YouVersion Logo
Search Icon

4 Shohlar 4

4
4–BOB
Elishayning beva ayolga yordami
1Ilgari paygʻambarlar guruhida bir paygʻambar boʻlar edi. Oʻsha paygʻambarning bevasi Elishayning oldiga kelib faryod qildi:
— Sizga xizmat qilib yurgan mening erim vafot etdi. Oʻzingiz bilasiz, u Egamizdan qoʻrqardi. Bir odam oldin qarz bergan edi. Endi u ikkala oʻgʻlimni oʻziga qul qilib olib ketgani keldi.
2Shunda Elishay:
— Ayt–chi, sen uchun men nima qilay? Uyingda nima bor? — dedi.
— Bu choʻringizning uyida zaytun moyi solingan xumchadan boshqa hech vaqo yoʻq, — dedi ayol.
3— Bor, hamma qoʻshnilaringdan boʻsh idishlarini soʻrab ol, — dedi Elishay. — Iloji boricha koʻproq soʻrab ol. 4Borganingdan keyin oʻgʻillaring bilan birga uyga kirib, eshikni yopib qoʻy. Soʻng hamma idishga zaytun moyi quy, toʻlgan idishlarni nari surib qoʻyaver.
5Ayol Elishayning oldidan ketgach, oʻgʻillari bilan birga uyga kirib, eshikni berkitdi. Oʻgʻillari idishlarni uzatib turishdi, ayol esa quyaverdi.
6Hamma idishlar toʻlgandan keyin, ayol oʻgʻliga:
— Yana idish uzat, — dedi.
— Boshqa idish yoʻq, — dedi oʻgʻli. Shundan soʻng zaytun moy ham oqmay qoldi.
7Ayol paygʻambar huzuriga kelib, boʻlgan voqeani aytib berdi.
— Bor, moyni sotib, qarzingni toʻla, — dedi Elishay. — Ortib qolgan moyni ishlatib, oʻgʻillaring bilan kun kechir.
Elishay va Shunamlik boy ayol
8Bir kuni Elishay Shunamga#4:8 Shunam — Isroildagi bir shahar, Samariyadan qariyb 40 kilometr shimolda joylashgan. keldi. U yerda bir boy ayol: “Menikiga kirib, choy–poy ichib keting”, deb iltimos qilib, koʻndirdi.
Elishay qachon kelmasin, har doim tamaddi qilgani oʻsha ayolnikiga kiradigan boʻldi.
9Bir kuni ayol eriga:
— Shu yoʻldan doimo oʻtib yuradigan odam Xudoning muqaddas odami ekanini bilib oldim, — dedi. 10— Keling, tom ustiga chogʻroqqina boloxona qurib, u yerga koʻrpa–toʻshak, xontaxta, kursi, moychiroq qoʻyaylik. U biznikiga kelganda, boloxonada tursin.
11Kunlarning birida Elishay Shunamga kelganda, boloxonaga kirib, yonboshladi. 12Keyin xizmatkori Gaxaziga: “Shunamlik ayolni chaqir”, deb buyurdi. Xizmatkor ayolni chaqirib keldi. Ayol kelgach, 13Elishay xizmatkoriga gapirdi:
— Bu ayolga shunday deb ayt: “Sen bizga gʻamxoʻrlik qilyapsan. Buning evaziga sen uchun nima qilaylik? Sening biror ishing yuzasidan shoh bilan yoki lashkarboshi bilan gaplashish kerak emasmi?”
— Yoʻq, — dedi ayol, — men xalqim orasida yashasam, bas.
14Elishay Gaxazidan:
— Unday boʻlsa, bu ayol uchun nima qilishim kerak? — deb soʻradi.
— Uning oʻgʻli yoʻq ekan, eri esa keksayib qolibdi, — dedi Gaxazi.
15— Chaqir uni! — buyurdi Elishay. Xizmatkor ayolni chaqirib keldi, ayol eshik oldida hozir boʻldi.
16— Kelgusi yili xuddi shu paytda qoʻlingda oʻgʻlingni koʻtarib yurgan boʻlasan, — deb aytdi Elishay ayolga.
— Yoʻq, hazratim, ey Xudoning odami#4:16 Xudoning odami — Egamiz paygʻambarining yana bir nomi., bu choʻringizni behudaga umidvor qilmang, — dedi ayol.
17Lekin Elishay aytganiday, ayol homilador boʻlib, kelgusi yil oʻsha vaqtda oʻgʻil tugʻdi.
18Bola ulgʻayaverdi. Bir kuni bola oʻroqchilar orasida ishlayotgan otasi yoniga borib: 19“Voy boshim! Boshim ogʻrib ketdi!” dedi otasiga. Otasi esa xizmatkoriga: “Onasiga olib bor”, deb buyurdi. 20Xizmatkor bolani koʻtarib, onasiga olib bordi. Bola tushgacha onasining tizzasida oʻtirdi–yu, soʻngra vafot etdi. 21Ona bolasini koʻtarib borib, paygʻambar yotadigan toʻshakka yotqizdi–da, eshikni berkitib, tashqariga chiqdi.
22Soʻng erini chaqirib kelib, unga aytdi:
— Mening yonimga xizmatkorlaringizdan bittasini eshagi bilan birga yuboring. Men paygʻambar huzuriga borib, tezda qaytib kelaman.
23— Nimaga uning oldiga bugun borishing kerak?! — dedi eri. — Bugun yangi oy shodiyonasi kuni emas, Shabbat kuni#4:23 …Yangi oy shodiyonasi kuni…Shabbat kuni… — tabarruk kunlar boʻlib, odamlarning nazarida paygʻambardan maslahat olish uchun eng yaxshi payt hisoblanardi. ham emas.
— Hechqisi yoʻq, — dedi ayol. 24Shundan keyin ayol eshakni egarlab, xizmatkorga:
— Eshakni hayda, — dedi, — men senga gapirmagunimcha sekinlama.
25Ayol joʻnab ketdi. U paygʻambar yoniga — Karmil togʻiga#4:25 Karmil togʻi — Shunamdan qariyb 32 kilometr shimoli–gʻarbda joylashgan. yetib bordi. Paygʻambar uni uzoqdan koʻrib, xizmatkori Gaxaziga:
— Bu oʻsha Shunamlik ayol–ku! — dedi. 26— Yugur, uni kutib ol, “Oʻzing yaxshimisan? Ering sogʻ–salomatmi? Bolang yaxshimi?” deb undan soʻra.
— Hammasi yaxshi, — dedi ayol. 27Ayol toqqa, paygʻambar yoniga yetib kelgach, uning oyoqlariga yopishib oldi. Gaxazi, ayolni chetroqqa olib qoʻyay, deb yaqin kelgan edi, Elishay Gaxaziga aytdi:
— Uni tinch qoʻy, uning dili ozor chekkan. Egamiz esa buni mendan yashirdi, menga maʼlum qilmadi.
28— Men hazratimdan oʻgʻil soʻraganmidim?! — dedi ayol. — “Meni behudaga umidvor qilmang”, deb aytmaganmidim?!
29Elishay Gaxaziga aytdi:
— Qani boʻl, mening tayogʻimni qoʻlingga olib yugur. Birortasini uchratib qolsang, u bilan salomlashma, kim senga salom bersa, salomiga alik olma. Borganingdan keyin tayogʻimni bolaning yuziga qoʻy.
30— Xudo shohid! Ont ichib aytamanki, sizsiz ketmayman, — dedi bolaning onasi Elishayga. Elishay oʻrnidan turib, ayolni ergashtirib ketdi. 31Gaxazi oldin yetib borib, tayoqni bolaning yuziga qoʻydi. Na bir sado, na bir javob boʻlmagandan keyin Elishayga peshvoz chiqib: “Bola uygʻonmayapti”, dedi.
32Elishay ichkariga kirdi. Qarasa, oʻlgan bola Elishayning toʻshagida yotgan ekan. 33Elishay xonaga kirgach, eshikni berkitdi–da, Egamizga yolvorib ibodat qildi. 34Soʻng bolaning ustiga choʻzilib yotdi. U ogʻzini bolaning ogʻziga, koʻzlarini koʻzlariga, kaftini kaftiga qoʻydi, bolaning ustida choʻzilib yotganda, bolaning tanasi isidi. 35Soʻngra u oʻrnidan turib boloxonaning u yogʻidan bu yogʻiga yurdi. Keyin yana qaytib kelib, bolaning ustiga choʻzildi. Bola yetti marta aksirib, koʻzlarini ochdi.
36Elishay Gaxaziga: “Ayolni chaqir!” — dedi. Gaxazi ayolni chaqirib keldi. Ayol Elishayning oldiga yaqinlashdi. Elishay unga: “Ol oʻgʻlingni!” — dedi.
37Ayol ichkari kirib, Elishayning oyoqlariga yiqildi, boshi yerga tekkuday boʻlib taʼzim qildi. Oʻgʻlini olib, chiqib ketdi.
Yana ikki moʻjiza
38Elishay Gilgalga#4:38 Gilgal — Baytildan qariyb 13 kilometr shimolda joylashgan shahar. qaytib keldi. Bu yerda ocharchilik hukm surayotgan edi. Paygʻambarlar guruhi Elishayning oldiga yigʻilishgan edi. Shunda Elishay xizmatkoriga:
— Katta qozon oʻrnatib, paygʻambarlar guruhi uchun biror taom pishir! — dedi.
39Paygʻambarlardan bittasi dalaga koʻkat tergani chiqdi. U yerda chirmashib oʻsadigan yovvoyi qovoqlarni topib, etagini toʻldirib qovoqlardan terdi. U qovoqlarni olib kelib toʻgʻradi va taom qaynayotgan qozonga tashladi. Oʻsha odam qovoqning qanaqaligini bilmas edi.
40Hammalariga taomdan quyib berildi. Ular taomni tatib koʻrishlari bilanoq: “Ey paygʻambar hazratlari! Qozondagi taom zahar boʻlib ketibdi–ku!” deb shovqin koʻtardilar. Taomdan hech kim tanovul qila olmadi.
41Shunda Elishay:
— Menga un beringlar! — dedi. Unni qozonga solgach, xizmatkorga:
— Endi odamlarga quyib beraver, yeyaverishsin, — dedi. Qozondagi taom bezarar boʻlib qolgan edi.
42Baal–Sholisho shahridan#4:42 Baal–Sholisho shahri — bu shahar Isroilning aynan qayerida joylashgani maʼlum emas, ehtimol Shakam atroflarida joylashgan boʻlishi mumkin. bir kishi arpasining birinchi hosilidan qilingan yigirmata kulcha va bir qop yangi uzilgan boshoqni paygʻambarga olib keldi. Elishay xizmatkoriga:
— Odamlarga ber, tanovul qilishsin, — deb buyurdi.
43— Qanday qilib shuginani yuzta odamga beraman?! — dedi xizmatkor.
— Odamlarga boʻlib ber, tanovul qilishsin, — dedi Elishay, — chunki Egamiz shunday demoqda: “Hamma toʻyadi, hatto ortib ham qoladi.”
44Xizmatkor odamlarga kulchalarni va boshoqni boʻlib berdi. Egamiz aytganiday, odamlar yeb toʻydi, yana ortib ham qoldi.

Currently Selected:

4 Shohlar 4: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in