YouVersion Logo
Search Icon

2 Butrus 3

3
3–BOB
Isoning olamga kelishi muqarrardir
1Ey azizlarim, bu mening sizlarga yozayotgan ikkinchi maktubimdir. Ikkala maktubimda ham sizlarda pok fikr uygʻotishga harakat qilib, oʻrganganlaringizni yodingizga solmoqchi boʻldim. 2Xususan, Muqaddas paygʻambarlarning oʻtmishda aytgan soʻzlarini, shuningdek, Rabbimiz va najotkorimiz Isoning amrlarini eslashingizni istadim. Rabbimiz Iso bu amrlarni oldingizga borgan havoriylar orqali bergan.
3Avvalo, shuni bilinglar: oxirgi kunlarda shunday mazaxchilar boʻladiki, ular chirkin ehtiroslariga berilib yashaydilar. Sizlarni mazax qilib, 4shunday deydilar: “Rabbimiz Iso kelaman deb, soʻz bergan edi. Qani U?! Mana, ota–bobolarimiz dunyodan oʻtib ketganlaridan beri, hech narsa oʻzgarmadi. Dunyo bino boʻlganidan beri, hamma narsa shundayligicha turibdi.”
5Ular haqiqatni rad etganlari uchun shunday gapiradilar, azalda Xudo yeru osmonni Oʻz kalomi orqali yaratganini ular inobatga olmaydilar. Oʻshanda Xudo yeru osmonni suvlar orasidan paydo qilgandi. 6Soʻng esa Oʻz kalomi orqali qadimgi dunyoni oʻsha suvlar girdobiga choʻktirgandi. 7Hozirgi yeru osmonni esa Xudo Oʻz kalomi bilan qiyomat kunigacha asrab turibdi. Qiyomat kuni U hozirgi dunyoni olovga yem qilib, barcha betavfiqlarni halok etadi.
8Ey azizlarim, Rabbimiz Isoning nazarida bir kun ming yil va ming yil bir kun kabidir, buni doim inobatga olinglar. 9Baʼzilar Rabbimiz kelmayapti, bergan vaʼdasini bajarishga U kechikyapti, deb oʻylamoqda. Aslida unday emas, U sabr–toqat qilyapti, chunki hech kimning halok boʻlishini istamay, hammaning tavba qilishini xohlayapti.
10Aslida, Rabbimiz Iso, oʻgʻri kelganday, nogahon kelib qoladi. Oʻsha kuni osmon guvullab yonib, gʻoyib boʻladi, samoviy jismlar olov taftidan kuyib ketadi, shunda yer va unda qilingan har bir ish ochiqdan–ochiq oshkor boʻlib, hukm etiladi#3:10 …ochiqdan–ochiq oshkor boʻlib, hukm etiladi — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida kuyib bitadi.. 11Qiyomat kuni butun borliq yonib, yoʻq boʻlib ketar ekan, sizlar Xudoni mamnun qilishga jon kuydiringlar! Muqaddas hayot kechirishga jon–jahdingiz bilan harakat qilinglar. 12Xudoning kunini intizorlik bilan kutinglar, uning kelishini tezlashtiringlar! Oʻsha kuni osmon yonib, yoʻq boʻladi, samoviy jismlar olov taftidan erib ketadi. 13Shundan soʻng Xudoning vaʼdasi amalga oshib, hamma narsa yangilanadi#3:13 …Xudoning vaʼdasi amalga oshib, hamma narsa yangilanadi — Ishayo 65:17 ga qarang. Yana Rimliklar 8:19-21, Vahiy 21:1-5 ga qarang.. Ha, biz yangi yeru osmonga, adolat hukm suradigan dunyoga koʻz tikkanmiz.
Dalda va ogohlantirish
14Ey azizlarim, sizlar yangi dunyoni kutar ekansiz, Xudo nazarida benuqson va begʻubor boʻlishga, U bilan totuv yashashga jon kuydiringlar. 15Rabbimiz Isoning sabr–toqatini najot uchun imkoniyat deb bilinglar. Aziz birodarimiz Pavlus ham Xudoning bergan donoligi bilan sizlarga muqaddas hayot va Rabbimizning kelishi haqida yozgan. 16Pavlus barcha maktublarida bular haqida fikr yuritgan. Uning maktublaridagi tushunish qiyin boʻlgan baʼzi parchalarni uquvsiz va imoni sust kishilar buzib talqin qiladilar. Muqaddas bitiklarning boshqa joylarini ham buzib oʻrgatadigan bu kishilar oʻz boshini oʻzi yeydilar.
17Ey azizlarim, sizlar bularning hammasini oldindan bilasizlar. Ehtiyot boʻlinglar, bu bebosh odamlarning soxta taʼlimotiga ishonib yoʻldan ozmanglar, qaroringizda sobit boʻlinglar. 18Oʻz hayotingiz bilan Xudoni mamnun etinglar, Rabbimiz va najotkorimiz Iso Masihni yanada yaqinroq tanib–bilinglar. Hozirdan to abad Unga shon–sharaflar boʻlsin! Omin.

Currently Selected:

2 Butrus 3: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in