YouVersion Logo
Search Icon

Zabur 90

90
90–SANO
1Xudoyi Taolo panohida yashaydiganlar
Qodir Xudo soyasida orom topar.
2Men Egamga shunday deyman:
“Sen panohimsan, qalʼamsan,
Men umid bogʻlagan Xudoyimsan.”
3Albatta U xalos etar seni ovchining tuzogʻidan,
Xalos etar seni qirgʻin keltiruvchi vabodan.
4Seni U qanotlari ostiga olar,
Uning panohida bexatar boʻlasan,
Sadoqati bilan senga qalqon, devor boʻlar.
5Shunda qoʻrqmaysan tunning vahimasidan,
Qoʻrqmaysan kunduzi uchgan oʻqdan,
6Zulmatda bildirmay keladigan vabodan,
Qoq peshinda qirgʻin keltiruvchi oʻlatdan.
7Mingtasi chap yoningda yiqilib qoladi,
Oʻn mingtasi oʻng yoningda yiqilib qoladi,
Ammo bu kulfatlar senga yaqin kelmaydi.
8Faqat koʻzlaringni och, shunda koʻrasan
Fosiqning qanday jazo olganini.
9-10Agar Egamizni panohing qilsang,
Boshingga biron baxtsizlik kelmas.
Xudoyi Taoloni qoʻrgʻoning qilsang,
Biron falokat chodiringga yoʻlamas.
11U sen toʻgʻringda farishtalariga amr beradi,
Farishtalar hamma yoʻllaringni qoʻriqlaydi.
12Oyogʻing toshga qoqilib ketmasin deya,
Farishtalar qoʻllarida seni koʻtarib boradi.
13Sher va zaharli ilon#90:13 Sher va zaharli ilon — Isroil xalqining dushmanlariga ishora qilayotgan koʻchma maʼnodagi ibora. ustidan bosib oʻtasan,
Yirtqich sher, ilonni oyogʻing bilan ezasan.
14Egamiz shunday deydi:
“U Meni yaxshi koʻrgani uchun
Men uni qutqaraman.
Meni bilgani uchun
Men uni himoya qilaman.
15U iltijo qilganda Men javob beraman,
Ogʻir kunlarida u bilan birga boʻlaman,
Uni qutqarib, unga izzat koʻrsataman.
16Uzoq umr berib, uni mamnun qilaman,
Unga najot beraman.”

Currently Selected:

Zabur 90: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in