YouVersion Logo
Search Icon

Ishayo 1

1
1–BOB
1Omiz oʻgʻli Ishayoning Yahudo#1:1 Yahudo — Yahudo qabilasi Isroilning janubiy qismidagi eng katta qabila edi. Shoh Sulaymon vafotidan keyin shimoldagi oʻnta qabila janubdagi Yahudo va Benyamin qabilalaridan ajralib chiqdi (3 Shohlar 11:26-12:24 ga qarang). Yahudo va Benyamin qabilalari janubiy shohlik deb ataladigan boʻldi. Janubiy shohlikning poytaxti Quddus boʻlib qolaverdi, ularning oʻz hukmdorlari bor edi. Eski Ahdning baʼzi parchalarida Yahudo soʻzi janubdagi ikkala qabilaga nisbatan ishlatilgan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi YAHUDO soʻziga qarang. hamda Quddusga oid bashorati. Bu davrlarda Yahudoda Uzziyo, Yoʻtom, Oxoz va Hizqiyo kabi shohlar hukmronlik qilardi#1:1 Yahudoda…hukmronlik qilardi — Uzziyo miloddan oldingi 781-740 yillarda, Yoʻtom miloddan oldingi 742-735 yillarda, Oxoz miloddan oldingi 735-715 yillarda va Hizqiyo miloddan oldingi 716-687 yillarda hukmronlik qilgan..
Xudo Oʻz xalqiga taʼna qiladi
2Eshiting, ey samolar, tingla, ey zamin,
Shudir Egamizning kalomi:
“Bino qildim bolalarni#1:2 bolalar — Isroil xalqi nazarda tutilgan., ulgʻaytirdim ularni,
Ammo ular isyon qildilar Menga.
3Hoʻkiz biladi oʻz egasini,
Hatto eshak bilar kim uni boqishini,
Ammo xalqim Isroil bilmaydi,
Ular tushunmaydi Men, oʻz Egasini.”
4Eh, gunohkor elat, aybi muqarrar xalq,
Eh, qabih nasllar!
Nomussizlarcha ish qilar bu bolalar,
Eh, Egamizni tark etgan ular,
Isroil xalqining Muqaddas Xudosiga
Shakkoklik qilgan,
Egamizga orqa oʻgirgan ular!
5Egam aytar: “Nega yana muncha kaltak istaysiz?!
Ne uchun isyonni davom ettirasiz?!
Yaralangan butun bosh,
Madordan ketgan butun yurak.
6Boshdan–oyoq sogʻ joyi yoʻq,
Yiring ila qoplangan, koʻkarib ketgan,
Yaralaridan qon oqib yotar,
Tozalanmagan, bogʻlanmagan, moy surtilmagan#1:6 …moy surtilmagan — zaytun moyi nazarda tutilgan. Qadimgi paytlarda zaytun moyi malham sifatida ishlatilardi. U ogʻriq qoldirib, terini qurib ketishdan saqlar edi..
7Vayronalar ichra yotar yurtingiz,
Olovda yonib ketgan shaharlaringiz!
Oldingizda yeringizni
Yeb bitirar kelgindilar,
Begonalar yurtingizni vayron qilar#1:7 …vayron qilar — bu yerda qoʻllangan ibroniycha soʻz Eski Ahdning boshqa joylarida Sadoʻm va Gʻamoʻraning halokatiga nisbatan ishlatilgan (shu bobning 9–oyatiga va oʻsha oyatning izohiga qarang)..
8Ammo aziz Quddus#1:8 Quddus — ibroniycha matnda Sion (shu bobning 27–oyatida ham bor). Eski Ahddagi sheʼriy parchalarda va paygʻambarlar bitiklarida Sion soʻzi koʻpincha Quddus shahriga yoki Xudoning xalqiga nisbatan ishlatilgan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SION soʻziga qarang.
Qamal qilinganday boʻlar,
U oʻxshab qolar
Uzumzordagi yolgʻiz chaylaga,
Polizda tikkaygan kapaga.”
9Agarda Sarvari Olam
Qoldirmaganda edi besh–oltitamizni,
Sadoʻm shahrining holiga tushar edik,
Gʻamoʻra shahriday#1:9 Sadoʻm shahri…Gʻamoʻra shahri — aholisining oʻta buzuqligi oqibatida Egamiz vayron qilgan ikkita shahar (Ibtido 18:16-19:28 ga qarang). xonavayron boʻlardik.
10Egamizning kalomini eshiting,
Sadoʻm yoʻlboshchilarining izdoshlari!
Xudoyimizning oʻgitiga quloq soling,
Gʻamoʻra xalqining sheriklari!
11“Nima keragi bor Menga?!
Koʻplab qurbonligingiz?!
Toʻyib ketdim endi
Kuydirilgan qoʻchqorlar nazridan,
Boʻrdoqi yogʻlaridan,
— deb aytmoqda Egamiz. —
Menga xush kelmadi buqalarning,
Qoʻzilar va echkilarning qoni.
12Huzurimda hozir boʻlganingizda,
Muqaddas Hovlimni bulgʻasin, deb kim aytdi?
Bularni sizlardan kim soʻradi?!
13Endi soxta nazrlar qilmanglar Menga,
Tutatqingiz ham Menga jirkanchdir!
Toqat qilmasman endi
Chorlovlaringizga, fosiq yigʻiningizga,
Yangi oy shodiyonasiyu Shabbat kuningizga.
14Nafratlandim yangi oy shodiyonangizdan
Hamda «muqaddas» kunlaringizdan.
Bular Menga ogʻir yuk boʻldi,
Toliqqanman bularni koʻtarishdan.
15Hatto koʻp ibodat qilganingizda ham,
Eshitmasman Men sizlarni.
Menga ochganingizda qoʻllaringizni,
Sizlardan yashiraman Men koʻzlarimni.
Qoʻllaringiz qonga botgandir.
16Poklang, tozalang oʻzingizni.
Koʻz oldimdan yoʻqoting
Qabih qilmishlaringizni.
Qabihlikni endi bas qiling!
17Oʻrganing ezgulik qilishni,
Adolatni izlang,
Yoʻlga soling zolimni#1:17 …Yoʻlga soling zolimni… — yoki …Ezilganlarni qutqaring….,
Himoya qiling yetimni,
Beva haqi uchun kurashing.”
18Egamizning kalomi shudir:
“Qani, endi birgalashib oʻylaylik:
Gunohlaringiz qizil rangga oʻxshasa ham,
Sizlar qorday oppoq boʻlasiz.
Gunohlaringiz qirmizi rangga oʻxshasa ham,
Sizlar momiqday oppoq boʻlasiz.
19Agar Menga itoat etsangiz chin koʻngildan,
Yeysiz, albatta zaminning sara hosilidan.
20Ammo rad etib, Menga boʻysunmasangiz,
Qilichning damiga roʻpara boʻlgaysiz.”
Egamizning Oʻzi shunday deb aytdi.
Quddus xalqining sadoqatsizligi
21Ey Quddus! Qayerga gʻoyib boʻldi sening sadoqating?!
Qanday qilib fohishaga sen aylanding?!
Axir, oldinlari xalqing solihlikka, adolatga tashna edi!
Endi esa shahringda faqat qotillar qoldi!
22Sening kumushing toshqol#1:22 toshqol — metall eritilganda qoladigan qotishma. U chiqindi hisoblanadi va tashlab yuboriladi. boʻldi,
Sharobing suv bilan aralashdi.
23Ha, isyonkordir yoʻlboshchilaring,
Oʻgʻrilarga sherikdir ular.
Har biri porani sevar,
Hadyaning ortidan quvar.
Yetimni ular himoya qilmas,
Bevaning arzi ularga yetib bormas.
24Endi Isroil xalqining qudratli Xudosi,
Sarvari Olam — Rabbiy aytadi:
“Ha, dushmanlarimga gʻazabimni socharman,
Gʻanimlarimdan oʻch olib, tasalli toparman.
25Yana sizlarga qarshi qoʻl koʻtaraman.
Ishqor bilan tozalaganday,
Jamiki qorishmani yoʻq qilib,
Toshqollarni ajrataman.
26Azalda boʻlganiday
Odil hakamu maslahatchilarni beraman.
Shundan soʻng senga nom qoʻyilar:
«Solihlik shahri, Sadoqat shahri», deya.”
27Shunda Quddus adolat orqali qutqariladi,
Tavba qilganlar solihlik tufayli najot topadi.
28Isyonkoru gunohkorlar birga qiriladi,
Egamizdan voz kechganlar halok boʻladi.
29Sizlar sharmanda boʻlasiz
Oʻzingiz xush koʻrgan emanlar sababli.
Mana, uyalib qolasiz
Oʻzingiz tanlagan sajdagoh bogʻlar#1:29 …Oʻzingiz xush koʻrgan emanlar…Oʻzingiz tanlagan sajdagoh bogʻlar… — katta daraxtlar ostida va maxsus barpo qilingan bogʻlarda koʻpincha mahalliy xudolarga qurbonliklar keltirilardi. tufayli.
30Ha, sizlar oʻxshab qolasiz
Yaprogʻi qovjiragan emanga,
Hamda suvsiz qaqragan boqqa.
31Kuchlilar ham choʻpga oʻxshab qoladi.
Ishlari lov etgan olovga oʻxshaydi.
Oʻzlariyu ishlari birga yonib ketadi,
Hech kim bu olovni oʻchirolmaydi.

Currently Selected:

Ishayo 1: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in