali bokira boʻlgani uchun, Omnoʻn unga biror narsa qilishga ojiz edi.
3Omnoʻnning Yonadav degan doʻsti bor edi. Yonadav Dovudning akasi Shimoning#13:3 Shimo — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Shimox (shu bobning 32–oyatida ham bor). Uning Shimo degan shakli 1 Solnomalar 2:13 dan olingan. oʻgʻli boʻlib, juda ayyor yigit edi. 4Bir kuni Yonadav Omnoʻnga dedi:
— Ey shahzoda, nimaga kundan–kunga ozib–toʻzib ketyapsan? Menga ham sababini ayt–chi.
— Oʻgay akam Absalomning singlisi Tamarani sevib qoldim, — dedi Omnoʻn.
5— Toʻshakka mixlanib, oʻzingni kasalga sol, — dedi Yonadav. — Otang seni koʻrgani kelganda, unga: “Marhamat qilib, singlim Tamara kelib menga biron taom bersin, taomni koʻz oldimda tayyorlaganini men koʻrayin va uning qoʻlidan taom yeyayin”, deb aytasan.
6Xullas, Omnoʻn toʻshakka mixlanib, oʻzini kasalga soldi. Shoh uni koʻrgani keldi.
— Marhamat qilib, singlim Tamara kelib, oldimda ikki dona non yopsin, men uning qoʻlidan non yeyayin, — dedi Omnoʻn.
7Tamara saroyda yashardi. Dovud unga: “Akang Omnoʻnning uyiga borib, unga non yopib ber”, deb ayttirib yubordi.
8Tamara oʻgay akasi Omnoʻnning uyiga bordi. Omnoʻn toʻshakda yotgan ekan. Tamara xamir qorib, akasining koʻzi oldida non yopdi. 9Tovadagi nonni olib kelib, Omnoʻnning oldiga qoʻygan edi, u yemadi. Omnoʻn:
— Huzurimdan hamma chiqib ketsin! — deb buyruq berdi, uyda hech kim qolmadi. 10Shundan keyin Omnoʻn Tamaraga:
— Taomni yotoqxonamga olib kir, sening qoʻlingdan yeyayin, — dedi. Tamara oʻzi yopgan nonlarni akasi Omnoʻnning yotoqxonasiga olib kirdi. 11Yeng, deb nonni akasiga yaqin olib borgan edi, Omnoʻn birdan Tamaraga yopishib:
— Kel, men bilan birga boʻl, singlim! — dedi.
12— Yoʻq, aka, meni zoʻrlamang! — dedi Tamara. — Isroilda bunaqa qilishmaydi–ku! Bunday qabih ishni qilmang! 13Bunday sharmandalikdan keyin men qanday bosh koʻtarib yuraman?! Siz esa Isroildagi razil odamlardan bittasi boʻlib qolasiz. Shohga aytsangiz, u meni sizdan ayamaydi–ku!
14Lekin Omnoʻn Tamaraning gapiga quloq solmadi. Omnoʻn Tamaradan kuchliroq edi, Tamarani zoʻrlab yotqizib, nomusiga tegdi. 15Keyin Omnoʻn Tamaradan shunday nafratlanib ketdiki, unga boʻlgan nafrati ardoqlagan sevgisidan kuchli edi.
— Tur, joʻna! — dedi u Tamaraga.
16— Yoʻq! — dedi Tamara. — Meni haydayapsiz, lekin bu ishingiz menga qilgan hozirgi gunohingizdan ogʻirroqdir.
Biroq Omnoʻn uning gapiga quloq solmadi. 17Xizmatkorini chaqirib:
— Bu xotinni huzurimdan haydab chiqarib, eshikni yop! — dedi.
18Xizmatkor Tamarani tashqariga haydab chiqarib, orqasidan eshikni yopdi. Tamara uzun, chiroyli gulli libos#13:18 chiroyli gulli libos — yoki yengi uzun libos. kiygan edi. Shohning turmushga chiqmagan qizlari shunday kiyinishardi. 19Tamara qaygʻudan boshiga kul sochib, ustidagi uzun libosini yirtib tashladi#13:19 …boshiga kul sochib, ustidagi uzun libosini yirtib tashladi — boshga kul sochish va kiyimlarni yirtish umidsizlikni va qaygʻuli holatni ifodalaydi.. Uyatdan yuzini qoʻli bilan toʻsib, faryod solganicha ketdi. 20Akasi Absalom undan:
— Akang Omnoʻn sen bilan boʻldimi? — deb soʻradi. — Mayli, singlim, bu haqda birortasiga ogʻiz ocha koʻrma! Axir, u akang–ku! Bu voqeani koʻnglingga olma.
Shundan soʻng Tamara akasi Absalomning uyida yashab yuraverdi. U doimo yolgʻiz, gʻamgin edi. 21Shoh Dovud boʻlib oʻtgan voqeani eshitib, qattiq gʻazablandi. 22Absalom esa singlisi Tamaraning nomusini bulgʻagani uchun Omnoʻndan qanchalik nafratlansa ham, unga biror marta na yaxshi, na yomon gap qildi.
Absalom Omnoʻnni oʻldiradi
23Ikki yildan keyin Absalom shohning hamma oʻgʻillarini Baal–Xazorga ziyofatga taklif qildi. Baal–Xazor Efrayim shahri yaqinida boʻlib, bu yerda Absalom qoʻylarining junini qirqtirayotgan edi#13:23 …qoʻylarining junini qirqtirayotgan edi — qoʻylarning junini qirqish bayram sifatida nishonlanar edi.. 24Absalom shohning huzuriga kelib:
— Qoʻylarimning junini qirqtiryapman, marhamat qilib, shoh aʼyonlari bilan birga men, qulingizga hamroh boʻlsinlar, — dedi.
25— Biz hammamiz borsak, senga yuk boʻlamiz, oʻgʻlim, — dedi shoh Dovud. Absalom qancha iltimos qilmasin, shoh, bora olmayman, deb unamadi, bormasa ham, oʻgʻlini duo qildi.
26— Boʻlmasa, ijozat bersangiz, akam Omnoʻn biz bilan borsin, — dedi Absalom.
— Omnoʻn nimaga sen bilan borishi kerak? — deb soʻradi shoh. 27Absalom iltimos qilavergandan keyin, shoh Omnoʻnni va boshqa oʻgʻillarini u bilan birga joʻnatdi. 28Absalom xizmatkorlariga shunday buyruq bergan edi:
— Qarab turinglar, Omnoʻn sharob ichib, sarxush boʻlishini kutinglar. Sizlarga “Omnoʻnni uring”, deb aytishim bilanoq, uni oʻldirasizlar. Qoʻrqmanglar, sizlarga men buyruq beryapman. Dadil, mard boʻlinglar!
29Xizmatkorlar Absalomning buyrugʻini ijro etib, Omnoʻnni oʻldirdilar. Shohning qolgan oʻgʻillari esa xachirlariga minib qochib qolishdi. 30Ular yoʻlda ketayotganlarida, “Absalom shohning hamma oʻgʻillarini oʻldiribdi, birortasi ham tirik qolmabdi” degan xabar Dovudning qulogʻiga yetdi. 31Shoh oʻrnidan turdi–da, qaygʻudan kiyimlarini yirtib, oʻzini yerga otdi. Uning yonidagi barcha aʼyonlari ham kiyimlarini yirtishdi.
32Dovudning Shimo degan akasining oʻgʻli Yonadav shunday dedi:
— Shoh hazratlari, hamma oʻgʻillarimdan ayrilibman, deb oʻylamasinlar, faqat Omnoʻn oʻldi, xolos. U oʻgay singlisi Tamaraning nomusiga tekkandan buyon Absalom Omnoʻnni oʻldirishga qasd qilib yurardi. 33Shoh janobi oliylari, hamma oʻgʻillaringiz oʻldirilibdi degan xabardan xavotirga tushmasinlar. Faqat Omnoʻn oʻlgan, xolos.
34Absalom oʻsha zahoti qochib ketdi. Quddus devori ustidagi soqchi gʻarb tomondan#13:34 …gʻarb tomondan… — ibroniycha matndan. Qadimiy yunoncha tarjimada …Xoʻronayimga boradigan yoʻldan…. shaharga qarab kelayotgan bir toʻp olomonni koʻrdi. 35Yonadav shohga:
— Ana, oʻgʻillaringiz kelishyapti, men, qulingiz, aytganday boʻldi, — dedi. 36U gapini tugatar–tugatmas, shohning oʻgʻillari yetib kelib, faryod koʻtarishdi. Shoh ham, aʼyonlar ham hoʻng–hoʻng yigʻlab koʻz yosh toʻkishdi.
37-38Absalom qochib ketib, Gashur shohi Talmayning#13:37-38 Talmay — Absalomning ona tomondan bobosi (3:3 ga qarang). yoniga bordi va u yerda uch yil qolib ketdi. Talmay Omihud deganning oʻgʻli edi. Shoh Dovud esa oʻgʻli Omnoʻn uchun uzoq vaqt motam tutdi. 39Dovud Omnoʻnning oʻlimidan tasalli topgandan keyin, Absalomni sogʻina boshladi#13:39 …Absalomni sogʻina boshladi — yoki …u oʻz lashkari bilan Absalomning orqasidan borishni boshqa istamadi..
Currently Selected:
2 Shohlar 13: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020