YouVersion Logo
Search Icon

2 Shohlar 12

12
12–BOB
Natan paygʻambar Dovudni koyiydi
1Egamiz Natan paygʻambarni Dovudning huzuriga joʻnatdi. Natan Dovudning huzuriga kelib, gap ochdi:
— Bir shaharda ikki odam yashar ekan. Oʻsha odamlardan biri boy, boshqasi kambagʻal ekan. 2Boyning juda koʻp mol–qoʻylari bor ekan. 3Kambagʻalning esa bittagina sotib olib boqayotgan sovliq qoʻzichoqdan boshqa hech narsasi yoʻq ekan. Qoʻzichoq kambagʻal odamning uyida bolalar bilan birga katta boʻlayotgan ekan. Qoʻzichoq uning taomidan yeb, idishidan suv ichar, qoʻynida uxlarkan. Qisqasi, qoʻzichoq oʻsha odamning qiziday ekan. 4Bir kuni boy odamning uyiga bir yoʻlovchi tashrif buyuribdi. Boy mehmonga taom hozirlash uchun oʻzining mol–qoʻylaridan bittasini ham soʻyishga koʻzi qiymabdi–da, kambagʻalning qoʻzisini soʻyib, mehmonga taom hozirlabdi.
5Dovud boy odamning ishidan qattiq gʻazablandi:
— Xudo shohid! Shunday ish qilgan odam oʻlimga loyiqdir! — dedi Natanga. 6— Bagʻritoshlik qilib, shunday ish qilgani uchun u qoʻzichoq evaziga toʻrtta qoʻy toʻlashi lozim.
7Shu gapdan keyin Natan Dovudga:
— Oʻsha odam sensan! — dedi. — Isroil xalqining Xudosi — Egam shunday aytmoqda: “Men senga moy surtib Isroilga shoh qildim, Shoulning qoʻlidan xalos etdim. 8Senga xoʻjayiningning xonadonini inʼom qildim, xotinlarini qoʻyningga solib qoʻydim. Isroil va Yahudo xalqini senga berdim. Agar bular oz boʻlsa edi, yana nimalarni bermasdim! 9Nega Mening oldimda qabihlik qilib, soʻzimni pisand qilmading? Xet xalqidan boʻlgan Uriyoni oʻldirding, ha, Ommonlarning qilichi bilan jonini olding. Xotinini esa tortib olding. 10Meni pisand qilmaganing uchun, Uriyoning xotinini tortib olganing uchun bundan buyon qilich sening xonadoningga doim xavf solib turadi.” 11Egam shunday aytmoqda: “Oʻzingning xonadoningdan oʻzingga yomonlik keltiraman. Koʻz oʻngingda xotinlaringni yaqinlaringdan biriga beraman. Oʻsha yaqining kuppa–kunduzi xotinlaringning qoʻyniga kiradi. 12Ha, sen bu ishni yashirincha qilding, Men esa, butun Isroil xalqi koʻrsin deb, kuppa–kunduzi qilaman.”
13— Egam oldida gunoh qildim! — dedi Dovud Natanga.
— Egam gunohingdan oʻtdi, oʻlmaysan, — dedi Natan. 14— Biroq sen shu ishni qilib, Egamizni mensimaganing uchun#12:14 …Egamizni mensimaganing uchun… — yoki …Xudoning dushmanlari Undan nafratlanishiga sen sabab boʻlganing uchun…. tugʻilgan bolang nobud boʻladi.
15Natan shu gaplarni aytib, uyiga ketdi.
Dovudning oʻgʻli vafot etadi
Uriyoning xotini Dovuddan farzand koʻrgan edi. Egamiz esa oʻsha bolani ogʻir xastalikka mubtalo qildi. 16Dovud oʻgʻli uchun Xudoga iltijo qilib, roʻza tutdi, uyiga borib kechalari koʻkragini zaxga berib yotaverdi. 17Saroy oqsoqollari uni yerdan turgʻizmoqchi boʻlishsa ham, Dovud turmadi, ular bilan birga taom ham yemadi.
18Yettinchi kuni bola olamdan oʻtdi. Aʼyonlar, bolangiz olamdan oʻtdi, deb xabar berishga qoʻrqishdi. “Bola tirik paytida, biz shoh bilan suhbatlashdik, ammo u bizning gapimizga quloq solmadi”, deyishdi oʻzaro. “Bolangiz vafot etdi, deb shohga qanday aytamiz? U oʻzini oʻzi biror narsa qilib qoʻyishi mumkin.”
19Dovud aʼyonlarining oʻzaro shivir–shivir qilayotganlarini eshitib, bolasining nobud boʻlganini bildi.
— Bolam nobud boʻldimi? — deb soʻradi ulardan.
— Ha, nobud boʻldi, — deyishdi aʼyonlar.
20Shundan keyin Dovud yerdan turdi. Yuvinib, xushboʻy moy surtdi va kiyimlarini almashtirdi. Egamizning uyiga borib, sajda qildi. Soʻng uyiga qaytib kelib:
— Menga taom keltiringlar, — deb buyurdi. Dovud oldiga qoʻyilgan taomni yedi. 21Shunda aʼyonlari soʻrashdi:
— Nimaga bunday qilyapsiz? Bola tirikligida roʻza tutdingiz, yigʻladingiz, u nobud boʻlgandan soʻng esa, oʻrningizdan turdingiz, taom yedingiz.
22Dovud shunday javob berdi:
— Ha, bolam tirikligida roʻza tutdim, yigʻladim. Kim biladi, Egam menga shafqat qilar, bolam tirik qolar, deb oʻylagan edim, 23lekin endi bolam nobud boʻldi. Shunday boʻlgach, nega roʻza tutayin?! Bolani qaytarib olib kela olarmidim?! Men uning yoniga boraman, lekin u mening oldimga qaytib kelmaydi.
Sulaymonning tugʻilishi
24Dovud xotini Botshevaga tasalli berdi, qoʻyniga kirib, u bilan qovushdi. Botsheva bir oʻgʻil tugʻdi. Dovud bolaga Sulaymon deb ism qoʻydi. Egamiz ham bolani yaxshi koʻrib suydi 25va bu haqda Natan paygʻambar orqali xabar berdi. Egamiz bolani sevgani uchun, Natan unga Yodidayo#12:25 Yodidayo — ibroniychadagi maʼnosi Egamning suygani. deb ism qoʻydi.
Dovud Rabba shahrini qoʻlga kiritadi
26Bu paytda Yoʻab Ommonlarning Rabba shahriga hujumni davom ettiraverdi. Nihoyat, shaharning shoh saroyi joylashgan qalʼasini bosib oldi. 27Keyin Dovudga choparlar orqali shunday xabar joʻnatdi: “Rabba shahriga hujum qilib, hovuzni qoʻlga kiritdim. 28Endi qolgan sipohni boshlab keling, shaharni siz oʻrab, bosib oling, toki shaharni men qoʻlga kiritgan boʻlmayin, aks holda, shaharni Yoʻab olgan deb aytib yurishadi.”
29Dovud hamma sipohlarini toʻplab, Rabba shahriga yoʻl oldi. U shaharga hujum qilib, qoʻlga kiritdi. 30Ommon shohining boshidagi tojini#12:30 Ommon shohining boshidagi toj — yoki Milkomning haykali ustidagi toj. Milkom — Ommon xalqining xudosi Moʻlaxning yana bir nomi. ham oldi. Qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan, ogʻirligi ikki pud#12:30 ikki pud — ibroniycha matnda bir talant, taxminan 34 kiloga toʻgʻri keladi. keladigan bu oltin toj Dovudning boshiga kiydirildi. Dovud shahardan katta miqdorda oʻlja yigʻdi. 31U shahar aholisini arra, choʻkich va bolta bilan bajariladigan ishlarga, gʻisht tayyorlashga majbur qildi. Dovud Ommon shaharlarining hammasida shu usulni qoʻlladi. Shundan keyin u jamiki lashkarini boshlab, Quddusga qaytib ketdi.

Currently Selected:

2 Shohlar 12: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in