YouVersion Logo
Search Icon

1 Solnomalar 15

15
15–BOB
Ahd sandigʻini olib kelishga tayyorgarlik
1Dovud oʻzi uchun Dovud qalʼasida uylar barpo qildi. Xudoning Sandigʻi uchun ham joy tayyorlab, chodir qurdi. 2Keyin u shunday amr berdi: “Xudoning Sandigʻini faqat levilar koʻtarib yursin. Zero, Egamiz Oʻz Sandigʻini koʻtarib yurish uchun levilarni tanlagandir. Ularni Oʻziga abadiy xizmat qilish uchun tanlab olgandir.”
3Dovud oʻzi tayyorlagan joyga Egamizning Sandigʻini olib kelish uchun jamiki Isroil xalqini Quddusda toʻpladi. 4Soʻngra quyidagi Horun naslini va levilarni yigʻdi:
5Qohot naslidan — urugʻboshi Uriyol va u bilan birga uning 120 nafar qarindoshi,
6Marori naslidan — urugʻboshi Osoyoh va u bilan birga 220 nafar qarindoshi,
7Gershon naslidan — urugʻboshi Yoʻel va u bilan birga 130 nafar qarindoshi,
8Elizofon naslidan — urugʻboshi Shamayo va u bilan birga 200 nafar qarindoshi,
9Xevron naslidan — urugʻboshi Eliyol va u bilan birga 80 nafar qarindoshi,
10Uziyol naslidan — urugʻboshi Ominadav va u bilan birga 112 nafar qarindoshi.
11Dovud ikkala ruhoniyni — Zodoʻx bilan Abuatarni, levilardan Uriyol, Osoyoh, Yoʻel, Shamayo, Eliyol va Ominadavni chaqirib, 12ularga dedi: “Sizlar Levi qabilasining urugʻboshilarisiz. Shunday ekan, Isroil xalqining Xudosi — Egamizning Sandigʻini men tayyorlagan joyga olib kela olishingiz uchun oʻzlaringizni va levi birodarlaringizni poklanglar#15:12 …oʻzlaringizni va levi birodarlaringizni poklanglar — diniy xizmatni lozim darajada bajarishga monelik qiladigan nopoklikdan tozalanish marosimi nazarda tutilgan.. 13Oldingi safar Sandiqni levilar olib kelmagani uchun Egamiz Xudo bizdan qattiq gʻazablangan edi#15:13 Oldingi safar…Egamiz Xudo bizdan qattiq gʻazablangan edi — 13:7-10 oyatlarga va 13:10 izohiga qarang.. Ha, biz Undan Sandiqni qanday olib kelishimiz kerakligini soʻramagan edik.”
14Ruhoniylar va levilar Isroil xalqining Xudosi — Egamizning Sandigʻini olib kelish uchun oʻzlarini pokladilar. 15Ular Egamizning Muso orqali bergan amriga muvofiq#15:15 …Egamizning Muso orqali bergan amriga muvofiq… — Chiqish 25:12-15, Sahroda 4:5-6, 15 ga qarang., Xudoning Sandigʻini xodalar bilan yelkalariga ortib, koʻtarib ketdilar.
16Bulardan tashqari, Dovud Levi qabilasining urugʻboshilariga, qarindoshlaringiz orasidan sozandalarni tayinlang, deb buyurgan edi. Ular arfa, lira va zillarni chalib, bu musiqa asboblarining joʻrligida shodiyona qoʻshiqlar aytishlari kerak edi. 17Levilar Marori urugʻidan quyidagi sozandalarni tayinlagan edilar: Yoʻel oʻgʻli Xaman, Barxiyo oʻgʻli Osif va Qushayo oʻgʻli Etxan. 18Ularning yordamchilari qilib quyidagilar tayinlangan edi: Zakariyo, Yaziyol#15:18 …Zakariyo, Yaziyol… — baʼzi ibroniy qoʻlyozmalaridan va qadimiy yunoncha tarjimadan (yana shu bobning 20–oyatiga qarang). Ibroniycha matnda …Zakariyo, Ban, Yaziyol…., Shamiromoʻt, Yoxiyol, Unno, Eliyob, Binayo, Masiyo, Mattitiyo, Elifaleh, Mixniyo hamda darvozabonlar Obidadom va Yaviyol. 19Sozandalardan Xaman, Osif va Etxan bronza zillar chalishlari kerak edi. 20Zakariyo, Aziyol, Shamiromoʻt, Yoxiyol, Unno, Eliyob, Masiyo va Binayo arfalarni chalishlari kerak edi#15:20 …arfalarni chalishlari kerak edi — ibroniycha matnda …alamoʻtga muvofiq arfalarni chalishlari kerak edi. Ibroniychada “alamoʻt” soʻzi musiqiy termin boʻlishi mumkin.. 21Mattitiyo, Elifaleh, Mixniyo, Obidadom, Yaviyol va Ozaziyo esa sakkiz torli liralarni chalib, kuy ijrosida yetakchilik qilishlari kerak edi.
22Levilarning boshligʻi Xonaniyo mohir sozanda boʻlgani uchun uni qoʻshiqchilar rahbari qilib tayinlagan edilar. 23-24Ahd sandigʻini qoʻriqlash uchun Barxiyo, Elqana, Obidadom va Yoxiyo tayinlangan edilar. Ruhoniylar Shabaniyo, Yoshafat, Natanil, Emosay, Zakariyo, Binayo va Eliazar Xudoning Sandigʻi oldida karnaylar chalib borishlari kerak edi.
Ahd sandigʻi Quddusga keltiriladi
25Dovud, Isroil oqsoqollari va mingboshilar Egamizning Ahd sandigʻini Obidadomning uyidan olib kelish uchun katta tantana bilan ketdilar. 26Ahd sandigʻini koʻtarib kelayotgan levilarga Xudoning Oʻzi yordam berdi. Shu sababdan ular yettita buqa va yettita qoʻyni qurbonlik qildilar. 27Sandiqni koʻtarib kelayotgan barcha levilar, qoʻshiqchilar va qoʻshiqchilar rahbari Xonaniyo singari, Dovud ham mayin zigʻirdan toʻqilgan rido kiyib olgan edi. Dovud ridodan tashqari ruhoniylarning muqaddas libosini#15:27 ruhoniylarning muqaddas libosi — ibroniycha matnda zigʻir matosidan tikilgan efod, yaʼni ruhoniylar kiyib yuradigan libos. ham kiygan edi. 28Shunday qilib, butun Isroil xalqi sevinchli xitoblar bilan, arfa va lira kuylari hamda burgʻu, karnay, zillar sadolari ostida Egamizning Ahd sandigʻini olib keldi.
29Ular Egamizning Sandigʻini Dovud qalʼasiga olib kirishayotganda, Shoulning qizi Mixal#15:29 Mixal — Dovudning xotinlaridan biri (1 Shohlar 18:20-27 ga qarang). derazadan qarab turgan edi. U sakrab oʻynayotgan shoh Dovudni koʻrdi–yu, oʻz koʻnglida uni past koʻrdi.

Currently Selected:

1 Solnomalar 15: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in