Bu yerda hozir boʻlgan ruhoniylarning hammasi, qaysi guruhga qarashli boʻlishidan qatʼi nazar, oʻzlarini poklagan edilar. Jamiki levi sozandalari — Osif, Xaman, Yodutun, ularning oʻgʻillari va qarindoshlari mayin zigʻir matosidan tikilgan liboslarni kiyib olgan edilar. Levilar zil, arfa va liralarni koʻtarib qurbongohning sharq tomonida turdilar. Ularning yonidan karnay chaladigan 120 nafar ruhoniy joy oldi. Sozandalaru karnaychilar joʻr boʻlib, Egamizga hamdu sano va shukrona aytar edilar. Karnay, zil va boshqa sozlar joʻrligida qoʻshiqchilar Egamizga shunday hamdu sano kuylar edilar:
“Egamiz yaxshidir,
Uning sodiq sevgisi abadiydir.”
Ruhoniylar Muqaddas xonadan chiqib ketayotganlarida, birdaniga Xudoning uyini bulut qoplab, Egamizning ulugʻvorligi uyni toʻldirdi. Shuning uchun ruhoniylar oʻz xizmatini davom ettira olmadilar.