YouVersion Logo
Search Icon

4 Shohlar 23

23
23–BOB
Yoʻshiyo butparastlikni yoʻq qiladi
1Shoh Yoʻshiyo xabar berib, Yahudo va Quddusning hamma oqsoqollarini huzuriga toʻpladi. 2Jamiki Yahudo xalqi va Quddus aholisi, ruhoniylar, paygʻambarlar, zodagonlaru avom xalq shoh boshchiligida Egamizning uyiga bordi. Shoh Egamizning uyidan topilgan Tavrot kitobini#23:2 Tavrot kitobi — ibroniycha matnda Ahd kitobi, Tavrot kitobining yana bir nomi (22:8, 11 ga qarang). boshidan oxirigacha ularning oldida oʻqidi.
3Shoh Egamizning uyi eshigi oldidagi ustun yonida turib: “Egamiz koʻrsatgan yoʻldan yuraman, amrlariga itoat etaman, shartlariga, farmonlariga butun qalbim bilan, jonu dilim bilan quloq solaman, bu kitobda yozilgan ahd soʻzlarini ado etaman”, deb Egamiz bilan qayta ahd qildi.
Butun xalq bu ahdga qoʻshildi.
4Shoh Yoʻshiyo: “Baalga, Asheraga#23:4 Ashera — 13:6 izohiga qarang. va barcha samoviy jismlarga atab qilingan narsalar Egamizning uyidan olib chiqib tashlansin”, deb oliy ruhoniy Xilqiyoga, undan keyingi ruhoniylarga, Egamizning uyi darvozabonlariga farmon berdi. Oʻsha buyumlarni Quddus tashqarisidagi Qidron soyligiga#23:4 Qidron soyligi — Quddus shahridan sharqda joylashgan. Soylik — ikki adir oraligʻidagi pastlik. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SOYLIK soʻziga qarang. chiqarib yoqtirdi, kulini Baytilga olib keltirdi.
5Yahudo shohlari yurtning barcha shaharlaridagi va Quddus atrofidagi sajdagohlarda#23:5 sajdagohlar — 12:3 izohiga qarang. butparast ruhoniylarni tayinlagan edilar. Oʻsha ruhoniylar sajdagohlarda qurbonliklar keltirardi. Yoʻshiyo Baalga, quyoshga, oyga, sayyoralarga va jamiki samoviy jismlarga qurbonlik qilgan oʻsha ruhoniylarni yoʻq qildi. 6U Egamizning uyidan Asheraning ustunini Quddus tashqarisiga — Qidron soyligiga chiqarib yoqdi. Maydalab kul qilib, kulni avom xalqning qabrlari ustiga sepdi. 7Fohishlarning#23:7 Fohishlar — oʻsha paytlarda Kanʼondagi butparast xalqlar oʻz sajdagohlarida diniy vazifalardan birini fahsh orqali bajarardilar. Butparast xalqlarning udumlariga koʻra, odamlar fohishalar va fohishlar bilan jinsiy aloqa qilish orqali oʻz xudolariga topinardilar, xudolaridan farovonlik ato qilishni soʻrardilar. Lekin Egamiz Isroil xalqiga bu yoʻl bilan sajda qilishni qatʼiyan man etgan (Qonunlar 23:17-18 ga qarang). Egamiz uyidagi hujralarini buzdi. U yerda ayollar Asheraga atab toʻquv ishlarini bajarishardi.
8Yoʻshiyo Yahudo shaharlaridan hamma ruhoniylarni chiqarib yubordi. Gebodan Bershebagacha ruhoniylar qurbonliklar keltiradigan sajdagohlarni bulgʻab, harom qildi. U Quddus hokimi Yoshua darvozasining kirishidagi sajdagohlarni yoʻqotdi. Bu darvoza shaharga kirishda chap tomonda edi. 9Sajdagohlarning ruhoniylari Egamizning Quddusdagi qurbongohiga qurbonlik qilishmas, lekin ruhoniy birodarlarning ulushidan xamirturushsiz non tanovul qila olardilar.
10Yoʻshiyo, birortasi oʻgʻlini yoki qizini Moʻlaxga qurbonlik qilmasin, olovda kuydirmasin#23:10 …oʻgʻlini yoki qizini Moʻlaxga qurbonlik qilmasin, olovda kuydirmasin… — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …oʻgʻlini yoki qizini Moʻlaxga olovdan oʻtkazmasin…. Butparast xalqlarga xos boʻlgan bu jirkanch odat Xudoning nazarida oʻtaketgan qabihlik edi. deb, Xinnum soyligidagi#23:10 Xinnum soyligi — Quddus shahridan janubda joylashgan. Tofatda joylashgan sajdagohni bulgʻab, harom qildi. 11Yahudo shohlari quyoshga atagan otlarning haykalini Egamizning uyi eshigi oldidan yoʻqotdi. Otlar Egamiz uyining hovlisida — aʼyon Natanmalekning xonasi yonida edi. Yoʻshiyo quyoshga atalgan jang aravalarini ham olovda yoqdi.
12Oxozning boloxonasi tomidagi Yahudo shohlari qildirgan qurbongohlarni ham, Egamiz uyining ikkala hovlisida Manashe qildirgan qurbongohlarni ham buzdi va maydalab tuyib, Qidron soyligiga sochib yubordi. 13Quddusning sharqida — Makruh togʻining janubida#23:13 …Makruh togʻining janubida… — Zaytun togʻining janubidagi tepalikka ishora. U yerda Sulaymon umrining oxirida butparast xotinlari taʼsirida Kanʼon xalqlarining xudolari uchun sajdagohlar barpo qilgandi (3 Shohlar 11:1-7 ga qarang). Isroil shohi Sulaymon Sidonning makruh xudosi Ashtaret uchun, Moʻabning makruh xudosi Xamoʻsh uchun va Ommonning makruh xudosi Moʻlax#23:13 Moʻlax — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Milkom. uchun qurdirgan sajdagohlarni bulgʻab, harom qildi. 14U butsimon toshlarni sindirib, Asheraga atalgan ustunlarni qoʻporib tashladi, ularning oʻrnini inson suyaklari bilan toʻldirdi#23:14 …ularning oʻrnini inson suyaklari bilan toʻldirdi… — shu tufayli oʻsha joy harom hisoblanib, sajda uchun yaroqsiz edi..
15Bundan tashqari, Isroilni gunohga botirgan Nabat oʻgʻli Yeribom Baytilda oʻrnatgan sajdagohni ham, qurbongohni#23:15 …Yeribom Baytilda oʻrnatgan sajdagoh…qurbongoh… — bu voqeaning batafsil bayoni 3 Shohlar 12:32-33 da berilgan. ham yoʻqotdi. Sajdagohga oʻt qoʻyib, kulini koʻkka sovurdi. U Asheraning ustuniga oʻt qoʻyib yubordi. 16Soʻngra Yoʻshiyo qayrilib qarab, adirdagi qabrlarni koʻrdi. U yerdagi qabrlarni koʻrgach, odamlarini yuborib, mozorlardagi suyaklarni chiqartirdi, Egamizning soʻziga binoan, suyaklarni qurbongohda yoqdi va shu tariqa qurbongohni bulgʻab, harom qildi. Zotan, bu haqda paygʻambar qurbongohga nido qilgan edi#23:16 …Egamizning soʻziga binoan…bu haqda paygʻambar qurbongohga nido qilgan edi — Egamiz aytgan soʻzlarning batafsil bayoni 3 Shohlar 13:1-3 da berilgan..
17— Anavi yodgorlik toshi kimniki? — deb soʻradi Yoʻshiyo.
— Yahudodan kelib, Baytildagi qurbongohda siz qilgan ishlar toʻgʻrisida nido qilgan paygʻambarning qabridir, — deya javob berishdi shahar aholisi.
18— Unga tegmanglar, — dedi shoh. — Hech kim uning suyaklarini bezovta qilmasin.
Shunday qilib, paygʻambarning suyaklariga ham, Samariyadan kelgan paygʻambarning#23:18 …Samariyadan kelgan paygʻambar… — bu paygʻambar haqida 3 Shohlar 13:11-32 da batafsil yozilgan. Paygʻambar Baytil shahrining oʻzidan edi. Baytil shahri Isroilda, yaʼni shimoliy shohlikda joylashgan. Oʻsha davrda Isroil Samariya deb yuritilar edi. suyaklariga ham tegmadilar.
19Isroil shohlari butun yurt boʻylab begona xudolarning sajdagohlarini qurib Egamizni gʻazablantirgan edilar. Yoʻshiyo, xuddi Baytilda qilganiday, bu sajdagohlarni vayron qilish uchun sipohlar joʻnatdi. 20Oʻsha shaharlardagi sajdagohlarning hamma ruhoniylarini qurbongohlarda boʻgʻizladi. Inson suyaklarini qurbongohlarda yoqdi. Shundan keyin Quddusga qaytib ketdi.
Yoʻshiyo Fisih ziyofatini nishonlaydi
21Shoh: “Egangiz Xudoning Fisih ziyofatini bu Tavrot kitobida#23:21 Tavrot kitobi — ibroniycha matnda Ahd kitobi, Tavrot kitobining yana bir nomi (22:8, 11 ga qarang). yozilganiday nishonlang”, deb xalqqa farmon berdi. 22-23Shunday qilib, Yoʻshiyo hukmronligining oʻn sakkizinchi yilida xalq Quddusga yigʻilib, Egamizga atalgan Fisih ziyofatini katta qilib nishonladi. Isroilga rahnamolik qilgan hakamlar davridan buyon na Isroil shohlarining, na Yahudo shohlarining hukmronligi paytida Fisih ziyofati shu qadar nishonlanmagan edi.
Yoʻshiyo joriy qilgan islohotlar
24Yoʻshiyo yana ruhoniy Xilqiyo Egamizning uyidan topgan kitobda yozilgan qonunni ijro etmoq maqsadida arvoh chaqiruvchilarni, folbinlarni, xonaki sanamlarni#23:24 xonaki sanamlar — ibroniycha matnda terafim. Odamlar bu sanamlardan fol ochishda foydalangan boʻlsalar kerak. va boshqa butlarni, Yahudo va Quddusda paydo boʻlgan hamma makruh narsalarni yoʻq qilib tashladi. 25Yoʻshiyodan oldin ham, keyin ham unga oʻxshab Musoning hamma qonunlariga muvofiq, butun qalbi bilan, jonu dili bilan, butun vujudi bilan Egamizga itoat etgan biron shoh chiqmadi.
26Lekin Manashe qilgan gunohlari bilan Egamizning qattiq qahrini keltirgani uchun, Egamiz Yahudoga qarshi alangalangan gʻazabini hali qaytarmagan edi. 27Shuning uchun Egamiz: “Isroil xalqini huzurimdan qanday haydagan boʻlsam, Yahudo xalqini ham shunday haydayman. Oʻzim tanlagan shahar — Quddusdan yuz oʻgiraman. Ha, Men oʻsha yerda ulugʻlanaman, deb aytgan uyimni#23:27 …Men oʻsha yerda ulugʻlanaman, deb aytgan uyim… — Egamiz aytgan soʻzlarning batafsil bayoni 3 Shohlar 8:16-29 da berilgan. tark etaman”, degan edi.
Yoʻshiyoning oʻlimi
28Yoʻshiyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan. 29Yoʻshiyo hukmronligi paytida Misr firʼavni Nexo Ossuriya shohiga yordam berish uchun Furot daryosi tomon yoʻlga chiqdi. Shoh Yoʻshiyo esa Nexoning ustiga yurish qildi. Magidoʻda#23:29 Magidoʻ — Jalila koʻlidan qariyb 40 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan. toʻqnashganlarida, Nexo Yoʻshiyoni oʻldirdi#23:29 …Misr firʼavni Nexo…Yoʻshiyoni oʻldirdi — shu paytda Misr firʼavni Nexo (miloddan oldingi 609-595 yillarda hukmronlik qilgan) Ossuriyaliklar tomonida edi. Nexo Ossuriya shohining qoʻli ostidagi yerlarni saqlab qolishda unga yordam bermoqchi boʻlib, Bobil lashkariga qarshi urush qilish uchun shimol tomon yoʻl olgandi. Yahudo shohi Yoʻshiyo esa Misr va Ossuriyaning bu ittifoqidan mamnun emasdi, chunki ularning kuchayishi Yahudo shohligining osoyishtaligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin edi.. 30Aʼyonlari Yoʻshiyoning jasadini jang aravasida Magidoʻdan Quddusga olib kelib, ota–bobolari xilxonasiga dafn qildilar. Yahudo xalqi Yoʻshiyoning oʻgʻli Yohuxozga moy surtib, uni otasining oʻrniga shoh qilib koʻtardilar.
Yahudo shohi Yohuxoz
31Yohuxoz yigirma uch yoshida taxtga oʻtirib, Quddusda uch oy shohlik qildi. Onasining ismi Xamutal boʻlib, Libnalik Yeremiyoning#23:31 Yeremiyo — mashhur Yeremiyo paygʻambar emas, uning otdoshi. qizi edi. 32Yohuxoz ota–bobolariga oʻxshab Egamiz oldida qabih ishlar qildi.
33Firʼavn Nexo shoh Yohuxozning Quddusdagi hukmronligiga chek qoʻyib, uni Xomat yurtidagi Rivlo shahrida#23:33 Rivlo shahri — bu shahar Orontes daryosi boʻyida, hozirgi Suriya hududida joylashgan edi. zanjirband qildi. Yurt xalqidan 200 pud#23:33 200 pud — ibroniycha matnda 100 talant, taxminan 3,4 tonnaga toʻgʻri keladi. kumush va 2 pud#23:33 2 pud — ibroniycha matnda bir talant, taxminan 34 kiloga toʻgʻri keladi. oltin oʻlpon talab qildi. 34Firʼavn Nexo Yoʻshiyoning oʻgʻli Eliyaqimni otasining oʻrniga shoh qildi va ismini oʻzgartirib Yohayiqim qoʻydi. Soʻngra Yohuxozni olib Misrga qaytdi. Yohuxoz oʻsha yerda vafot etdi.
Yahudo shohi Yohayiqim
35Yohayiqim firʼavn istagan oltin va kumushni berdi. Nexoga oʻlpon toʻlash uchun esa yurt xalqiga soliq soldi va har biridan boyligiga qarab oltin va kumush yigʻdi. 36Yohayiqim yigirma besh yoshida shoh boʻlib, Quddusda oʻn bir yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Zabudo boʻlib, Rumaxlik Podiyoning qizi edi. 37Yohayiqim, ota–bobolari singari, Egamiz oldida qabih ishlar qildi.

Currently Selected:

4 Shohlar 23: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in