YouVersion Logo
Search Icon

3 Shohlar 19

19
19–BOB
Ilyos Sinay togʻida
1Axab Ilyos qilgan hamma ishlarni, barcha paygʻambarlarni qanday qilib qilichdan oʻtkazganini Izabelga aytib berdi. 2Izabel Ilyosga chopar orqali shu xabarni yetkazdi: “Paygʻambarlarning jonini qanday olgan boʻlsang, ertaga shu vaqtda men ham sening joningni olmasam, xudolar meni har qanday jazoga mubtalo qilsin, undan ham battarrogʻiga duchor qilsin.” 3Ilyos bu xabarni eshitdi–yu, oʻrnidan turib, jonini qutqarish umidida Yahudoning Bersheba shahri#19:3 Bersheba shahri — Yahudoning eng janubidagi shahar, Yizrildan qariyb 210 kilometr janubda joylashgan. tomon yoʻl oldi. Xizmatkorini oʻsha shaharda qoldirib, 4yolgʻiz oʻzi choʻlda bir kun yoʻl yurdi. Nihoyat, bir yulgʻun daraxti ostiga kelib oʻtirdi. Oʻziga oʻzi oʻlim tilab:
— Yetar, ey Egam! — deb xitob qildi u, — endi jonimni ola qol. Axir, ota–bobolarimdan mening ortiq joyim yoʻq.
5Ilyos yulgʻun ostida yotib uxlab qoldi. Bir payt farishta uni turtib: “Tur, taom yeb ol”, — dedi. 6Ilyos turib qarasa, bosh tomonida issiq tosh ustida pishgan non, koʻzada suv turibdi. U yeb–ichib boʻlib, yana yotdi.
7Egamizning farishtasi ikkinchi dafʼa qaytib keldi va Ilyosga tegib: “Tur, taom yeb ol, oldingda hali uzoq yoʻl turibdi”, dedi. 8Ilyos oʻrnidan turib yeb–ichib oldi. Taomning quvvati bilan qirq kechayu qirq kunduz yoʻl yurib, Xudoning togʻi Sinayga#19:8 Sinay — ibroniycha matnda Xorev, Sinay togʻining yana bir nomi. yetib keldi. 9Ilyos Sinay togʻidagi bir gʻorga kirib, oʻsha yerda tunadi. Bir payt Egamiz undan: “Ey Ilyos, bu yerlarda nima qilib yuribsan?” deb soʻradi.
10— Ey Parvardigori Olam — Egam, Sen uchun koʻp jon kuydirgan edim, — dedi Ilyos. — Chunki Isroil xalqi Sen bilan qilgan ahddan qaytdi, qurbongohlaringni buzdi, paygʻambarlaringni qilichdan oʻtkazdi. Ey Egam, Sening paygʻambarlaringdan yolgʻiz men qoldim, xolos. Endi jonimni olish uchun meni ham qidirib yuribdilar.
11— Chiq, togʻda Mening roʻparamda tur, yoningdan oʻtaman, — dedi Egamiz unga.
Egamiz oʻtayotganda, qudratli boʻron togʻlarni yorib, qoyalarni parcha–parcha qilib tashladi, lekin Egamiz boʻron ichida emasdi. Shamoldan soʻng zilzila boʻldi, lekin Egamiz zilzilada ham emasdi. 12Zilziladan soʻng esa alanga koʻtarildi. Biroq Egamiz alanga ichida ham emas ekan. Alangadan keyin esa mayin shabada tovushi eshitildi. 13Ilyos bu tovushni eshitib, yuzini chakmoni bilan berkitib oldi. Tashqariga chiqib, gʻorning ogʻzida turdi. Shunda yana: “Ilyos, bu yerda nima qilib turibsan?” degan sado keldi.
14— Ey Parvardigori Olam — Egam, men Sen uchun koʻp jon kuydirgan edim, — dedi Ilyos. — Isroil xalqi Sen bilan qilgan ahddan qaytdi, qurbongohlaringni buzdi, paygʻambarlaringni qilichdan oʻtkazdi. Egamning paygʻambarlaridan yolgʻiz men qoldim, xolos. Endi jonimni olish uchun meni ham qidirib yuribdilar.
15Egamiz unga aytdi:
— Sen kelgan yoʻlingdan orqaga qayt. Damashq yaqinidagi sahroga bor. U yerga borganingdan keyin, Xazayilning boshiga moy surt, u Oram yurtining shohi boʻlsin. 16Nimshi oʻgʻli Yohuning#19:16 Nimshi oʻgʻli Yohu — aslida Yohu Nimshining nabirasi edi (4 Shohlar 9:2 ga qarang). Ibroniychada oʻgʻil soʻzi nasl maʼnosida ham ishlatiladi. boshiga ham moy surt, u Isroilning shohi boʻlsin. Ovil–Maxlalik Shofot oʻgʻli Elishayning boshiga ham moy surt, u sening oʻrningga paygʻambar boʻladi. 17Xazayilning qilichidan qochib qutulganni Yohu oʻldiradi, Yohuning qilichidan qochib qutulganni Elishay oʻldiradi. 18Men Isroil xalqidan yetti ming odamni qoldiraman, ular Baal oldida tiz choʻkmagan, birortasi ham Baalni oʻpmagan.
Elishay
19Ilyos u yerdan ketib, Shofot oʻgʻli Elishayni topdi. U oʻn ikki juft hoʻkiz bilan yer haydayotganlarning orasida boʻlib, oʻn ikkinchi juft hoʻkizni haydab ketayotgan edi. Ilyos Elishayning yonidan oʻtayotib, chakmonini uning ustiga tashladi#19:19 …chakmonini uning ustiga tashladi — bu harakat Ilyos Elishayni oʻziga ergashtirib, paygʻambar boʻlishga chorlayotganining belgisi edi.. 20Elishay hoʻkizlarini qoldirib, Ilyosning orqasidan yugurib bordi.
— Ijozat ber, borib, ota–onamni oʻpib xayrlashib kelay, keyin orqangdan yetib boraman, — dedi u Ilyosga.
Ilyos Elishayga dedi:
— Bor, lekin men senga qilganimni oʻylab koʻr!
21Elishay Ilyosning yonidan qaytib borib, oʻzining bir juft hoʻkizini soʻydi. Omoch–boʻyinturuqlarini yoqib, hoʻkizlarning goʻshtini pishirib, odamlarga berdi. Odamlar goʻshtni yeb boʻlgach, Elishay Ilyosning ortidan joʻnadi va unga xizmat qila boshladi.

Currently Selected:

3 Shohlar 19: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in