YouVersion Logo
Search Icon

Rimliklar 6

6
6–BOB
Masih bilan oʻlib, tirilamiz
1Xoʻsh, nima deylik? Inoyat koʻpayaversin deb, gunoh qilishda davom etaveramizmi? Yoʻq, aslo! 2Biz gunoh uchun oʻlganmiz. Endi qanday qilib gunoh qilib yashayveramiz? 3Unutmanglar, choʻmdirilish orqali biz — Masihga tegishli boʻlganlar Uning oʻlimiga sherik boʻldik! 4Biz suvga choʻmdirilib, Masih bilan birga oʻldik va koʻmildik. Otamiz Xudoning ulugʻvor qudrati bilan Iso Masih oʻlikdan tirilganiday, biz ham yangi hayotga ega boʻlamiz. 5Biz choʻmdirilib, Iso Masihning oʻlimiga sherik boʻlgan boʻlsak, albatta Uning oʻlikdan tirilishiga ham sherik boʻlamiz.
6Biz bilamizki, eski oʻzligimiz Masih bilan birga xochga mixlangani uchun, gunohga berilgan bu vujudimiz yoʻq qilindi. Endi biz gunohga qul emasmiz. 7Axir, oʻlgan odam gunohning amri ostida emas–ku! 8Agar biz Masih bilan birga oʻlgan boʻlsak, U bilan yashashimizga ham ishonchimiz komil.
9Biz bilamizki, Masih oʻlikdan tirilgani uchun U endi boshqa oʻlmaydi, oʻlim endi Unga hokim boʻla olmaydi. 10Masih oʻlgani uchun gunoh endi Unga oʻz taʼsirini koʻrsata olmaydi, Uning yangi hayoti Xudoga shuhrat keltiradi. 11Shuning uchun sizlar oʻzingizni gunoh oldida oʻlik deb hisoblang. Endi Iso Masih tufayli Xudoga shuhrat keltirib yashashingiz kerak.
12Shunday qilib, endi gunoh sizlarning foniy tanalaringiz ustidan hokimlik qilmasin, xudbin istaklaringizga itoat etmanglar. 13Tanangizning hech bir aʼzosini yomonlik quroli qilib, gunohning izmiga topshirmanglar. Aksincha, oʻzingizni Xudoning izmiga topshiringlar, chunki sizlar oldin oʻlik edingizlar, endi esa yangi hayotga egasizlar. Sizlarning tanangiz Xudoning solihlik quroli boʻlsin. 14Gunoh sizlarning ustingizdan hukmron boʻlmaydi, chunki sizlar endi qonun ostida emas, balki inoyat panohidasizlar.
Solihlikka qul boʻlish haqida
15Xoʻsh, buyogʻi endi nima boʻladi? Qonun ostida emas, inoyat panohida boʻlganimiz uchun gunoh qilaveraylikmi? Yoʻq, aslo! 16Bilasizlar–ku, siz oʻzingizni itoatkor qul qilib kimning izmiga topshirsangizlar, oʻshaning quli boʻlasizlar. Sizlar kimga boʻysunasizlar? Oʻlimga olib boruvchi gunohgami yoki solihlikka yetaklovchi itoatkorlikkami? 17Ammo Xudoga shukurki, sizlar oldin gunohga qul boʻlsangiz ham, endi sizlarga oʻrgatilgan taʼlimotga sidqidildan amal qilyapsizlar. 18Sizlar endi gunohning changalidan ozod qilinib, solihlikning quli boʻlib qoldingizlar.
19Inson ongi zaif boʻlgani uchun men kundalik hayotdan misol keltirib gapiryapman. Sizlar bir vaqtlar aʼzoyi badaningizni ifloslik va qonunsizlikka topshirib, gunohga yanada chuqurroq botib ketgan edingiz. Endi esa oʻzingizni muqaddaslikka yetaklaydigan solihlikka qul qilib topshiring. 20Axir, gunohga qul boʻlgan paytingizda, toʻgʻri ishlar qilishga majbur emasdingiz. 21Oʻsha paytdagi qilmishlaringizning oqibati nima boʻldi?! Hozir ulardan uyalyapsiz, oʻsha qilmishlaringizning oqibati oʻlim–ku! 22Endi gunohdan ozod qilinib, Xudoning quli boʻlib qoldingiz. Buning natijasi muqaddaslik va abadiy hayotdir. 23Gunohning evazi — oʻlim, Xudoning inʼomi esa Rabbimiz Iso Masih orqali beriladigan abadiy hayotdir.

Currently Selected:

Rimliklar 6: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in