YouVersion Logo
Search Icon

4 Shohlar Kirish

Kirish
“Shohlar (toʻrtinchi kitob)”da ikki mustaqil shohlik — Yahudo va Isroil shohliklari tarixining davomi bayon etiladi. Hukmronlik qilgan shohlarning muvaffaqiyati ularning siyosiy yoki iqtisodiy yutuqlari bilan emas, balki Xudoga boʻlgan sadoqati bilan baholanadi. Bu kitobda “Shohlar (uchinchi kitob)” bilan birga Yahudo va Isroil tarixining faqat eʼtiborga sazovor boʻlgan muayyan voqealari va shaxslari haqida soʻz yuritiladi. Bundan maqsad — tarixda tanazzulga yuz tutgan ikkala shohlikning qismati toʻgʻrisida hikoya qilish orqali kitobxonga axloq borasida saboq berishdir. Bu ikkala shohlikning aholisi paygʻambarlarga quloq solmay, Xudodan yuz oʻgirganlari uchun dushmanlarga magʻlub boʻlib, oʻz yurtlaridan surgun qilinadi.
“Shohlar (uchinchi kitob)” va “Shohlar (toʻrtinchi kitob)”ning asl nusxasi bitta ibroniycha kitob boʻlib, ikkala qismini bitta oʻramga joylash uzunlik qilgani uchun, kitob ikki qismga — “Shohlar (uchinchi kitob)” va “Shohlar (toʻrtinchi kitob)”ga boʻlingan.
Kitob asosan, ikki qismdan iborat. Birinchi qism (1-17–boblar) miloddan oldingi 722 yilgacha ikkala shohlikda yuz bergan voqealarni oʻz ichiga oladi. Ossuriya shohligi Isroilni, yaʼni shimoliy shohlikni bosib olib, poytaxti Samariyani yoʻq qiladi. Faqat Yahudo, yaʼni janubiy shohlik qoladi.
Kitobning ikkinchi qismi (18-25–boblar) Yahudo shohligida miloddan oldingi 586 yilgacha yuz bergan voqealar bayonidan iborat. Bobil shohi Navuxadnazar Yahudo yurtini bosib oladi. Poytaxt Quddus tamomila vayron qilinib, Yahudo va Quddus aholisining koʻpchiligi Bobilga asir qilib olib ketiladi. Quddusning qulashi Isroil tarixida eng dahshatli voqealardan biri boʻlib qoladi. Ammo kitobning oxirida koʻrinib turibdiki, Xudo itoatsiz xalqidan Oʻz mehrini ayamaydi, U shoh Dovudga bergan vaʼdasida turib, uning sulolasini asrab qoladi. Yohayixin degan Yahudo shohi Bobil asirligidan ozod boʻladi va umr boʻyi Bobil shohi dasturxonidan taom yeydi. Kitob Yahudo xalqining kelajagiga umid borligini koʻrsatish bilan tugaydi.

Currently Selected:

4 Shohlar Kirish: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in