Zabur 93
93
93–SANO
1Ey Egam, Sen qasoskor Xudosan,
Ey qasoskor Xudo, nuringni soch!
2Qani, boʻl, ey yer yuzini hukm etguvchi,
Magʻrurlarning jazosini ber.
3Qachongacha fosiqlar tantana qilar?
Ey Egam, qachongacha?
4Ogʻizlaridan balandparvoz soʻzlar otilib chiqyapti–ku!
Hamma badkirdorlar maqtanyapti–ku!
5Ey Egam, ular xalqingni ezyapti,
Oʻzing tanlagan elatingga zulm qilyapti.
6Beva, musofirni ular oʻldiryapti,
Yetimlarni yoʻq qilyapti.
7Ular aytyapti: “Egamiz koʻrmas,
Yoqubning Xudosi eʼtibor bermas.”
8Tushunib oling, ey xalq orasidagi tentaklar.
Qachon sizlarga aql kirar, ey ahmoqlar?!
9Quloqni yaratgan eshitmaydimi?!
Koʻzni ato etgan koʻrmaydimi?!
10Xalqlarga tanbeh beruvchi jazolamaydimi?!
Uning Oʻzi insonga oʻrgatadi–ku!
11Egamiz insonning niyatini anglaydi,
Niyatlarimiz behudaligini biladi.
12Ey Egam, baxtlidir Sening tanbehingni olganlar,
Baxtlidir Sening qonuningdan oʻrganuvchilar.
13Yomon kunlardan ularni Sen omon saqlaysan.
Fosiq uchun chuqur qazilguncha ular omon boʻladilar.
14Ey Egam, Oʻz xalqingni tark etmaysan,
Oʻzing tanlagan elatingni tashlab qoʻymaysan.
15Hukmning asosi yana adolat boʻladi,
Jamiki pokdillar adolatni qoʻllab–quvatlaydi.
16Fosiqlardan kim meni himoya qiladi?
Badkirdorlarga qarshi kim men tomon boʻladi?
17Ey Egam, agarda Sen menga yordam bermaganingda,
Mening jonim tezda oʻlim sukunatiga choʻkardi.
18“Oyoqlarim qoqiladi”, deb oʻylaganimda,
Ey Egam, sodiq sevging meni qoʻlladi.
19Ichim xavotirga toʻlib ketganda,
Sen bergan tasalli menga quvonch keltirdi.
20Zolim hukmdorlar Xudoga sherik boʻlarmi?!
Axir, ular farmonlari bilan kulfat keltiradi–ku!
21Ular solihlarga qarshi birlashadi,
Gunohsizlarni oʻlimga mahkum etadi.
22Ammo Egam mening qalʼamdir,
Mening panoh qoyam Xudodir.
23Fosiqligi uchun Egamiz ularni qirib tashlaydi,
Gunohlari uchun jazosini beradi.
Ha, Egamiz Xudo ularni ildizidan quritadi.
Currently Selected:
Zabur 93: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020