YouVersion Logo
Search Icon

2 Solnomalar 7

7
7–BOB
Maʼbad Egamizga bagʻishlanadi
1Sulaymon ibodat qilib boʻlishi bilanoq, osmondan alanga tushib, kuydiriladigan va boshqa qurbonliklarni yamlab yubordi. Egamizning ulugʻvorligi Maʼbadni toʻldirdi. 2Shuning uchun ruhoniylar Egamizning uyiga kira olmadilar. 3Jamiki Isroil xalqi olov tushganini va Egamizning ulugʻvorligi Maʼbadni toʻldirganini koʻrgach, hammalari yerga muk tushib, taʼzim qildilar va Egamizga sajda qilib, Unga shukrona aytdilar:
“Egamiz yaxshidir,
Uning sodiq sevgisi abadiydir.”
4Shundan keyin shoh va barcha xalq Egamizga atab qurbonlik qildilar. 5Shoh Sulaymon 22.000 buqani, 120.000 qoʻyni Egamizga atab qurbonlik qildi. Shu tariqa shoh va butun xalq Maʼbadni Egamizga bagʻishladilar. 6Ruhoniylar oʻz joylarini egalladilar. Levilar ham musiqa asboblarini koʻtarib, ruhoniylar singari oʻz joylariga turdilar. Dovud bu musiqa asboblarini Egamizga hamdu sano aytish uchun yasattirgan edi, Dovudning oʻzi Egamizni madh etib, “Uning sodiq sevgisi abadiydir” deb hamdu sano aytganda, oʻsha musiqa asboblaridan foydalangan edi. Xalq tik turar, levilarning qarshisidan joy olgan ruhoniylar esa karnaylar chalardilar.
7Sulaymon Egamizning uyi oldidagi hovli oʻrtasini ham muqaddas qildi. Soʻng oʻsha yerda kuydiriladigan qurbonliklar, don nazrlari va tinchlik qurbonliklarining yogʻini nazr qildi, chunki bularning hammasi u yasattirgan bronza qurbongoh ustiga sigʻmagan edi.
8Keyin Sulaymon va u bilan birga nihoyatda katta jamoa — Levo–Xomatdan#7:8 Levo–Xomat — yoki Xomat dovoni. tortib, Misr chegarasidagi irmoqqa#7:8 Misr chegarasidagi irmoq — Sinay yarim orolining shimoli–sharqidagi Arish soyligi yoki Nil daryosining sharqiy irmogʻi nazarda tutilgan (yana Ibtido 15:18, Sahroda 34:5 va Yoshua 13:3, 15:4, 47 ga qarang). qadar yerlarda yashaydigan butun Isroil xalqi yetti kun davomida Chayla bayramini#7:8 Chayla bayrami — 5:3 ning ikkinchi izohiga qarang. nishonlashdi. 9Ular yetti kun qurbongohning Xudoga bagʻishlanishini nishonlashdi, keyin yana yetti kun Chayla bayramini qilishdi. Chayla bayramidan keyin#7:9 Chayla bayramidan keyin… — ibroniycha matnda Sakkizinchi kunida…, Chayla bayramining yettinchi kunidan keyingi birinchi kun. muqaddas yigʻin qilishdi. 10Yettinchi oyning#7:10 Yettinchi oy — 5:3 ning birinchi izohiga qarang. yigirma uchinchi kuni Sulaymon xalqni oʻz uylariga joʻnatdi. Egamizning Dovudga, Sulaymonga va Isroil xalqiga koʻrsatgan muruvvati tufayli hammaning koʻngli shodlikka toʻlgan edi.
11Sulaymon Egamizning uyini ham, oʻzining saroyini ham qurib boʻldi. Moʻljallangan hamma yumushlarni muvaffaqiyat bilan tamom qildi.
Xudo Sulaymonga zohir boʻladi
12Keyin Egamiz kechasi Sulaymonga zohir boʻlib, unga aytdi:
“Menga qilgan iltijolaringni eshitdim, bu uyni Oʻzimga qurbonliklar keltiriladigan joy qilib tanladim. 13Yomgʻir yogʻmasin deb, osmonni berkitganimda, yoki chigirtkalarga#7:13 chigirtkalar — 6:28 ning ikkinchi izohiga qarang., yer yuzini yeb bitiringlar deb, amr berganimda, yoxud xalqimning orasiga oʻlat kasalini yuborganimda, 14Mening nomim bilan atalgan xalqim tavba qilib, Menga iltijo qilsa, Menga yuz burib qabih yoʻllaridan qaytsa, Men osmondan turib ularning iltijolarini eshitaman, gunohlarini kechirib, yurtiga shifo beraman. 15Endi sizlarga nazarimni solaman, bu joyda qilgan ibodatlaringizga quloq tutaman. 16Men to abad ulugʻlanishim uchun bu uyni tanlab, muqaddas qildim. Bu uydan koʻzimni uzmayman, qalbim u yerni maskan qiladi.
17Agar sen Mening oldimda otang Dovud kabi yursang, Men amr etgan hamma farmonlarimni ijro etsang, qonun–qoidalarimni mahkam tutsang, 18shohlik taxtingni abadiy mustahkam qilaman. Shunda otang Dovud bilan tuzgan ahdim, unga: «Sening naslingdan boʻlgan erkak zoti to abad Isroilda hukmronlik qiladi», deb aytgan gaplarim#7:18 unga…aytgan gaplarim — 2 Shohlar 7:12-16 ga qarang. amalga oshadi. 19Bordi–yu, sen va sening nasling yoʻlimdan qaytsangiz, bergan amr va farmonlarimni tark etsangiz, borib boshqa xudolarga xizmat qilsangiz, ularga topinsangiz, 20sizlarni Oʻzim bergan yurtdan qoʻporib tashlayman. Ulugʻlanishim uchun muqaddas qilgan bu uyni tark etaman. Ana oʻshanda bu uy hammaning ogʻzida duv–duv gap boʻladi, hamma xalqlar uyimni masxara qiladi. 21Hozir ajoyib boʻlib turgan uyning yonidan oʻtganlar dahshatga tushadilar:
— Nimaga ularning Egasi bu yurtni va bu uyni mana shu ahvolga soldi ekan–a? — deydigan boʻladilar. 22Soʻng yana oʻzlari shunday xulosa chiqaradilar:
— Eha, ular ota–bobolarini Misr yurtidan olib chiqqan Egasi Xudodan yuz oʻgirdilar–ku! Boshqa xudolarga ergashib, oʻsha xudolarga topinib, xizmat qildilar–ku! Qilmishlariga yarasha oʻzlarining Egasi ularning boshiga shu koʻrgiliklarni solibdi–da.”

Currently Selected:

2 Solnomalar 7: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in