YouVersion Logo
Search Icon

1 Solnomalar 16

16
16–BOB
1Levilar Xudoning Sandigʻini Dovud maxsus tayyorlagan chodirning ichkarisiga olib kirib qoʻydilar. Keyin Xudoga kuydiriladigan qurbonliklarni va tinchlik qurbonliklarini keltirdilar. 2Dovud qurbonliklar qilib boʻlgandan keyin, Egamizning nomidan xalqni duo qildi. 3Soʻng Isroil jamoasidagi har bir odamga — erkagu ayolga, bir donadan gardish non, bir hovuchdan xurmo#16:3 xurmo — yoki bir parcha goʻsht. va bir hovuchdan mayiz#16:3 …bir hovuchdan xurmo va bir hovuchdan mayiz… — qadimgi paytlarda odamlar xurmo va uzumlarni quritgandan keyin, qoqilarni hovuchlarida qattiq siqib, dumaloq shakl berganlar. Shu tariqa qoqilar uzoq vaqt saqlangan va kundalik isteʼmol qilinadigan yegulik boʻlgan. tarqatdi.
4U levilardan baʼzilarini Egamizning Sandigʻi oldida xizmat qilish uchun tayinladi. Ular Isroil xalqining Xudosi — Egamizni ulugʻlab, Unga shukronalar aytishlari va madhiyalar kuylashlari kerak edi. 5Osif ularning rahnamosi edi, uning yordamchilari esa Zakariyo, Yaviyol, Shamiromoʻt, Yoxiyol, Mattitiyo, Eliyob, Binayo, Obidadom va Yaviyol edilar. Ular arfa va lira cholgʻuvchilari, Osifning oʻzi zil cholgʻuvchisi, 6ruhoniylar Binayo bilan Yaxaziyol esa karnay cholgʻuvchilari boʻlib, ular har kuni Xudoning Ahd sandigʻi oldida musiqa asboblarini chalishlari kerak edi.
Dovudning shukrona qoʻshigʻi
7Oʻsha kuni Dovud birinchi marta Osif bilan uning qarindoshlari zimmasiga Egamizga hamdu sanolar aytish masʼuliyatini yuklagan edi.
8Egamizga shukur ayting, Unga sajda qiling,
Boshqa xalqlar orasida Uning ishlarini bildiring.
9Tarannum qilib Uni, hamdu sano ila qoʻshiq ayting,
Uning jamiki ajoyib ishlarini soʻzlab bering.
10Egamizning muqaddas nomi ila faxrlaning,
Egamizga yuz burganlarning qalbi shodlikka toʻlsin.
11Qudratli Egamizga yuz buring!
Uning huzurida boʻlishga intiling.
12-13Ey sizlar, Egamizning quli Isroil#16:12-13 Isroil — Yoqubning yana bir ismi (Ibtido 32:27-28 ga qarang). nasli,
Ey Yoqub oʻgʻillari — Egamizning tanlaganlari,
Egamiz qilgan ajoyibotlarini esda tuting,
Uning moʻjizalarini, chiqargan hukmlarini unutmang.
14U Egamiz Xudodir,
U butun yer yuzini adolatli hukm qiladi.
15Shunday ekan, Uning ahdini doimo yodda tuting,
Minglab nasllar osha vaʼdasini unutmang.
16Egamizning Ibrohim bilan qilgan ahdiga rioya qiling,
Isʼhoqqa qasam ichib bergan vaʼdasiga sodiq qoling.
17Egamiz bu ahdni Yoqubga berdi,
Ha, Isroil bilan abadiy ahd qilib shunday dedi#16:17 …shunday dedi… — Ibtido 12:7, 17:8, 26:3, 28:13 ga qarang.:
18“Kanʼon yurtini senga beraman,
Uni oʻzingga abadiy mulk qilib olasan.”
19Oʻsha vaqtda ularning soni kam edi,
Ha, juda kamchilik edilar.
Ular bu yurtga kelgindi edi.
20Kezardi bir xalq orasidan boshqasiga,
Bir shohlikdan boshqa yurtga.
21Egamiz hech kimga ularni ezishlariga yoʻl qoʻymadi,
Ularni deb shohlarga tanbeh berdi.
22Aytdiki: “Men tanlaganlarga tegmanglar,
Paygʻambarlarimga#16:22 Paygʻambarlarim — Ibrohim, Isʼhoq, Yoqubga ishora (Ibtido 20:7 ga qarang). zarar keltirmanglar.”
23Ey olam, Egamizni tarannum eting!
Har kuni Uning najotidan soʻylang.
24Eʼlon qiling elatlar orasida Uning shuhratini,
Jamiki xalqlar orasida Uning ajoyibotlarini.
25Egamiz buyukdir, koʻp maqtovga loyiqdir,
Jamiki xudolardan U izzatlidir.
26Zotan, xalqlarning hamma xudolari butlardir,
Egamiz esa samolarni yaratgandir.
27Shuhratu ulugʻvorlik Uning huzuridadir,
Qudratu shodlik Uning maskanidadir.
28Egamizga hamdlar ayting, ey zamin xalqlari!
Egamizning qudratiyu shuhratiga hamdlar oʻqing!
29Egamizning sharafiga hamdlar oʻqing!
Nazrlar keltirib, Uning huzuriga kiring!
Muqaddas ulugʻvorlikka burkangan Egamizga sajda qiling!#16:29 Muqaddas ulugʻvorlikka burkangan Egamizga sajda qiling! — yoki Muqaddas maskanining ulugʻvorligida Egamizga sajda qiling! yoxud Muqaddas liboslarda Egamizga sajda qiling!
30Ey zamin ahli, Uning oldida titrab turing!
Olam mustahkam oʻrnashgan, hech qachon tebranmaydi.
31Samolar shod boʻlsin, zamin quvonsin,
Elatlar orasida aytishsin: “Egamiz Shohdir!”
32Dengizu undagi hamma jonzot guvullasin.
Dalalaru undagi har narsa sevinch ila joʻshsin,
33Oʻrmondagi daraxtlar shodlikdan qoʻshiq aytsin.
Egamiz oldida ular qoʻshiq aytar,
Ana, Zaminni boshqarmoq uchun U kelayotir.
34Egamizga shukrona ayting, U yaxshidir!
Uning sodiq sevgisi abadiydir.
35Yana shunday deb aytinglar:
“Ey najotkorimiz Xudo, bizlarni qutqar,
Bizni xalqlardan xalos qil,
Ularning orasidan toʻplab ol.
Oʻzing muqaddassan, Senga shukur aytaylik,
Madhga loyiq ishlaring bilan faxrlanaylik.
36Isroil xalqining Xudosi — Egamizga
To abad olqishlar boʻlsin.”
Shundan keyin jamiki xalq: “Omin!” deb Egamizga hamdu sanolar aytdi.
Dovud Quddus va Givonda sajda qilishni yoʻlga qoʻyadi
37Dovud Osifni va uning qarindoshlarini Egamizning Ahd sandigʻi oldidagi doimiy xizmatga tayinladi. Ular har kuni oʻsha yerda oʻz vazifalarini bajarar edilar. 38Ularga bu xizmatda Obidadom va uning oltmish sakkizta qarindoshi yordam berishlari kerak edi. Yodutun oʻgʻli Obidadom va Xoʻsax darvozabon edilar. 39Dovud ruhoniy Zodoʻxni va uning ruhoniy qarindoshlarini Givondagi sajdagohda#16:39 Givondagi sajdagoh — Quddusdan qariyb 6 kilometr shimoli–gʻarbda joylashgan. Oʻsha davrda Ahd sandigʻi Quddus shahrida, Dovud tomonidan oʻrnatilgan maxsus chodirda saqlanar edi (15:1 ga va shu bobning 1–oyatiga qarang). Muqaddas chodir va qurbonlik kuydiriladigan qurbongoh esa Givonda joylashgan edi., Egamizning Muqaddas chodirida xizmat qilishga tayinladi. 40Ular, Egamizning Isroil xalqiga bergan qonuniga muvofiq, har kuni ertalab va kechqurun qurbongoh ustida qurbonliklar kuydirishlari lozim edi. 41Ularning yonida Xaman, Yodutun va nomma–nom aytib tanlangan boshqa odamlar ham xizmat qilib, Egamizga: “Uning sodiq sevgisi abadiydir”, deya hamdu sano aytishlari kerak edi. 42Xaman bilan Yodutun hamdu sanoning kuyi uchun masʼul boʻlib, karnay, zil va boshqa musiqa asboblarini chalishlari kerak edi. Yodutunning oʻgʻillari darvozabon qilib tayinlangan edi.
43Shundan keyin hamma odamlar uylariga qaytib ketdilar, Dovud ham oʻz oilasini duo qilgani uyiga qaytdi.

Currently Selected:

1 Solnomalar 16: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in