YouVersion Logo
Search Icon

4 Shohlar 17

17
17–BOB
Isroilning oxirgi shohi Xoʻsheya
1Yahudo shohi Oxoz hukmronlik qilayotganiga oʻn ikki yil boʻlganda, Xoʻsheya Samariyada Isroil shohi boʻldi va toʻqqiz yil hukmronlik qildi. Xoʻsheya Eloxning oʻgʻli edi. 2U Egamiz oldida qabih ishlar qilgan boʻlsa ham, oʻzidan oldin oʻtgan Isroil shohlari qadar emasdi.
3Ossuriya shohi Shalmanasar#17:3 Ossuriya shohi Shalmanasar — Tigʻlatpilasarning oʻgʻli boʻlib, miloddan oldingi 727-722 yillarda Ossuriyada hukmronlik qilgan. Xoʻsheyaga qarshi urush ochdi. Xoʻsheya taslim boʻlib, Shalmanasarga oʻlpon toʻlay boshladi. 4Lekin keyinroq Xoʻsheya Misr firʼavni Soʻvaxdan yordam soʻrab xabarchilar joʻnatdi va Ossuriya shohiga har yili toʻlashi kerak boʻlgan oʻlponni toʻlamay qoʻydi. Xoʻsheyaning xoinlik qilganini Ossuriya shohi bilib qoldi, shuning uchun uni tutib, zindonga tashladi.
Samariyaning magʻlubiyati
5Shalmanasar Isroil yerlariga hujum qilib, Samariyani uch yil qamal qilib turdi. 6Xoʻsheya hukmronligining toʻqqizinchi yilida Ossuriya shohi#17:6 Ossuriya shohi — Shalmanasarning vorisi Sargon II nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. Samariyani qoʻlga kiritib#17:6 …Samariyani qoʻlga kiritib… — bu voqea miloddan oldingi 722 yilda sodir boʻlgan., Isroil xalqini Ossuriyaga koʻchirdi. Ularni Xalax shahriga, Xavor daryosi boʻyidagi Gozan hududiga va Midiya shaharlariga joylashtirdi.
7Isroil xalqi oʻzlarini Misr firʼavni hukmronligidan xalos qilib, Misrdan olib chiqqan Egasi Xudoga qarshi gunoh qilgan edilar. Ularning boshiga kelgan jamiki gʻam–kulfatlarning sababi shu edi. Oʻsha paytlarda Isroil xalqi begona xudolarga sajda qilishar, 8Kanʼon yurtidan Egamiz quvgan qavmlarning odatlariga va Isroil shohlari#17:8 Isroil shohlari — bu yerda Isroilning, yaʼni shimoliy shohlikning shohlariga nisbatan aytilgan. oʻzlaricha joriy qilgan odatlarga binoan yashardilar. 9Oʻzlarining Egasi Xudoga maʼqul kelmaydigan ishlarni qilardilar. Hamma yerda — qishloqlardan tortib, mustahkam shahargacha boʻlgan joylarda sajdagohlar#17:9 sajdagohlar — 12:3 izohiga qarang. qurgan edilar. 10Har bir tepalikning ustiga, har bir yashil daraxtning ostiga butsimon toshlarni, Asheraga#17:10 Ashera — 13:6 izohiga qarang. atab ustunlarni oʻrnatgan edilar. 11Kanʼon yurtidan Egamiz quvib yuborgan xalqlar singari, Isroil xalqi hamma sajdagohlarda qurbonliklar qilishardi. Ular qabih ishlari bilan Egamizni gʻazablantirardilar. 12Egamiz: “Bunday ishlarni qilmanglar”, deb aytganiga#17:12 Egamiz…aytgani… — Chiqish 20:4-5 ga qarang. qaramasdan, butlarga xizmat qilaverardilar.
13Egamiz Isroil va Yahudo xalqini hamma paygʻambarlar, valiylar orqali ogohlantirib, ularga shunday amr bergan edi: “Qabih yoʻllaringizdan qaytinglar. Mening amrlarimga, farmonlarimga itoat etinglar! Men hamma qonunlarimni ota–bobolaringizga berganman, paygʻambar boʻlgan qullarim orqali sizlarga yuborganman.”
14Ammo Isroil xalqi quloq solmasdi. Ular otalari kabi oʻjarlik qilaverdilar, oʻzlarining Egasi Xudoga ishonmas edilar. 15Egamizning farmonlaridan, ogohlantirishlaridan va otalari bilan qilgan ahdidan yuz oʻgirib, betayin xudolarga sajda qilgani uchun oʻzlari ham betayin boʻlib qolgandilar. Egamiz: “Atrofingizdagi xalqlarga oʻxshab yashamanglar”, deb ularga amr bersa ham, oʻsha xalqlarning odatlariga koʻra, yashayverardilar.
16Isroil xalqi oʻzlarining Egasi Xudoning hamma amrlaridan yuz oʻgirgandi. Ular topingani ikkita buzoq tasvirini va Asheraning ustunini yasadilar. Barcha samoviy jismlarga sajda qilib, Baalga xizmat etardilar. 17Oʻgʻillarini, qizlarini qurbonlik qilib, olovda kuydirardilar#17:17 Oʻgʻillarini, qizlarini qurbonlik qilib, olovda kuydirardilar… — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi Oʻgʻillarini, qizlarini olovdan oʻtkazardilar…. Butparast xalqlarga xos boʻlgan bu jirkanch odat Xudoning nazarida oʻtaketgan qabihlik edi., fol ochtirib, taʼbirchilarga eʼtiqod qilardilar. Egamiz oldida qabih ishlarga mukkasidan ketib, Egamizni gʻazablantiraverdilar. 18Egamiz Isroil xalqidan qattiq gʻazablanib, ularni Oʻzining huzuridan chiqarib tashlagandi. Yahudo xalqidan tashqari bironta qabila Egamizning huzurida qolmagan edi. 19Hatto Yahudo xalqi ham oʻzlarining Egasi Xudoning amrlariga rioya qilmay qoʻygandi. Ular Isroil xalqining qabih odatlariga taqlid qildilar. 20Oqibatda Egamiz Isroilning hamma qavmidan yuz oʻgirdi. Ularni talonchilarning qoʻliga berib, jazoladi. Oxiri, hammasini huzuridan uloqtirib tashladi.
21Darvoqe, Egamiz Dovud xonadonidan Isroilni tortib olgandan keyin#17:21 …Egamiz Dovud xonadonidan Isroilni tortib olgandan keyin… — bu voqeaning batafsil bayoni 3 Shohlar 11:29-39 da berilgan., Isroil xalqi Nabat oʻgʻli Yeribomni shoh qilgan edi. Yeribom Isroil xalqini Egamizning yoʻlidan ozdirib, ogʻir gunohga botirdi. 22Isroil xalqi Yeribom qilgan hamma gunohlarga ergashdi, bu gunohlardan qaytmadi. 23Natijada Egamiz paygʻambar qullari orqali aytganiday, Isroil xalqini Oʻz huzuridan quvgan va Isroil xalqi oʻz yurtlaridan Ossuriyaga surgun qilingan edilar. Ular bugungacha#17:23 …bugungacha… — shu kitob yozilgan vaqtga ishora (shu bobning 34, 41–oyatlarida ham bor). oʻsha yerda yashaydilar.
Samariyaga oʻrnashgan xalqlarning butparastligi
24Ossuriya shohi Bobildan, Goʻsax, Ivvax, Xomat va Sefarvayim shaharlaridan odamlarni olib kelib, Samariya#17:24 Samariya — poytaxtning nomi boʻlib, sobiq Isroilga, yaʼni shimoliy shohlikka nisbatan ishlatilgan. shaharlarida Isroil xalqi oʻrniga joylashtirdi. Ular Samariyani egallab, Samariya shaharlarida istiqomat qila boshladilar.
25Ular bu joylarga dastlab oʻrnashganlarida, Egamizga sajda qilmadilar. Shuning uchun Egamiz Samariya shaharlariga arslonlar yubordi. Arslonlar oʻsha xalqlardan baʼzi odamlarni oʻldirdi. 26Soʻngra Samariyadan Ossuriya shohiga quyidagicha xabar joʻnatildi: “Siz Samariya shaharlariga koʻchirib kelib oʻrnashtirgan xalqlar bu yurt xudosining qonun–qoidalarini bilmayaptilar. Shuning uchun oʻsha xudo bu yerga arslonlar yuboryapti, odamlar esa arslonlarga yem boʻlyapti.”
27Shundan keyin Ossuriya shohi quyidagicha farmon berdi: “Samariyadan asir qilib olib ketilgan ruhoniylardan birortasini oʻsha yerga qaytarib yuboringlar. Ruhoniy oʻsha yurtga borib yashasin va Samariyaning xudosi qonun–qoidalarini oʻsha yerdagi xalqlarga oʻrgatsin.” 28Samariyadan koʻchirib yuborilgan ruhoniylardan biri qaytib kelib, Baytilda istiqomat qila boshladi. U oʻsha yerda oʻrnashgan xalqlarga Egamizga qanday sajda qilishni oʻrgatishga kirishdi.
29Lekin Samariya shaharlariga joylashgan har bir xalq oʻz xudolarining tasvirini yasayverdi. Isroil xalqi Samariyada yashaganda barpo qilgan sajdagohlarga oʻsha xudolarning tasvirini qoʻydilar. 30Bobilliklar xudo Suxotvanotning, Xutliklar xudo Nargalning, Xomatliklar xudo Oshimaning, 31Ivvaxliklar esa xudolar Nivxaz va Tartoqning tasvirlarini yasab, oʻsha xudolarga sajda qildilar. Sefarvayimliklar oʻzlarining xudolari Odrammalek va Anammalekka bolalarini kuydirib qurbonlik qildilar. 32Ular ham Egamizga sajda qildilar, ayni paytda oʻz xudolarining sajdagohlarida xizmat qilish uchun oralaridan ruhoniylar ham saylab oldilar. 33Ular Egamizga sajda qilish bilan birga, oʻzlari oldin yashagan ona yurtining odatlariga muvofiq oʻz xudolariga ham xizmat qilaverdilar. 34Oʻsha xalqlar bugungacha eski odatlari boʻyicha yashab keladilar: na Egamizdan qoʻrqadilar, na Egamiz Yoqubga, yaʼni Isroil nasliga bergan farmonlarni, qoidalarni, qonun va amrlarni bajaradilar.
35Ilgarilari Egamiz Isroil xalqi bilan ahd tuzib, shunday amr etgan edi: “Begona xudolarga sajda qilmanglar, taʼzim qilmanglar, u xudolarga xizmat qilmanglar, qurbonlik keltirmanglar. 36Faqat Menga sajda qilinglar! Men, Egangiz, buyuk qudratim va ajoyibotlarim bilan sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Menga taʼzim qilib, qurbonlik keltiringlar. 37Sizlar uchun yozgan farmonlarimni, qoidalarimni, qonunlarimni va amrlarimni to abad ijro etinglar, begona xudolarga sajda qilmanglar. 38Sizlar bilan tuzgan ahdimni unutmanglar, begona xudolarga sajda qilmanglar. 39Faqat Men, Egangiz Xudogagina sajda qilinglar. Hamma gʻanimlaringiz qoʻlidan sizlarni xalos qiladigan Menman.”
40Shunga qaramay, Samariyaga oʻrnashgan xalqlar Egamizning amrlariga quloq solmasdan eski odatlariga koʻra, yashayverdilar. 41Bu xalqlar bir paytning oʻzida ham Egamizga sajda qilar, ham oʻyib ishlangan tasvirlarga xizmat qilardilar. Ularning bolalari va nabiralari ham bugungacha otalari kabi yashaydilar.

Currently Selected:

4 Shohlar 17: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in