YouVersion Logo
Search Icon

4 Shohlar 6

6
6–BOB
Bolta suv yuziga chiqadi
1Bir kuni paygʻambarlar guruhi Elishayga:
— Qarang, siz bilan biz yigʻiladigan mana shu joyimiz tor, — dedilar. 2— Ijozat bering, Iordan daryosi boʻyiga boraylik, har birimiz u yerda yogʻoch kesib, oʻsha yerda oʻzimizga boshpana quraylik.
— Mayli, boringlar, — dedi Elishay.
3— Ulardan bittasi:
— Marhamat qilib, siz ham biz, qullaringiz bilan birga boring, — dedi.
— Xoʻp, boraman, — dedi Elishay. 4Elishay ular bilan birga ketdi. Hammalari Iordan daryosi boʻyiga yetib kelib, daraxt kesa boshladilar. 5Bittasi daraxt kesayotib, boltasini suvga tushirib yubordi. U: “O, hazratim! Boltani omonatga olgan edim!” — deb baqirdi.
6— Bolta qaysi joyga tushdi? — soʻradi paygʻambar. Oʻsha odam Elishayga bolta tushgan joyni koʻrsatdi. Elishay daraxtdan bitta shox kesib olib, suvga tashlagan edi, bolta suv yuziga chiqdi.
7— Ol uni, — dedi Elishay. Oʻsha odam qoʻlini uzatib, boltani oldi.
Oram lashkari va Elishay
8Oram shohi Isroilga lashkar tortdi va “Falon joyga lashkarimni joylashtiraman”, deb lashkarboshilari bilan maslahatlashib oldi.
9Paygʻambar Isroil shohiga: “Oʻsha joydan oʻtmang, chunki u yerga Oram lashkari pistirma qoʻygan” degan xabar yubordi. 10Isroil shohi paygʻambar aytgan joyga xabarchi joʻnatdi. Oʻsha yerda yashaydigan odamlar bu xavfning chorasini koʻrdilar. Bunday voqea bir–ikki marta emas, koʻp marta yuz berdi.
11Bu hodisadan Oram shohi qattiq bezovtalandi. U lashkarboshilarini chaqirib:
— Menga aytinglar–chi, qaysi biringiz Isroil shohi bilan aloqadasiz? — dedi ularga.
12— Hech qaysimiz, shoh janoblari! — dedi lashkarboshilardan biri. — Bu Isroildagi Elishay paygʻambarning ishi, u hatto yotoqxonangizda aytgan gapingizni ham Isroil shohiga ayon qilib turadi.
13— Boringlar, uning qayerdaligini bilib kelinglar! — deb buyurdi Oram shohi. — Men birortasini yuboraman–da, uni qoʻlga tushiraman.
Shundan keyin: “Elishay Doʻtanda#6:13 Doʻtan — Samariyadan qariyb 15 kilometr shimoli–gʻarbda joylashgan shahar.”, deb shohga xabar yetkazdilar. 14Oram shohi oʻsha yerga otliqlar, jang aravalari va katta kuch joʻnatdi. Ular tunda kelib, shaharni oʻrab oldilar.
15Tongda paygʻambarning xizmatkori oʻrnidan turib, tashqariga chiqdi. Qarasa, shahar atrofida otliq lashkar, jang aravalari turibdi. Shunda xizmatkor:
— Evoh! Hazratim, endi nima qilamiz? — deb soʻradi.
16— Qoʻrqma, — dedi Elishay, — chunki bizning himoyachilarimiz ularnikidan juda koʻp.
17Keyin Elishay iltijo qildi:
— Ey Egam! Xizmatkorimning koʻzini och, u koʻrsin!
Egamiz xizmatkorning koʻzini ochib yubordi. Elishayning atrofidagi qirlar olovli otlar va jang aravalariga toʻlib ketganini xizmatkor koʻrdi.
18Oram lashkari Elishayga hujum qilgan edi, Elishay Egamizga: “Ularni koʻr qilib qoʻy!” deb iltijo qildi. Egamiz Elishayning iltijosini eshitdi–da, Oram lashkarini koʻr qilib qoʻydi.
19Keyin, Elishay Oram lashkariga dedi:
— Sizlar adashib qolibsizlar, sizlar izlayotgan shahar bu emas. Ortimdan yuringlar, men sizlarni izlayotgan odamingiz oldiga olib boraman.
Shunday qilib, Elishay Oram lashkarini Samariyaga boshlab keldi. 20Ular Samariyaga yetib kelganlaridan keyin Elishay:
— Ey Egamiz! Ularning koʻzlarini och, toki ular koʻrsin, — deb iltijo qilgan edi, Egamiz Oram lashkarining koʻzini ochdi. Ular qarasalar, Samariyaning oʻrtasida turibdilar.
21Isroil shohi Oram lashkarini koʻrgach Elishaydan:
— Ularni qirib tashlaymi, ota? — deb soʻradi.
22— Yoʻq, oʻldirma! — dedi Elishay. — Nega oʻldirar ekansan?! Sen ularni jang qilib asir olganingda ham oʻldirmasding. Ularga non, suv ber, yeb–ichib, oʻzlarining hukmdori yoniga qaytib ketishsin.
23Shoh asirlarga katta ziyofat tayyorladi. Asirlar yeb–ichib boʻlishgach, Isroil shohi ularni yoʻllariga qaytarib yubordi. Oram lashkari oʻz hukmdori yoniga ketdi. Bu bosqinchilar qaytib Isroil yerlariga qadam bosmadilar.
Samariyada ocharchilik
24Oradan ancha vaqt oʻtgach, Oram shohi Banhadad#6:24 Oram shohi Banhadad — Oramning bir nechta shohi Banhadad ismi bilan atalgan edi. Bu oyatdagi Banhadad 3 Shohlar 20:1 da aytib oʻtilgan Banhadad boʻlmasligi ham mumkin. butun lashkarini yigʻib Samariyani qamal qildi. 25Oram lashkari Samariyani qamal qilib turar ekan, u yerda ogʻir qahatchilik yuz berdi. Natijada eshakning kallasi sakson kumush tangaga#6:25 sakson kumush tanga — ibroniycha matnda sakson shaqal kumush, taxminan 900 grammga toʻgʻri keladi., ikki kosa kaptar axlati#6:25 ikki kosa kaptar axlati — ibroniycha matnda chorak qab kaptar axlati, taxminan 300 millilitrga toʻgʻri keladi. Kaptar axlati yegulik yoki yonilgʻi sifatida ishlatilgan boʻlishi mumkin. Bu, ehtimol, ayrim oʻsimlik urugʻlarining poʻstlogʻidan yoki qovurilgan loviyadan tayyorlanadigan biror taomning ogʻzaki nomi ham boʻlgandir. besh kumush tangaga#6:25 besh kumush tanga — ibroniycha matnda besh shaqal kumush, taxminan 55 grammga toʻgʻri keladi. sotildi.
26Bir kuni Isroil shohi#6:26 Isroil shohi — bu oʻrinda Yohuxoz yoki Yoʻsh, hattoki Yoram ham nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. shahar devori ustida ketayotgan edi, bir ayol: “Shoh hazratlari! Yordam bering”, deb faryod qildi.
27— Senga Egamiz yordam bermasa, men qanday yordam bera olaman?! — dedi shoh. — Men bugʻdoy yoki sharob bera olarmidim?! 28Darding nima?
— Mana bu ayol: “Oʻgʻlingni ber, uni bugun yeylik, mening oʻgʻlimni ertaga yeymiz”, deb aytgan edi. 29Mening oʻgʻlimni pishirib yedik. Ertasi kuni men unga: “Oʻgʻlingni ber, uni yeylik”, degan edim, u oʻgʻlini yashirib qoʻyibdi, — dedi u.
30Shoh ayolning soʻzlarini eshitgach, qaygʻudan liboslarini yirtdi. Xalq devor ustida ketayotgan shohning libosi ichidagi qanorni#6:30 …qaygʻudan liboslarini yirtdi…libosi ichidagi qanor… — qanor dagʻal qoramtir mato boʻlib, echki yoki tuya junidan toʻqilgan. Kiyimlarni yirtish va qanor kiyib olish umidsizlikni va qaygʻuli holatni ifodalaydi. koʻrib qoldi. 31Soʻngra shoh dedi:
— Agar shu bugun Elishayning boshi olinmasa, Xudo meni ne koʻyga solsa solsin, undan ham battarrogʻini qilsin.
32Shoh xabarchi joʻnatganda, Elishay oʻz uyida oqsoqollar bilan birga oʻtirgan edi. Shoh yuborgan xabarchi Elishaynikiga kelmasdan oldin, Elishay oqsoqollarga aytdi:
— Koʻryapsizlarmi qotilni?! Mening boshimni olmoq uchun qotil oʻz odamini joʻnatdi! Qarab turinglar, xabarchi kelganda, eshikni yopinglar, uni ichkariga kiritmanglar. Hademay, xoʻjayinining oʻzi ham uning orqasidan yetib keladi!
33Elishay oqsoqollar bilan suhbatlashib oʻtirganda, xabarchi uning oldiga kelib, shohning quyidagi soʻzlarini yetkazdi: “Shuncha kulfat Egamizdan keldi! Nima uchun men endi Unga umid bogʻlashim kerak?!”

Currently Selected:

4 Shohlar 6: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in